“Millatning yomoni bo’lmaydi, odamning yomoni bo’ladi”


“Millatning yomoni bo’lmaydi, odamning yomoni bo’ladi”

“Millatning yomoni bo’lmaydi, odamning yomoni bo’ladi”

Qirg’izistondagi mesxet turklari anchagina katta milliy jamoalardan biri hisoblanadi. Qishloq xo’jaligi, xususan chorvadorlikda mohir ustalar.

O’shdagi turklar milliy-madaniy markazi rahbari Kamol Qarayev tarixdan so’z ochadi.

“Qirg’iz diyoriga turklar 1944 yili Stalin repressiyasi oqibatida kelib qolgan. Gruziyaning yetti tumanidan ja’mi 89 ming odam surgun qilingan bo’lsa, 40 mingi Qozog’istonga yuborilgan, 30 mingga yaqini O’zbekistonga va 16 ming turk Qirg’izistonda boshpana topgan. To’rt mingga yaqin turklar O’sh viloyatida joylashtirilgan”, - deydi u.

Turk milliy-madaniy markazi millatdoshlar orasida hurmat-e’tiborga sazovor. Markaz milliy madaniyat va urf-odatlarni saqlab qolishda jonbozlik ko’rsatadi.

“Markaz 1996 yili tashkil topgan. O’sh voliyat Qirg’iziston Xalq Assambleyasining a’zosi. O’lka bo’yicha 60 mingga yaqin turklar istiqomat qiladi. O’sh viloyatida esa hozirda 15 mingdan ziyod turklar yashamoqda. Ular hayotning turli jabhalarida xizmat ko’rsatadi”, - deydi Kamol Qarayev.

Qirg’izistonlik turklar mahalliy xalqlar tillarida erkin so’zlashadi, quda-andachilik qilishadi. Yoshlari qirg’iz, o’zbek va rus maktablarida ta’lim olishga odatlangan bo’lib, ona til esa asosan uyda, oila sharoitida o’rganiladi va qo’llaniladi.

“Masalan, turklarimiz qirg’iz millati ko’pchilik yashagan joylarda qirg’iz tilida ta’lim oladi. Shaharlarda rus tilida o’qiydi. Biznikilar har xil tillarda ta’lim olgan va olishmoqda. Hozir turklar ko’proq istiqomat qilayotgan joylarda birinchi sinfdan beshinchi sinfgacha va beshinchi sinfdan 10-sinfgacha o’quvchilar ro’yxatini tuzayapmiz. Ularga haftada bir-ikki soat turk tili o’rgatish rejalarimiz bor”, - deydi turk yetakchisi Kamol Qarayev.

Uzoq yillar davomida mahalliy turklar o’zini quvg’in xalqday sezib kelgan. Mustaqillik yillarigina ular o’zga yurtlardagi millatdoshlar bilan aloqa o’rnatgan.

Ayniqsa, Turkiya Respublikasi bilan bordi-keldi kuchaymoqda. O’lkadagi turk korxonalari xodimlari orasida ham ko’plab mahalliy turklarni uchratish mumkin.

Kamol Qarayevning aytishicha, minglab qirg’izistonlik yoshlar, jumladan turk yoshlari Turkiyada bepul ta’lim olgan va olayotir. Yaqinda Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’anning Qirg’izistonga safari paytida undan talabalar sonini oshirish iltimos qilingan.

“Qancha ko’p yoshlarimiz taraqqiy etgan mamlakatlarda bilim olsa va vatanda o’z bilimlarini ishlatsa, o’lka uchun shuncha yaxshi bo’lardi”, - deydi suhbatdosh.

Qirg’izistondagi turk jamoasi mamlakatda tinchlik, osoyishtalik va totuvlik barqaror topishi uchun o’z hissasini qo’shmoqda, deydi Qirg’iziston Xalq Assambleyasi xodimlari.

O’sh viloyat turk milliy-madaniy markazi ushbu Assambleya tarkibida faoliyat yuritadi.

XS
SM
MD
LG