Rossiyaga ishga borish - til, haq va yordamchi idora


Rossiyaga ishga borish - til, haq va yordamchi idora

Rossiyaga ishga borish - til, haq va yordamchi idora

Xalqaro migratsiya tashkiloti Qirg’izistonning O’sh shahrida xorijga yo’l olayotgan mehnat muhojirlariga ko’mak ko’rsatuvchi markaz ochdi.

Taxminlarga ko'ra, bu davlat aholisining kamida o’ndan bir qismi chet elda mavsumiy mehnat bilan band. Huquqiy savodsizlik, turli vositachilar xizmatidan foydalanish oqibatida ular vatandan olisda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’izistondan xorijga ishlash uchun yo’l olayotgan fuqarolarning ko’pi janubdan. O’shlik Nilufar opa har bahordan kech kuzgacha Rossiyada turli yumush bajaradi. U mehnat muhojirlari muammolaridan yaxshi xabardor.

“Bizdan ketayotgan mehnat muhojirlari muammosi shundaki – ular o’z huquqlarini bilmaydi. Demak, maoshlarini olishda ham qiynaladi. Boshqa ijtimoiy muammolar – sog’liqni saqlash, o’zini himoya qilish masalalari ham savol ostida, sababi odam bu narsalarni talab qila olmaydi".

"Masalan, Rossiyaga birinchi gal borganda to’g’ri Muhojirot markaziga yo’l olish kerak. Aynan o’sha yer ish bilan ta’minlaydi va eng muhimi ishlash uchun kerakli hujjatlar tayyorlash markazi hisoblanadi".

"Ammo bizdan borgan migrantlar ko’proq yurtdoshlar gapiga kirib yoki mustaqil ravishda hujjatlarni noto’g’ri yo’llar bilan tayyorlashga harakat qiladi. Shu bois huquq-tartibot tizimlari tomonidan ta’qib ostida olinadi. Ko’pchilik deportatsiya bo’ladi, yashirin yurganlar ham oz emas”, - deyid Nilufar opa.

Til va haq-huquqlarni bilish juda muhim

Til va haq-huquqlarni bilish juda muhim

Kuni kecha O’sh shahrida Xalqaro muhojirot tashkiloti va Rossiyaning bosh konsulligi hamkorligida migrantlarga ko’mak ko’rsatuvchi markaz ochildi.

U “Ulibka” deb nomlangan mahalliy nodavlat tashkiloti qoshida faoliyat yuritadi.

“Bu markazni biz anchadan beri ochmoqchi bo’lib yurgandik. Sababi Rossiyadagi hamkorlarimiz bizdan borayotganlar tayyorgarligidan tashvish bildirib kelgan va o’z ko’magini taklif qilgan edi. Bizning mintaqadagilar ko’proq Uralga boradi".

"Safardan oldin biz ularning rezyumelarini olamiz, ish taklif qilamiz. Shart-sharoitni tushuntiramiz. Shu yerning o’zida ish beruvchilar bilan shartnoma tuzish imkoniga ega bo’ladi ular”, - deydi tashkilot rahbari Elmira Umarova.

Tadqiqotlar natijasiga ko’ra, chetga ketayotgan yoshlarning ko’pi tegishli davlat idoralari xizmatidan foydalanmaydi. Ular tanish-bilish, vositachilar orqali joy va ish topishga odatlangan. Bu esa turli noxush hollar, qonunbuzarliklarga olib keladi.

O’shdagi markaz mehnat muhojirlarini bunday muammolardan xalos qiladi. Bu joyda muhojirlar qonunlarni, o’z huquqlarini o’rganadi, rus tilidan saboqlar oladi. Qisqasi puxta tayyorgarlikdan o’tadi.

“Ko’p yoshlarning kasbi yo’q yoki kasbiy va huquqqiy saviyasi past. Bizning tashkilot huquqshunos va rus tili mutaxassisi ko’magini taklif qiladi. Bundan tashqari, so’zlashuv qo’llanmasini ishlab chiqdik. Qo’llanmada mehnat muhojiriga kerak bo’lgan idoralar manzillari va telefon raqamlari bor”, - deydi suhbatdosh.

Qirg’iziston qator mamlakatlar bilan ishchi migrantlar xususida bitimlar tuzgan. O’shlik muhojir Nilufar opa ushbu bitimlar to’la-to’kis bajarilishini va oqibatda ular uchun kerakli sharoit yaratilishini istaydi.

“Menimcha, chetga ishga boruvchilar avvalo o’sha shartnoma va boshqa hujjatlar bilan yaxshi tanishib olishi lozim. Shundagina ishonch bilan harakat qilishi mumkin”, - deydi Nilufar opa.

Rasmiy ma’lumotga binoan, birgina Rossiyadan mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag’ Qirg’izistonning yillik byudjetiga teng.

Mutaxassislar deydiki, migrantlar ahvolini yaxshilash, ularning mehnatidan ulumli foydalanish, vatan uchun ham, ular ishlayotgan o’lkalar uchun ham dolzarb va zarur masala.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG