Tahlil: Chet el harbiy yordamisiz Qirg'izistonda vaziyat o'nglanmaydi

  • Piter Fedinskiy

Qirg’izistonda motam, janubda ro’y bergan vahshiyliklarda halok bo’lgan insonlar xotirlanmoqda.

Harbiy bo’linmalar O’sh va Jalolobodda nazorat o’rnatishga urinyapti. Muvaqqat hukumat tartibsizliklarga chek qo’yishda faqat o’z kuchiga tayanishga majbur. Chet davlatlar gumanitar yordam berishdan nariga o’tmayapti.

Roza Otunbayeva zo’ravonlik boshlanganidan ko’p o’tmay Rossiyaga murojaat qilib, harbiy yordam so’ragan. Biroq Kremlning ham, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo boshqa davlatlarning ham Qirg’izistonga qo’shin jo’natgisi yo’q.

Janubda favqulodda holat rejimini amalda joriy etish uchun esa zobitlar yetishmaydi.

Roza Otunbayevaning ta’kidlashicha, favqulodda vaziyat xo’jako’rsinga, odamlarni qo’rqitish uchungina qilingani yo’q.

“Tinchlikni saqlash, ko’chalarda patrul xizmatini olib borish, odamlarni tekshirish uchun minglab askar kerak”,- deydi u.

Rossiya Qirg’izistonga faqat gumanitar yordam yuborish bilan cheklanmoqda.

Dmitriy Medvedevning bildirishicha, “ahvol og’irlashsa, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo mamlakatlar yana bir bor yig’iladi, ehtimol prezidentlar darajasida”.

Demak, yaqin orada Qirg’izistonga qo’shin kiritilishini kutmasa ham bo’ladi. Sabab, deydi tahlilchilar, kirish oson, lekin keyin chiqish qiyin bo’ladi.

“Gap shundaki, Qirg’izistonga yordam beraman deb kirgan mamlakat tarafkashlikda ayblanishi tayin”, - deydi harbiy ekspert Aleksandr Konovalov.

“Ikkinchidan, tinchlikparvarlik missiyasini boshlagandan keyin uni oxiriga yetkazish, nizolashayotgan tomonlarni bir-biridan ajratish lozim bo’ladi. Hech kim bunday javobgarlikni bo’yniga olishga tayyor emas”.

Qirg’iziston hukumati bu davlat a’zo Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan yordam kutgan edi. Ammo ichki g’alayon va qo’zg’olonlarni bostirish Rossiya yetakchiligidagi bu tashkilot mandatiga kirmaydi.

Tahlilchilar nazarida Qirg’izistondagi voqealar yetti mamlakat imzolagan xavfsizlik bitimi bir tiyinga qimmat ekanini isbotladi.

“Boshidan ma’lum edi”, deydi harbiy tahlilchi Alelsandr Golts, “bu tashkilot Rossiyaning siyosiy ambitsiyalarini qoniqtirish, mana bizda ham G’arbnikidan qolishmaydigan harbiy blok bor, deb ko’z-ko’z qilish uchun yaratilgan”.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga Rossiya, Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston, Armaniston va Belarus a’zo.

“Bu davlatlar nafaqat bir-biri bilan ko’p masalalarda kelisha olmaydi, balki bir-birini himoya qilishga ham qodir emas, na bunga qurbi yetadi”,- deydi Golts.

Qirg’iziston, ma’lumki, regiondagi qashshoq o’lkalardan biri. Aleksandr Konovalov fikricha, vaziyat tez orada o’nglanmas ekan, mamlakatning shundoq ham o’gir ahvoldagi iqtisodiyoti tamoman yemiriladi.

"Qirg’iziston, qo’shni Afg’oniston singari, narkotiklar va jinoyatchi to’dalar o’chog’iga aylanishi, shu to’lqinda radikal islomiy kayfiyatlar ham avj olishi mumkin”, - deydi Konovalov.

Xalqaro tashkilotlar hamda Qirg’izistonda o’z bazalariga ega Rossiya va Qo’shma Shtatlar mamlakatga ko’mak yetkazmoqda. AQSh shu maqsadda 10 million dollar ajratgan.

XS
SM
MD
LG