Din

Shayx Sodiqjon Kamolov: Qirg’iziston diniy idorasi islohotga muhtoj


Qirg’izistonda musulmonlar diniy boshqarmasiga yangi rais saylanishi kutilmoqda. Sobiq muftiy Rahmatulla Egemberdiyev anchadan buyon safdoshlari, rasmiylar hamda mahalliy matbuot tanqidiga uchrab kelgan. Yaqinda uning jinsiy hayoti aks etgan video internetda tarqalgach, Egemberdiyev iste’foga chiqishga majbur bo’ldi.

“Amerika Ovozi” Islom hamkorligi xalqaro markazi deb nomlangan jamoatchilik tashkiloti rahbari, taqvodor Sodiqjon Kamolov bilan suhbatda bo’ldi.


Quyida suhbatning qisqacha matni. Uni to’liq holda yuqoridagi audiodan tinglang.

"Amerika Ovozi": Qirg’iziston musulmonlari Diniy idorasi va uning rahbari atrofidagi gap-so’zlar hamda oxirgi voqealar ko’pchilik qirg’izistonliklarni, har bir musulmonni o’yga solib qoydi. Keyingi besh yil ichida besh nafar muftiy almashgani aytiladi. Ulardan to’rt nafari korrupsion ishlarga aralashishda gumon qilinib, xizmatdan chetlatilgan. Nima bo’layapti o’zi, degan savol tug’iladi.

Sodiqjon Kamolov: Ming afsuski, keyingi yillarda diniy idoraga saviyasi past odamlar kelib qoldi. Buning ham o’ziga yarasha sabablari bor. Qisqasi, muftiyot va ulamolar kengashi haj amalini tashkil qilish va o’tkazish ishlarini daromad manbaiga aylantirib olishdi. Hamma gap shunda. Diniy idora shug’ullanishi lozim bo’lgan muhim ishlar chetda qolib ketdi.

Biz mamlakat rahbariyatiga haj ishlarini olib borish uchun alohida tashkilot tuzishni taklif qilib kelmoqdamiz. Toki muftiyot o’zining asosiy vazifalari bilan mashg’ul bo’lsin.

"Amerika Ovozi": Aytaylik, muftiyot haj ishlaridan ozod qilindi. Lekin ushbu sohada shunday shov-shuvlar, kirdikorliklarga yo’l qo’ygan muftiyot xodimlari va ulamolar diniy hayotning boshqa yo’nalishlarida toza ish olib boradi deb kim kafolat bera oladi?

Sodiqjon Kamolov: Muftiy va yetakchi xizmatchilar, ulamolar kengashi yangilanishi joiz. Olloh rizosi uchun ish qiladigan, ilmli insonlar keladi deb umid qilayapmiz.

"Amerika Ovozi": Diniy idoralar mas’ullari aralashgan g’alvalar deyarli Qirg’iziston mustaqillikka erishgan yillardan buyon davom etayapti. Bu ko’rinish Qirg’izistonda islom dini obro’siga putur yetkazishi mumkin degan tashvishlar yo’q emas. Siz nima deb o’ylaysiz?

Sodiqjon Kamolov: Albatta, din arboblariga qarab xalq baho beradi. Shuning ushun din xizmatchlarining mas’uliyati katta. Ikki toifa sog’lom bo’lsa, jamiyat sog’lom bo’ladi, deyiladi hadislarda. Bu davlat tepasidagi mutasaddi rahbarlar hamda ulamolar.

Odamlarning aybini dinga yuklash noto’g’ri. Ammo oddiy xalqda diniy soha xodimlari, imomlar, qozilar, domla-ulamolarga qarab dinga baho berish odati rivojlangan. Shu tomondan, aytilgan ulamolar dinimizga katta zarba berishdi, deb o’ylaymiz.

Diniy idoraga, ulamolar kengashiga keladigan yangi odamlar ilmli, iymonli, Ollohdan qo’rqqan insonlar o’z mehnati, butun faoliyati bilan din xizmatchilariga bo’lgan ishonchni tiklaydi, deb umid qilaman. Qilinadigan ishlar ko’p.
XS
SM
MD
LG