Breaking News
Din

Qirg’izistonda yangi yil borasida diniy idora chiqishlari bahsga sabab bo'ldi


Bishkek ko'chalari
Bishkek ko'chalari
Qirg’iziston matbuotiga ko’ra, musulmonlar diniy boshqarmasi islom ahlini yangi yilni nishonlashdan voz kechishga chorlamoqda. Bu kun mamlakatda rasmiy bayram hisoblanib, qator arboblar ulamolar harakatidan taassuf bildirgan.

Qirg'izistonda yangi yil yuzasidan bahslar/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:31 0:00
Yuklab oling

Musulmonlar diniy boshqarmasi rasmiysi Yusuf Lomaning aytishicha, matbuot idora da’vatini biroz boshqacha talqin qilgan.

“Bizga berilgan savollarga javobimizda aslida islom dinida yangi yil bayrami yo’qligi aytilgan edi, xolos. Bayram qilish yoki qilmaslik esa har kimning shaxsiy ishi. Jurnalistlar tarqatgan xabar turli tortishuvlarga sabab bo’layotir”, - deydi Yusuf Loma.

Aytish joiz, diniy boshqarmaning dunyoviy bayramlarga munosabati matbuotda bot-bot tilga olinib, jamiyatda turli bahslarga sabab bo’ladi.

Mahalliy aholi orasida ham turli qarashlar mavjud. Ko’pchilik bu bayram odatga aylanib qolganini ta’kidlaydi. Yangi yil tadbirlari, ayniqsa, bolalar va yoshlarga quvonch bag’ishlashi ta’kidlanadi. Boshqalar mazkur ayyom islomda yo’qligini aytib, bu kunga oddiy kunday qarashini bildiradi.

“Sobiq ittifoq davrida bayram edi. Shu bois ko’pchilik o’rganib qolgan. Yosh bolalar ham bu bayramni kutadi. Dasturxon xarajatlarini esa har kim cho’ntagiga qarab qilishi kerak, deb o’ylayman”, - deydi O’sh ko’chalarida non sotib kun ko’rayotgan Muqaddas opa.

“Shaxsan men va oilam uch-to’rt yildirki yangi yilni nishonlamay qo’yganmiz. Avvaliga bola-chaqam qarshi bo’lganday edi, keyinchalik ular ham ko’nikib ketdi. Islomda o’zi faqat ikki bayram bor – Ramazon hayiti va Qurbon hayiti. Men ham yangi yilni nishonlashga qarshiman”, - deydi o’rta yoshli taksi haydovchisi.

Musulmon ulamolar bu pallada, ayniqsa, katta sarfiyat, mehmondorchilik, sovg’a-salom nojoiz deb hisoblaydi.

O’shdagi “Islom hamkorligi markazi” jamoatchilik jamg’armasi rahbari Sodiqjon Kamolov ulamolar nuqtai-nazarini izohlaydi.

“Yangi yil to’g’risida muftiy, ulamolar kengashiga juda ko’p murojaatlar tushadi. Bizga ham odamlar kelib so’rayapti bu haqda – dinimizda Gregorian hisobi bilan yangi yil kutish yo’q. Markaziy Osiyo musulmonlariga bu odat G’arb tomonidan, ayniqsa, Rosiya, ruslar orqali kirib kelgan. Qadah urishtirib bayramni kutib olish, mast holatda o’sha kecha bo’lgan turli nojoiz ishlarga dinimiz, albatta, qarshi. Ammo bu narsani davlat siyosati bilan aralashtirish kerak emas. Yangi yilni nishonlash xalqning, odamlarning o’z erki. Endi o’sha ulamolar aytib, ko’rsatib berishi kerak. Xudoning oldida har kim o’zi javob beradi”, - deydi suhbatdosh.

Qirg’izistonda yangi yil rasmiy bayram hisoblanadi. Shu bois diniy idora chiqishlari aholining ayrim qatlamlari vakillari tanqidiga uchragan.
XS
SM
MD
LG