Qirg'iziston: Nodavlat tashkilotlar hanuz shubha ostida


Qirg’iziston parlamenti notijorat tashkilotlar borasida qonunga o’zgartirishlar kiritishni ko’zda tutgan loyihani rad etdi. Deputatlar fikricha, ushbu hujjat fuqarolik jamiyati haq-huquqlarini cheklash bilan birga, mamlakat obro’siga putur yetkazgan, oqibatda, xalqaro hamjamiyat ko’rsatayotgan yordamning kamayishiga olib kelgan bo’lar edi.

Kuzatuvchilar qirg’iz parlamenti qarorini demokratik tamoyillar tantanasi sifatida ta’riflamoqda.

Ma’lumotlarga ko’ra, hozir Qirg’izistonda besh mingga yaqin notijorat tashkilot mavjud bo’lib, ularning 65 foizi xorijdan keladigan moliyaviy ko’mak bilan faoliyat yuritadi.

Qirg’iziston janubida keng tanilgan “Sulaymon nuri” inson huquqlari tashkilotining rahbari Sodiqjon Mahmudov parlament qarori borasida shunday mulohaza bidirdi:

“Bir necha yil muqaddam Rossiyada qabul qilingan qonun xorijdan moliya olib faoliyat yuritayotgan notijorat tashkilotlarga chet el agenti, ya'ni josusi, degan maqom berishni joriy etgan edi. Oqibatda o’sha tashkilotlar ancha qiyin ahvolda qoldi. Ikki yil avval qirg’iz parlamentining uch deputati ham amaldagi “Notijorat tashkilotlar borasida qonun”ga aynan shunday o’zgartirishlarni kiritish tashabbusi bilan chiqdi. Ular olg’a surgan loyiha qabul qilingan taqdirda, fuqaroviy jamiyat davlat tizimlarining qat’iy nazorati ostida qolar edi”, - deydi u.

Mahmudovning aytishicha, aslida notijorat uyushmalari davlat idoralari e’tibor bera olmagan, “qo’li yetmagan” masalalarni yechishda ko’makdosh bo'ladi va hukumat ularning imkoniyatlarini cheklash o’rniga bu imkoniyatlarni kengaytirishi kerak.

Bishkekdagi “Qilim shami” atalmish nodavlat tashkilot rahbari Aziza Abdurasulova fikricha, cheklovlarni ko’zda tutgan loyiha qabul qilingan taqdirda Qirg’iziston jamiyati 20-25 yil ortga qaytarilgan bo’lar edi.

Ushbu fikrga qo’shilar ekan, Sodiqjon Mahmudov parlament deputatlari masalaga oqilona yondoshganini olqishlaydi.

Masala muhokamasiga (ikki yilga cho’zilgan muhokamalar davomida) fuqarolik jamiyati vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ham o’z hissalarini qo’shdi.

Qirg’izistonda “Notijorat tashkilotlar to'g'risidagi qonun” asl holida qoldi, demak vaziyat o’zgarmaydi. Bu aytilgan uyushmalarga nisbatan ba’zi bir doiralarning bosimi kamayishini anglatadimi?

Qirg’iziston jamiyatining ayrim qatlamlarida nodavlat tashkilotlarga nisbatan shubha, gumon kayfiyatlari mavjud bo'lib, bunday kayfiyatning yuzaga kelishiga mahalliy matbuot hamda ba'zi davlat idoralari ham hissa qo'shmoqda.

Sodiqjon Mahmudov qonun ustivorligiga ishonadi.

“Bas, parlamentimiz cheklovchi o’zgartirishlarni rad etgan ekan, endi asossiz da’volarga o’rin qolmaydi, deb o’ylayman”, - deydi u.

Notijorat tashkilotlarning mamlakat taraqqiyotiga jiddiy hissa qo’shayotganini ta’kidlab, oliy qonun chiqaruvchi idora Qirg’iziston jamiyatiga ijobiy namuna va yo’nalish taqdim etdi, deya fikr bildiradi u.

Ayni paytda kuzatuvchilar ayrim amaldorlar fuqarolik jamiyati namoyandalarini gumon ostiga olishda davom etayotganiga ham e’tibor qaratmoqda.

XS
SM
MD
LG