Qirg`iziston ziyolilari: Afg`oniston tinch, farovon bo`lishini istaymiz


Kobul, Afg'oniston

Kobul, Afg'oniston


Afg’onistonda shanba kuni prezident saylovlari. Qirg’izistonlik kuzatuvchilar jarayon ortidan mamlakatda tinchlik va barqarorlik sari dadil qadamlar qo’yilishiga umid qilmoqda.

Markaziy Osiyo hamda Afg’onistonni bog’lovchi rishtalar keksa avlod vakillari xotirasida yaxshi saqlangan. O’shlik tadqiqotchi va qalamkash, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi Odiljon Obidov o’rtadagi yaqinlik, uzviy bog’liqlik asrlar davomida shakllanganini urg’ulaydi. U an’anaviy iqtisodiy, madaniy, ilm-fan sohasidagi aloqalar ozmi-ko’pmi davom etayotganini aytadi.

Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, Afg’onistonda ketayotgan siyosiy tadbirlarning asl maqsadi tinchlik, barqarorlik bo’lishi ravshan. Ammo izdan chiqqan iqtisod va turmush tarzini tiklash uchun vaqt, yirik mablag’ hamda umumjamiyat irodasi zarur.

Afg’onistonning turli hududlari o’z nomzodlarini qo’llashga harakat qilayotgani sir emas. Shunday ekan, prezidentlik uchun kurash hududlar totuvligiga qanday ta’sir ko’rsatishi mumkin?

“Bu ko’p jihatdan qanday kuchlar va qay ravishda mamlakat yaxlitligi, erkin rivojini ta’minlashga harakat qilishi va bu o’rinda turli millatlar va elatlar manfaatlarini nazarga ola bilishiga bog’liq. Bu mamlakat rivojining kaliti, deyish mumkin”, - deydi Odiljon Obidov.

Taniqli siyosatshunos, hozirda Qirg’iziston prezidenti qoshidagi Din ishlari boyicha davlat komissiyasi boshlig’i O’rozbek Moldaliyev fikricha, prezident saylovlari Afg’oniston ahlining turli tabaqalari, turli millatlarning keng ishtirokida, tinchlik va birdamlik ruhida o’tgan taqdirda barqarorlikka, o’lka rivojiga yo’l ochiladi.

Suhbatdosh nazarida Afg’onistonda millatlar, urug’larga bo’linish ko’zga tashlanmaydi. Qarama-qarshiliklar siyosiy va diniy masalalarda mavjud, aytaylik, oddiy musulmonlar hamda diniy ekstremistik oqimlar tarafdorlari o’rtasida. Bu o’rinda amalga kelajak rahbariyat oldida jiddiy vazifalar turibdi. Kobul

Kobul


Aytish joizki, Qirg’iziston hamda Afg’oniston o’rtasida savdo-sotiq hozircha keng yo’lga qo’yilmagan. Ayni paytda rasmiy Bishkek Afg’onistonni tiklash ishlarida faol ishtirok etish maqsadini aytib keladi.

“Afg’oniston energetikaga muhtoj. Shu bois, bizning CASA-1000 kabi loyihalar amalga oshsa, afg’on iqtisodiyotining tezroq o’sishiga imkon tug’iladi. Bundan tashqari, Qirg’iziston qurilish materiallari hamda mutaxassislar bilan ta’minlashi mumkin”, - deydi Moldaliyev. Kobul

Kobul


Afg’oniston bilan chegaradosh mamlakatlar ahli bo’lajak rahbariyatga qanday umidlar bog’laydi?

“Kim amalga kelsa-da, biz qo'shni mamlakat tanlovini hurmat qilamiz. Prezident Karzay hukumati bilan ham munosabatlarimiz yaxshigina bo’ldi. Biroq aloqalarimiz chuqur ildiz otolmadi. Chunki Afg’oniston hozircha dadil mustaqil siyosat olib borish darajasiga chiqib olganicha yo’q. Prezident saylovlari o’tgach, NATO kuchlari Afg’onistonni tark etgach, yetakchi kuchlar va taraqqiyot yo’nalishlari aniq bo’ladi. Ne bo’lsa-da, bizning mintaqa bilan tig’iz aloqalarsiz Afg’onistonni tasavvur qilib bo’lmaydi”, - deydi Moldaliyev. Islomobodda yashovchi afg'on qochqinlari.

Islomobodda yashovchi afg'on qochqinlari.


Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi, qalamkash Odiljon Obidov bir zamonlar Markaziy Osiyo, Afg’oniston o’ziga xos yagona iqtisodiy mintaqa bo’lganini esga soladi. U qardoshlik aloqalari, iqtisodiy-madaniy rishtalarni yangi zamon ruhida jonlantirish vaqti kelganini ta’kidlaydi.
XS
SM
MD
LG