Qirg’iziston bolalar uylarida mehr, malaka muammo deydi mutaxassislar


"Bolalarning asosiy ehtiyoji inson mehri, kattalar diqqat-e’tibori bilan bog’liq"

"Bolalarning asosiy ehtiyoji inson mehri, kattalar diqqat-e’tibori bilan bog’liq"

BMT bolalar huquqlari qo’mitasiga taqdim etilgan hisobotga ko’ra, Qirg’iziston internatlaridan birida so’nggi to’rt yilda 36 bolakay nobud bo’lgan. 117 bunday muassasalarda bolalar huquqini poymol etish hollari qayd etilgan.

Mutaxassislarning aytishicha, Qirg’izistondagi mehribonlik uylari bolalarni boqishgagina yo’naltirilgan bo’lib, ularni har tomonlama rivojlantirish va hayotga tayyorlash masalasiga yetarlicha e’tibor berilmaydi.

Rasmiy ma’lumotga ko’ra, Qirg’izistonda 120 ga yaqin davlat va xususiy bolalar internatlari mavjud. Ularda 11 000 bolakay tarbiyalanadi. Keyingi yillarda bu qiz-o’g’illar soni qariyb 33 foizga oshgan. Maktab internat o’quvchilari esa salkam 14 foizga ko’paygan.

O’shdagi “Boorukerdik” internati mudirasi Bermet Toqtosunovaning aytishicha, mahalliy davlat tizimlari baholi-qudrat sharoit yaratmoqda.

“Internatimizda ruhshunosimiz bor. Bolalar yaxshi turmushdan kelmaydi bizga. Kimningdir ota-onasi yo’q, kimningdir otasi yoki onasi qamoqda. Oziq-ovqatdan qiyinchilik yo’q, bir bolaga kuniga davlat 65 so’m ajratadi, mahalliy meriya qo’shimcha 30 so’m bermoqda. Kiyim-kechak ham yetarli”, - deydi Toqtosunova.

“Ulibka”, ya’ni “Tabassum” nomli nodavlat tashkiloti anchadan buyon bolalar hayoti va muammolari bilan shug’ullanadi. Tashkilot rahbari Elmira Umarova mehribonlik uylari va internatdagi ahvolni yaxshi ham, yomon ham emas – o’rtacha deb baholaydi.

“Kuni-kecha ikki bolalar uyida bo’ldim. Davlat yemoq-ichmoq, kiyim-kechak bilan ta’minlaydi. Ammo yetarli darajada emas. Uch mahal ovqatlasnishga bu mablag’ kamlik qiladi”, - deydi u.

Mazkur tashkilot qishda Qizilqiya shahri yaqinidagi Uch-Qo’rg’on bolalar uyiga 30 dona issiq kiyim hadya qilgan. Ayni paytda rasmiy hujjatlar Qirg’izistondagi 117 internatda bolalar huquqlari poymol etilgan hollarni qayd etadi. Jumladan, bu haqda BMTda taqdim etilgan ma’ruzada aytiladi.

"O’z paytida bizning avlod bolalikni sezib, his qilib yashagan. Hozirgi farzandlarda bolalik sezilmaydi. Hamma qandaydir muammolar bilan yashaydi"

"O’z paytida bizning avlod bolalikni sezib, his qilib yashagan. Hozirgi farzandlarda bolalik sezilmaydi. Hamma qandaydir muammolar bilan yashaydi"

Bermet Toqtosunova va Elmira Umarova bunday hollarga ko’p duch kelgan.

“Bu narsani inkor qilib bo’lmaydi. Bolalarning haq-huquqlari ochiq bolmasada, buzilib turadi. Nafaqat yetimxonalarda, balki internat va oddiy maktablarda ham. Masalan, erkinlik yo’q, dam olish masalasida kamchiliklar mavjud, o’z vaqtida tibbiy yordam olishga qiynalishadi”, - deydi Umarova.

Toqtosunova so’zlariga ko’ra, yetim bolalarning asosiy ehtiyoji inson mehri, kattalar diqqat-e’tibori bilan bog’liq.

Mutaxassislar nazarida Qirg’iziston yetimxonalari asosan tashlab ketilgan bolalarni boqishgagina yo’naltirilgan bo’lib, ularni har tomonlama rivojlantirish va hayotga tayyorlash masalasi ikkinchi o’rinda qolmoqda. Rasmiylar esa bunday muassasalar yo’nalishi va faoliyatini o’zgartirish dasturi ishlab chiqilganini va hukumatga taqdim etilganini aytadi.

Suhbatdoshlar fikricha, qator choralar tez sur’atda amalga oshirilgani maqul.

“Birinchi navbatda, bolalar uylarida ishlayotgan mutaxassislarni qayta attestatsiyadan, imtihondan o’tkazish darkor. Bu o’rinda tegishli nodavlat tashkilotlar xodimlarini jalb qilish maqsadga muvofiq. Davlat iqtisodni rivojlantirishi, ish joylari tuzishi lozim. Shundagina ota-onalar xorijga ketmaydi, bolalar qarovsiz qolmaydi”, - deydi Umarova.

“Eng asosiysi, biz o’sib kelayotgan avlodga bolalikni qaytarishimiz kerak. O’z paytida bizning avlod bolalikni sezib, his qilib yashagan. Hozirgi farzandlarda bolalik sezilmaydi. Hamma qandaydir muammolar bilan yashaydi. Bizning, jamiyat va davlatning burchi - o’sib kelayotgan avlodning har tomonlama rivojlanishi uchun, uning baxt-saodati uchun barcha sharoitni yaratib berish”, - deya xulosa qiladi suhbatdosh.

Mehnat jamoalari va xalqaro tashkilotlar bolalar uylariga sovg’a-salomlar bilan tashrif buyuradi, kichik ta’mir ishlarida yordam ko’rsatadi. Tahlilchilar esa masalaga doimiy e’tibor zarurligini ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG