Yevropa xavfsizlik tashkiloti missiyasi Qirg’izistonga yetib bordi

  • Amerika Ovozi

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti maxsus missiyasi bugun Qirg’izistonga yetib borgan. Politsiyachilardan iborat bu guruh vaziyatni o’rganib, tinchlik o’rnatishda yordam beradi va etnik adovatni bartaraf etish uchun huquq-tartibot idoralariga ko’maklashadi.

Tashkilot vakili Kimmo Kilijunen kecha Qirg’izistonga taxminan 50-100 politsiyachi jo’natishni taklif qilgan edi. “Janubda tinchlikni tiklash, qochqinlar sog’-omon qaytishini ta’minlash uchun xalqaro qo’shin zarur”, - deydi u.

56 davlat a’zo Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti xavfsizlikni kafolatlashga qaratilgan xalqaro idora. Qurol nazorati, inson huquqlari, matbuot erkinligi va adolatli saylovlar ham ustuvor yo’nalishlardan.

Qirg’izistondagi qirg’in, deydi tahlilchilar, Markaziy Osiyoda ijobiy o’zgarishlarga yetaklashi mumkin, agarda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tashabbusni qo’lga olsa. Birgalikda ko’rilgan chora xavfsizlikni mustahkamlashi, iqtisodyotni izga solishi, fuqarolik jamiyatini mustahkamlashi ehtimoldan xoli emas.

Tashkilot mintaqadagi boshqa tuzilmalardan inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni ustun qo’yishi bilan farq qilib turadi. O’zbeklarning qirilishi Qirg’izistonda huquqiy ahvol qanchalik qaltis, insonni tahqirlash hollari naqadar keng tarqalganini namoyish etgan.

Vatanini tark etishga majbur bo’lgan insonlar uchun adolat qaror topishi, xolis tergov o’tkazilishi g’oyat muhim, deydi faollar. Muvaqqat hukumat odamlarning mulkini qaytarishi, jinoyatchilarni jazolashi kerak. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilot vaqtli hukumatni bu borada savolga tutishi shart, deydi ular.

Shuningdek, Kollektiv Xafvsizlik Shartnomasi tashkiloti delegatsiyasi ham bugun Bishkekka borgan. Ularning maqsadi ham ahvol bilan tanishish va tashkilot qanday yordam berishi mumkinligini aniqlash.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG