Yevropa xavfsizlik tashkiloti Qirg’izistonga politsiyachi jo’natadi

  • Amerika Ovozi

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg’iziston janubida tartibni saqlash uchun 52 politsiyachini jo’natadi.

Qozog’istonda, Almatida majlis qilib, shunga kelishgan tashkilot a’zolari rejasiga ko’ra, bu guruh qonli adovatning shohidi bo’lgan janubiy viloyatlarda militsiya bilan ishlaydi.

Tinchlik, o’zaro ishonchni tiklashda yordam beradi.

Taxminan 2 ming odamni hayotdan olib ketgan qirg’indan bir oy o’tib, Qirg’iziston janubida vaziyat hali ham o’ta qaltis. Birlashgan Millatlar Tashkiloti chamasicha, 75 ming odam uy-joyiga qayta olmay xunob. Xavf-xatar bois, boshpana yo’qligi tufayli, hujjatlarni yo’qotgani sababli…

Almatida ikki kunlik anjumanga yig’ilgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti rasmiylari Qirg’izistonni bu girdobdan olib chiqish yo’llarini muhokama qilmoqda.

Tashkilot so’zlovchisi Virjini Kolludon so’zlariga ko’ra, janubga safarbar etiladigan politsiyachilar Qirg’iziston huquq-tartibot idoralariga madad beradi. Ular maslahatchi vazifasini o’taydi. Biroq shuni yodda tutish kerakki, deydi Kolludon, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tinchlikparvar missiya emas.

Pol Kvin Jaj Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro guruh rasmiysi. Qirg’iziston xalqaro ko’makka o’ta muhtoj, deydi u, ammo Yevropa tashkilotining bu tashabbusi biror natija berishi gumon. Chunki Qirg’izistonda xavfsizlik kuchlari hech kimga bo’ysunmay qo’ygan, deydi janob Kvin Jaj.

“Xavfsizlik xodimlari o’zbek elatiga qarshi kayfiyatni avj oldirmoqda. Bundan qurol sifatida foydalanmoqda. Afsuski, rasmiy Bishkek bu organlarni tiyishga ojizlik qilmoqda”, - deydi tahlilchi.

Human Rights Watch - inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi nufuzli tashkilot tergov doirasida janubiy viloyatlarda o’zbeklar asossiz qamalib, qiynoqqa solinayotganidan xavotirda. Iyun boshida ro’y bergan etnik to’qnashuv mana shu insonlarga to’nkalmoqda.

Bo’hronlarni o’rganuvchi mutaxassis Kvin Jaj muammo - Qirg’iziston hukumati tishi o’tmas ekanida, deb hisoblaydi. “Xalqaro hamjamiyat buni yaxshi bilib turibdi. Muvaqqat hukumat kuchsiz, ammo boshqasi yo’q bo’lganidan keyin bori bilan ishlashga majbursiz”, - deydi u.

Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining janubga politsiyachi jo’natish qaroridan mamnun. Qurolsiz bu kichik guruh O’sh shahrida militsiyaning malakasini oshirib, monitoring qiladi, deydi u.

Qozog’iston raislik qilayotgan Yevropa xavfsizlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlarining Almatidagi sammitida, shuningdek, region mudofaasi va Afg’onistondagi vaziyat ham muhokamada.

Bu orada AQSh Davlat kotibi muovini Jeyms Staynberg bugun region bo’ylab safarini boshlab, ushbu sammitda ham qatnashmoqda. 22 iyulga qadar Staynberg shuningdek, O’zbekiston, Qirg’iziston, Mo’g’uliston va Yaponiyada ham bo’ladi. Ertaga AQSh rasmiysi Toshkentda prezident Islom Karimov va Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va fuqarolik jamiyati faollari bilan ko’rishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG