Qirg'izistonda huquq tashkiloti xalqaro mukofot oldi


"Spravedlivost" tashkiloti etnik ozchilik guruhlar huquqlarini himoya qilgani uchun xalqaro mukofotga sazovor bo'lgan.

"Spravedlivost" tashkiloti etnik ozchilik guruhlar huquqlarini himoya qilgani uchun xalqaro mukofotga sazovor bo'lgan.

"Spravedlivost" o'zbeklarga nisbatan tazyiq, aybsiz qamash va qiynoqlar singari masalalarga e'tibor qaratib keladi.

Qirg’iziston janubidagi Jalol-Obod viloyatida faoliyat yurituvchi "Spravedlivost" (Adolat) inson huquqlari uyushmasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) mukofotiga sazovor bo’ldi. Maks van der Stul nomidagi ushbu sovrin ozchilikdagi guruhlar haq-huquqlarini himoya qilishga hissa qo’shgan mahalliy tashkilotlarga beriladi.

"Spravedlivost" Jalol-Obod viloyat inson huquqlari tashkiloti 1994-yilda ta’sis etilgan. 1995-yil rasman po’yxatdan o’tgan. Qiynoqlarga duchor bo’lgan insonlarni himoya qilish va qamoqxonalardagi shafqatsizlik hollariga alohida e’tibor qaratadi.

Shuningdek, aholi uchun ma’rifiy tadbirlar o’tkazib keladi. Janubiy Qirg’izistonda istiqomat qiluvchi elatlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida maktablarda huquqddan saboq beradi.

"Biz doim vaziyatni kuzatib borganmiz. 2010-yilda esa masalaning issiq-sovug’ini totib ko’rishga to’g’ri keldi», - deydi Valentina Gritsenko, "Spravedlivost" rahbari, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Uning aytishicha, hozirgi kunda asosiy e'tibor yana o’sha noqonuniy qo’lga olishlar, qiynoqlar, noxolis mahkama, milliy ozchiliklar vakillarini kamsitish hollarida.

Qirg’izistonda ham inson huquqlari tashkilotlari tegishli davlat idoralari bosimiga uchrab turadi. Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, "Spravedlivost" Jalol-Obod viloyati inson huquqlari tashkiloti nafaqat aholiling turli tabaqalari, balki hukumat tizimlari ishonch-e’tiboriga ham ega.

Buning siri nimada?

"Buning hech bir siri yo’q. Biz faqat va faqat qonun doirasida ishlashga harakat qilamiz. Qay bir davlat idorasiga inson huquqlari poymol qilingani borasida murojaat qilar ekanmiz, faktlarga tayanamiz, milliy qonunchilikning yoki xalqaro majburiyatlarimizning qaysi joylari qanday buzilganini ko’rsatib berishga urinamiz", - deydi Valentina Gritsenko.

Suhbatdosh nazarida, umuman, inson huquqlarini himoya qilish sohasida Qirg’izistonda ijobiy siljishlar oz. Lekin davlat idoralari va fuqaroviy jamiyat, xususan, inson huquqlarini muhofaza qiluvchi tashkilotlar o’rtasida muloqot shakllanayotganining o’zi ijobiy ko’rsatkich. Aynan shunday muloqot natijasida joriy jil, muddatidan kechroq bo’lsa-da, o’zbek maktablari bitiruvchilari uchun ona tilida umumrespublika test sinovlaridan o’tish imkoni berildi.

"Spravedlivost" ga ko’ra, Qirg’izistonda huquq sohasida malakali mutaxassislar yetishmaydi. Aynan shu bois mazkur tashkilot mintaqada tanilib qolgan "Huquq – hamma uchun" nomli byulletenni chiqarishdan voz kechishga majbur bo’lgan.

"Yangi bir loyihada ishlash uchun tanlov o’tkazayotib, qanchalik bo’sh yigit-qizlar kelayotganidan hayratga tushasan kishi. A’lo darajali diplomi bor, o ’zi esa milliy qonunchilikning asoslarini bilmaydi", - deya shikoyat qiladi Gritsenko.

Qirg’iziston parlamentida chetdan yordam oluvchi nodavlat tashkilotlar, xususan, inson huquqlari borasida faoliyat ko’rsatuvchi uyushmalarga xorijiy agent maqomini berish masalasi ko’tarilgan.Yaqinda shunday qonun loyihasi yana muhokamaga olib chiqilgan.

"Hozir qonun loyihasi yana chetga surilib turibdi. Menimcha, vaqti-vaqti bilan uni, changini qoqib, ko’tarib turishadi. Lekin nodavlat tashkilotlar ham bu borada tushuntirish ishlari olib borishga, o’z ishlarini, ya’ni hech qanday xorij agenti emasligini, donorlar buyurtmasi uchun emas, xalqimiz muammolarini yechish uchun mablag’ olayotganini ko’rsatish va isbotlashga tayyor", -deydi "Spravedlivost" inson huquqlari tashkiloti rahbari.

XS
SM
MD
LG