“Bir necha kun och o’tirsak mayli, tinchlik o’rnatilsin”


Rasmiylarning ta’kidlashicha, O’shda ahvol tinchigan, otishmalar to’xtagan. Biroq odamlarni garovga olish hollari davom etmoqda. Huquq-tartibot tizimlari ularni qutqarish choralarini ko’rayapmiz, deydi.

O’sh shahar komendantining aytishicha, hafta boshidan beri to’rt odam noqonuniy ravishda qo’lga kiritgan qurolni topshirgan.

Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva bugun janubga borib, O’shda kasalxonalarda yaradorlar bilan ko’rishgan.

Shaharda kecha va bugun yarashish oshlari o’tkazilgan. Odamlar totuvlik, mehr-oqibat haqida gaplashgan. Ko’p yerlardan bu tadbirlar samarasini bermoqda, ammo ba’zi mahallalarda aholi bu oshlarni rad etayotgani ham ma’lum.

Hozirgacha janubga 2 ming tonnadan ziyod xalqaro insonparvarlik yordami yetib borgan va uni tarqatish ancha yo’lga qo’yilgan, deydi ma’murlar. Hafta boshidan farqli ravishda oziq-ovqat shaharning turli burchaklariga yetib bormoqda. Bir necha bozorlar ishga tushgan.

Hokimiyatlar O’shni tozalash, elektr va suv ta’minotini tiklash harakatida.

Odamlarning aytishicha, hozir eng zaruri – tinchlik. Aholi bir necha kun och yashashga ham tayyormiz, ishqilib, O’zbekistonga qochgan bola-chaqalarimiz qaytib kelsin, deydi.

XS
SM
MD
LG