O’zbeklar referendumda qatnashgudek ahvolda emas


Osh va Jalolobod viloyatlarida tinchlik, tartib o’rnatish ishlari olib borilar ekan, muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva 27 iyunga rejalangan referendum bo’yicha janubdagi viloyatlar ahli bilan uchrashmoqda. O’zbeklar esa o’z takliflari yangi konsitutsiyaga kiritilmaganidan shikoyat qilmoqda.

Otunbayeva Novqat tumanida bo’lib, aholi bilan gaplashgan. U vaziyatni barqarorlashtirish uchun qanday ishlar qilinayotgani haqida to’xtalib, barchani kelayotgan referendumda faol qatnashishga da’vat etgan.

Referendumda Qirg’izistonning yangi konstitutsiyasi hamda o’tish davri prezidentining vakolatlarini tasdiqlash masalasi muhokamaga qo’yiladi.

Konstitutsion kengashda yangi qomus loyihasi muhokama qilingan paytda o’zbek aholining takliflari o’tmay qolgan. Shunday bo’lsa-da, o’zbeklarning referendumda qatnashish istagi ancha yuqori bo’lgan.

Ammo kuni-kecha bo’lib o’tgan voqealar o’zbeklarning kayfiyatini keskin tushirgan. Ayniqsa, O’sh va Jalolobodda.

Suhbatdoshlar referendumda qatnashmasliklarini aytmoqda. Toq’nashuvlar yuz bermagan, nisbatan tinch viloyatlarda fuqarolar ovoz berish niyatida. Ammo bu yerlarda ham avvalgi faollik ko’zga tashlanmaydi.

Mavjud fikrga ko’ra, hozir referendum o’tkazish vaqti emas.

Mahalliy matbuot esa fuqarolarni siyosiy jarayonda faol ishtirok etishga undab keladi. Muvaqqat mudofaa vaziri Ismoil Isoqov ham aholini aktiv bo’lishga chaqirgan.

Avvalgi saylovlarda xorijdagi fuqarolar uchun yaxshi sharoit yaratib kelingan. Markaziy saylov komissiyasi bu gal Rossiya va Qozog’istonda saylov uchastkalari ochiladi, demoqda. Biroq qochqinlar bilan qanday yo’l tutilishi mavhum va ular ovoz berish imkoniga ega bo’lmasligi kutilmoqda.

Ayni paytda ba’zi qochqinlar vataniga qayta boshlagan va referendumda qatnashishi mumkin. Ammo ularning ruhiy ahvoli hisobga olinsa, bu ham katta savol tug’diradi.

XS
SM
MD
LG