Otunbayeva ichki ishlar tizimini isloh qilishda xorijdan madad so'ramoqda


Otunbayeva ichki ishlar tizimini isloh qilishda xorijdan madad so'ramoqda

Otunbayeva ichki ishlar tizimini isloh qilishda xorijdan madad so'ramoqda

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Qirg'izistonga yordam ko'rsatib keladi, lekin prezident Roza Otunbayeva nazarida bu organ adliya va qonun-tartibot tizimini yaxshilash yo'lida yanada kattaroq rol o'ynashi, yangi loyihalar boshlashi zarur.

O'sh va Jalol-Obodni xonavayron qilgan, yuzlab insonlarning hayotiga zomin bo'lgan etnik fojiadan bir yil o'tib ham hukumat muammolarni sanash bilan cheklanmoqda xolos.

Janubda ahvol hamon tarang. O'zbeklar asossiz qamoqqa olinib, xavfsizlik organlari tomonidan xo'rlanayotganini aytadi. Mahalliy hokimiyatlar Bishkekka bo'ysunmay keladi. Bu borada yozilgan mustaqil hisobotlar esa Qirg'iziston rahbariyati va parlamentida inkor etilgan.

Otunbayeva ichki ishlar tizimini isloh qilishda xorijdan madad so'ramoqda

Otunbayeva ichki ishlar tizimini isloh qilishda xorijdan madad so'ramoqda

Roza Otunbayeva bugun Venada YXHT Doimiy Kengashida qilgan nutqida, 2010 yilning iyun oyidagi qonli voqealarni mamlakat tarixidagi eng og'ir kunlardan biri deya izohladi.

"Vayron bo'lgan imoratlar xalqaro donorlar madadi bilan qayta qurilmoqda. Lekin xalqimiz oldida undan-da murakkab vazifa turibdi - janubda o'zbek va qirg'iz aholi orasida ishonchni tiklash",- deydi Otunbayeva.

"Bunday qattiq mojaro ketidan ishonchni tiklash oson emas. Millatchilik va toqatsizlik darajasi yuqori",- deydi prezident.

Qirg'iziston hukumati mojaroning sabab va oqibatlarini o'rganib chiqqan xalqaro komissiya hisobotiga ko'p jihatdan qo'shilmagan, ammo unda ko'tarilgan muammolarni rad etmaydi.

"Mojarodan keyingi davrda inson huquqlari jiddiy ravishda poymol etilganini ochiq tan olamiz. Komissiyaning bu boradagi tanqidiga bosh egamiz. Vaziyatni o'zgartirish uchun harakat qilishga tayyormiz. Komissiya tavsiyalarini amalga oshirishda bizga yordam kerak",- deydi Otunbayeva.

Prezident Vena safarini yakunlab, O'shga boradi va u yerda fojianing bir yilligiga bag'ishlangan tadbirlarda ishtirok etadi.

"Bu butun xalqimiz uchun birdek fojia. Qurbon bo'lganlarni yodga olar ekanmiz, hammamiz bir-birimizga hamdardmiz. Bunday voqealar qayta ro'y bermasligi uchun qo'ldan kelgan barcha ishni qilishga shaymiz",- deydi Otunbayeva.

Hozirda Litva boshqarayotgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg'izistonni etnik hamjihatlikni targ'ib qilish uchun konkret choralar ko'rishga undamoqda.

“Qirg'izistonda elatlararo tinchlik va demokratik taraqqiyot uchun yordamni ayamaymiz. Tashkilot o'z rolini oshirishga tayyor",- deydi Litva diplomati Renatas Norkus.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG