Qirg'iziston hukumati, deydi faollar, avvalo aholi orasida obro’sini tiklashi kerak


Qirg’iziston janubida yozda ro’y bergan fojeadan so’ng hukumat mahalliy idoralarni tinchlik, totuvlik yo’lida dadilroq ishlashga undab keladi.

Elatlarni murosaga chaqirish bir masala, ammo bu da’vatni kim tinglaydi, o’zaro g’azab, alamni unutish mumkinmi deb so’raydi ba’zilar.

O’sh viloyati tumanlaridan birining rasmiysi Shavkat Sobirovning aytishicha, qishloqlarda o’zbek va qirg’iz aholini yaqinlashtirish bo’yicha yig’in, tashabbuslar bo’lmoqda.

“Tushuntirish ishlari olib borildi. Ro’za paytida iftorlar uyushtirdik. Ancha-muncha sport meropriyatiyalari bo’ldi. 1-oktabrda oqsoqollar uchun tadbir o’tkazamiz degan fikrlar bor-da. Qirg’iz-o’zbek oqsoqollar, invalidlar holidan xabar olish bo’yicha rayon ma’muriyati tomonidan, qishloq okruglaridan ishlar rejalangan. Qishloq xo’jaligi ekinlarini yig’ishda ham ancha-muncha birodarlar bir-biriga yordam bermoqda. Bu narsa bor”.

Sobirovning aytishicha, iyun voqealari ketidan vaziyatni yumshatishda davlat idoralari bor imkoniyatlardan faolroq foydalanishi darkor.

“Birinchi navbatda ommaviy axborot vositalari, undan keyin ziyolilarning yordami kerak. Nodavlat tashkilotlarning proyektlari bor”.

Axborot vositalari ko’proq ijobiy o’zgarishlarga urg’u berishi lozim degan qarash ham mavjud. Bu fikrdagi odamlarning aytishicha, ba’zida matbuot ahvolni taranglashtirmoqda.

Qirg’izistonda nodavlat tashkilotlar so’nggi yillarda yetakchi kuchga aylangan. Hozirgi ahvolni o’nglashda ular davlat tizimlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Ko’plab nodavlat tashkilotlar prezident ma’muriyati bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa o’rnatgan.

O’shdagi Ko’p tillilik va turma madaniyat ta’lim markazi xodimi Svetlana Gaffarova nodavlat tashkilotlarning aloqachi-diplomatlar tayyorlash tashabbusini tilga oladi.

Shimoldagi Mayovka qishlog’ida joylashgan, Konfliktlarning oldini olish markazi o’z ishlari bilan ushbu qishloq aholisini yarashtirgan. Mazkur tajriba boshqa nodavlat tashkilotlari orasida targ’ib qilinib, ish bermoqda, deydi Svetlana Gaffarova.

Bu markaz o’quv yurtlarida ko’p tillilikni va madaniyatlarni targ’ib qiladi. Va aynan shu usul yosh avlodga totuvlik g’oyalarini singdirishga xizmat qiladi.

“O’quv yili boshida maktab muallimlari uchun bir necha treyning-seminarlar o’tkazdik. O’sh, Jalol-Obod va Botkenda. Maktablarda turli etnik guruhlarni yaqinlashtirishning yo’llari haqida gaplashdik”, - deydi u.

Gaffarova fikricha, davlat idoralari birinchi galda aholi orasida o’z obro’sini tiklashi kerak. Odamlar ishonchini qozonishi lozim. So’nggi yillarda davlat idoralariga bo’lgan ishonch pasayib ketgan.

Nodavlat tashkilotlar nazarida hozirda davlat idoralari aholini vahimaga solayotgan mish-mishlarga chek qo’ymog’i darkor. Tobora jonlanib borayotgan jinoiy guruhlar faoliyatini tugatishi muhim.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG