Huquq tashkiloti: Qirg'izistonda gomoseksual kishilar militsiya nishonida

  • Amerika Ovozi

Qirg’izistonda militsiya gomoseksual kishilarni tahqirlab, kaltaklab, qo’rqitishni odat qilgan. Bu odamlar asossiz qamaladi, ko'p hollarda pul undirish va jinsiy zo’rlash qurboniga aylanadi, deyiladi inson huquqlarini himoya qiluvchi “Human Rights Watch” hisobotida.

65 sahifali hisobot “Ular biz bunga loyiqligimizni aytishdi: Qirg’izistonda gey va biseksuallarga nisbatan militsiya xodimlarining shafqatsizligi” deya nomlanadi. Unda yozilishicha, geylar jismoniy, ruhiy bosim ostida yashashga majbur.

Hujjat 40 erkak bergan ko’rsatmaga asoslanadi. Hukumat, deya undaydi huquq tashkiloti, militsiya qilmishini puxta tergov qilishi, fuqaro qo’rqmay shikoyat qilishi uchun sharoit yaratishi zarur.

“Human Rights Watch” vakili Anna Kirey so’zlariga ko’ra, mamlakatda gomoseksual va biseksual odamlar shundoq ham vahimada yashaydi. Jamiyatda ularga qarshilik kuchli. Militsiyaning do’q-po’pisasi bois esa ahvol yanada og’irlashgan, deydi u.

Kirey nazarida Qirg’izistonda rahbariyat bu muammoga befarq bo'la olmaydi. Oliy darajadagi mulozimlar ahamiyat qaratib, har bir fuqaro himoyasi yo'lida ter to'kishi lozim. Ayniqsa, ozchilikni tashkil etuvchi guruhlarga og’ir, deydi u.

“Human Rights Watch” huquq-tartibot xodimlari tomonidan zo’rlash, orqasiga tayoq tiqish va elektr toki bilan qiynashga urinishlarni hujjatlab borgan. Ba’zilar bir necha militsioner oldida yechinishga majbur qilingan.

"Bu dunyoda yashashga haqqing yo’q deyishdi",- deya eslaydi ”Xalqaro tashkilot bilan gaplashgan fuqarolardan biri. Undan 10 ming so’m talab qilib, aks holda hayotini barbod qilishini aytib do’q qilishgan.

Boshqa bir odam “Human Rights Watch” bilan suhbatda huquq-tartibot xodimlari tomonidan bir necha bor jinsiy zo’rlanganini aytadi.

40 erkak ko’rsatma bergan bo’lsa, faqat ikki nafari rasman militsiya ustidan shikoyat qilib chiqqan. Hech bir ishda javobgarlar jazolanmagan. Aksariyat fuqaro militsiya o'ch olishidan yoki geyligi haqida ma'lumot oilasiga va ishiga yetib borishidan hayiqib, og'iz ochmagan.

"Human Rights Watch" Qirg'iziston qamoqxonalarida qiynoqlar va zug'umni to'xtatish uchun qator choralar ko'rgan, lekin hibsda bo'lmagan odamlarga nisbatan militsiyaning ta'qibi borasida shikoyat qilish mexanizmi yo'q.

Xalqaro huquq tashkilotining tavsiyalari:

-Gey va biseksuallarga qarshi huquq-tartibot xodimlari zug'umini, pul talab qilish hollarini qoralash;
-Mansabni shu tariqa suiiste'mol qilgan militsionerlarni javobgarlikka tortish;
-Odamlar shikoyat bilan chiqishi uchun mexanizm, sharoit yaratib berish.

Inson huquqlari himoyachilari jamiyatda gomoseksual odamlarga nisbatan salbiy qarashlar mavjudligini tan oladi. Lekin, deydi ular, insonni inson qiladigan uning uzviy huquqlari. Hech bir fuqaro, qanday odam bo'lishidan qat'i nazar, xo'rlanmasligi, jismonan va ruhan qiynoqqa solinmasligi shart. Bu huquq umumbashariy qonunlarda kafolatlangan va o'z fuqarolariga nisbatan adolatni ta'minlash har bir davlatning burchidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG