“Qirg’izistonda saylov bulturgidan yaxshi o’tdi”


Olmosbek Otamboyev, Bishkek, 31-oktabr 2011

Olmosbek Otamboyev, Bishkek, 31-oktabr 2011

Qirg’izistonda yakshanba kungi prezident saylovlarida berilgan ovozlar hamon sanalmoqda. Dastlabki ma’lumotga ko’ra, Olmosbek Otamboyev 63 foiz ovoz bilan oldinda.

Boshqa nomzodlar Qamchibek Toshiyev va Adaxon Madumarov 15 foizdan to’plagan. Ayrim nomzodlar saylovda xatolar bor edi deya shikoyat qilmoqda.

Rasmiylarning bildirishicha, jarayonda 60 foizdan ko’proq fuqaro qatnashib, saylovlar rasman o’tdi deb tan olingan.

Aksar kuzatuvchilar nazarida yirik qonunbuzarliklar o’rin olmadi. Asosiy kamchilik sifatida ayrim joylarda saylovchilar ro’yxatga kirmay qolgani aytiladi.

Bishkeklik siyosatshunos, sobiq diplomat Orozbek Moldaliyevning aytishicha, xolislik va adolatni ta’minlash uchun qator tadbirlar ko’rilgan. Xususan, saylov komissiyasi tarkibiga parlamentdagi besh partiya hamda fuqaro jamiyatidan vakillar bo’lgan.

Adaxon Madumarov

Adaxon Madumarov

“Saylov bulturgidan yaxshi o’tdi. Sabab – jarayonni kuzatish uchun nodavlat sektor vakillari ham jalb etildi, markaziy saylov komissiya rahbari etib muxolifat a’zosi tayinlandi. Avvallari hukumat buyurtmasi bo’yicha kerakli natija chiqarib berilar edi”, - deydi u.

Moldaliyev bulturgi deb 2010-yilda o'tgan referendum va parlament saylovlariga ishora qilmoqda.

Kuzatuvchilar deydiki, kecha qayd etilgan kamchiliklar saylov natijalariga jiddiy ta’sir ko’rsatmaydi.

“Masalan, saylovchilar ro’yxati to’la aniqlanmagan, barcha saylovchilarga chaqiruv qog’ozlari yuborilmagan, yuborilgan bo’lsa-da o’sha qog’ozlarni olganlar saylov uchastkalarida o’z nomlarini topa olmagan. Ammo odamlarimizda ham xato bor, uchastkalarga vaqtida borib, ro’yxatni tekshirib qo’ysalar bo’lardi. Axir, necha bor aholi bu haqda axborot vositalari orqali ogohlantirildi”, - deydi Orozbek Moldaliyev.

Qamchibek Toshiyev

Qamchibek Toshiyev

Dastlabki natijalarga ko’ra, Olmosbek Otamboyev 60 foizdan ko’p ovoz olgan.

Uning raqiblari Adaxon Madumarov va Qamchibek Toshiyevning har biri to’plagan ovozlar to’rt barobar oz. Otamboyev mamlakat shimolida saylovchilarning aksariyat qismi ovozini olgan.

Siyosatshunos, nodavlat tashkilot rahbari Orozbek Moldaliyev buning asosiy sabablaridan biri shimoldagi elektorat faolroq bo’lgan, deydi.

“Bu kutilgandi. Biz ham Otamboyev 50 foizdan oshiq ovoz oladi, deb taxmin qilgan edik”, - deydi suhbatdosh.

Qonunga binoan, saylov xulosalari 20 kun ichida e’lon qilinishi darkor. Rasmiylarning aytishicha, xavfsizlik va huquq tartibot xizmatlari yana ma’lum muddat kuchaytirilgan tartibda ishlaydi.

XS
SM
MD
LG