Janubda o’zbek tilidagi nashrlar yana chiqa boshlagan, ammo telekanallar yopiq


Qirg’iziston janubida to'qnashuvlar paytida o'zbekzabon ommaviy axborot vositalari talofat ko'rgan, O’shTV, MezonTV kabi telekanallar efirga chiqmay qo’ygan edy. Ammo o’zbek tilidagi ro’znomalar sekin-asta yana chop etila boshlagan.

Viloyat O’sh sadosi gazetasi bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilovning aytishicha, viloyatdagi ahvolni hisobga olgan holda ular ro’znoma tahririyatini o’z uylariga ko’chirishni lozim topgan.

“Xodimlarimiz xavfsizligini o’ylab, biz bu qarorga keldik. Gazeta dizayneri o’zimning o’g’lim bo’lgani katta rol o’ynadi. Sababi boshqa xodimlarni markazga kelib, ishla deyish menga qiyin bo’ldi. Hozirda ularning xavfsizligini ta’minlashning imkoni yo’q. Uy sharoitida gazetamizning uch sonini chiqardik. Gazetxonlardan chiqmagan sonlar uchun uzr so’radik”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

Ommaviy tartibsizliklar paytida mahalliy O’sh TV telekanali binosiga ziyon etgan. Ayni paytda Qirg’iziston matbuotida voqealar bir tomonlama yoritilayapti deygan odamlar oz emas.

O’shlik Muhabbathon Abdullayeva hozir o’zbekzabon telekanallaridan hech biri ishlamayapti, deydi.

“Biz ham o’sha telekanallar ishlamayotganidan hayronmiz. Yangiliklarni eshitishni xohlaymiz. Har xil mish-mish yo’q emas. Xolis axborot odamlarga yetkazilishi kerak. Og’ir kunlar, menimcha, o’tib ketdi. Qiyin bo’lsa-da, o’zbekzabon ommaviy axborot vositalari o’z ishini boshlashi lozim”, - deydi bu ayol.

Qator taniqli jurnalistlar xafvsizlik maqsadida hududni tark etgan. Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, Janubiy Qirg’iziston qalamkashlari orasida hozir hadik, qo’rquv seziladi. Aytaylik, o’zbekzabon jurnalistlar haqiqatni ochiq-oydin aytishdan cho’chiyotganini yashirmaydi. Vujudga kelgan vaziyat ommaviy axborot vositalari shashtini pasaytirgan. O’z-o’zini cheklov kuchaygan.

“Menimcha, har qanday chiqishlarga to’g’ri baho berilmayotganidan mahalliy telekanallar ishni to’xtatib turibdi. Biz umid qilamiz – zamon tinchib ketsin deb. Ko’chalarda bemalol yurish imkoni bo’lsa, biz ham qo’rqmay kelib ishlaymiz. Biz gazetamizning har bir sonini vaqtida chiqarishimiz kerak. Bu bizning burchimiz”, - deydi muharrir Muhammadsoli Ismoilov.

Janubiy Qirg’izistonda o’nga yaqin o’zbekzabon ommaviy ahborot vositalari mavjud bo’lib , hozir ularning kelajagi ko’pchilikni o’ylantirib qo’ygan. Ayrim tahlilchilar hozirgi vaziyatda bunday masalani o’rtaga solish fursati emas deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG