Qirg'izistonda yoshlarni radikalizmga nima undamoqda?


Rasmiy xabarga ko’ra, Istanbulda sodir etilgan terror xurujiga aloqadorlikda gumon qilinib, so’roqqa tutilgan Qirg’iziston fuqarosi qo’yib yuborilgan va vataniga qaytgan. Shubha tasdiqlanmagani va zikr qilingan insondan uzr so’ralgani aytilmoqda.

Ayni paytda Suriya hamda Iroqda faoliyat olib borayotgan terrorchi uyushmalar, xususan, "Islomiy davlat" saflarida bir necha ming markaziy osiyolik jangarilar borligi ma’lum. Bu hol mintaqa davlatlarini tashvishga solib kelmoqda.

“Amerika Ovozi” xavfsizlik masalalari bo’yicha bishkeklik taniqli mutaxassis, sharqshunos va adib Begijon Ahmedov bilan suhbatda bo’ldi.

“Bu mintaqaning barcha o’lkalari uchun dolzarb, yechish muhim muammo bo’lib qoldi. Suriya va Iroqdagi janggohlarga ko’p hollarda “jihod”ga moyil, yangi siyosiy salafiylik, siyosiy vahhobiylik oqimiga mansub yoshlar ketayapti. Ular vatanga qaytgan chog’da ona yurtlarida ham fitnalarga qatnashib, qo’poruvchilik ishlarini olib borishi ehtimoli davlat tizimlarini xavotirga solmoqda”, - deydi ekspert.

Uningcha, terrorchi guruhlarga qo’shilgan markaziy osiyoliklar orasida pul ishlab olish ilinjidagi savodsiz, kasb-korsiz shaxslar hamda aldanganlar, adashganlar ham oz emas.

“Ikki ko’rinish ko’zga tashlanadi. Birinchidan, Suriyada bizning mintaqaliklar mavjudligi va ular Turkiya, Pokiston, Afg’oniston, Markaziy Osiyo va boshqa tomonlarga yuborilayotgani. Ikkinchisi - soxta qirg’iz pasportidan foydalanish hollari”, - deydi suhbatdosh.

Aytish joizki, o’tgan yildan buyon Qirg’iziston jamiyatida bot-bot ashaddiy jangarilarni o’lka fuqaroligidan mahrum qilish, qo’li qonga botmagan, qilmishidan afsusda bo’lgan odamlarni esa afv etish, vatanga, tinch hayotga qaytarish takliflari yangramoqda.

Begijon Ahmedov bu tavsiyalarga qo’shiladi. Uningcha, ayni paytda, radikalizmning oldini olish, adashganlarni tinch turmushga qaytarish uchun maxsus dastur lozim.

Ushbu mutaxassis fikricha, Suriya va Iroqdagi nizolar barham topgan taqdirda ham, qon ta’mini totgan jangarilar tinchimaydi - ular boshqa joylarga yo’l olishi mumkin.

Ma’lumki, qator nufuzli xalqaro tashkilotlar mintaqa mamlakatlari, xususan, Qirg’izistonda aholining ayrim qatlamlarini radikal kayfiyatlardan muhofaza qilish, xalos etish loyihalari uchun mablag’ ajratib kelmoqda.

Ushbu loyihalar samarasi ko’zga tashlanmayotgani borasida tashvishlarni izohlar ekan, suhbatdosh ertami-kechmi, ijobiy natija bo’lishiga ishonch bildiradi.

XS
SM
MD
LG