Breaking News

“Qirg'izistonda hukumat hisobotlari odamlarni bir-biridan uzoqlashtirmoqda”


"Fuqarolar hamon qo’rquvda yashaydi. Qirg’izistonda hech kim, xoh shimol, xoh janub ahli bo’lsin, bexatar, osuda hayot kechirayotgani yo’q".
"Fuqarolar hamon qo’rquvda yashaydi. Qirg’izistonda hech kim, xoh shimol, xoh janub ahli bo’lsin, bexatar, osuda hayot kechirayotgani yo’q".

BMT hisobicha, dunyoda kechayotgan muzokaralarning yarmi odatda natijasiz yakunlanadi.

Dalillar shuni ko’rsatadiki, ayollar urushlarni tugatib, dushmanlarni yarashtirishga qodir. Shunga qaramay xalqaro maydonda ayol vositachilar ko’p emas.

Vashingtonda har yili jahonning eng dono xotin-qizlari yig’ilib, mana shu muammo yechimi haqida maslahat qiladi va o’z xulosalarini AQSh hukumatiga taqdim etadi.

Bu yilgi anjuman (A New Approach to Ending and Preventing Wars - Women Mediators) qatnashchilari orasida Qirg’iziston vakilasi, nodavlat-notijorat tashkilot - Tolerantlik jamg’armasi prezidenti Raya Qodirova (Raya Kadyrova) ham bor edi.

Raya Qodirova Qirg’iziston Inson huquqlari kengashi vakili. Prezident Asqar Akayevni ag’dargan inqilob paytida hukumat va muxolifat o’rtasida muzokarachi rolini o’tagan.

Raya Qodirova Tolerantlik jamg’armasi prezidenti. Fond tinchlik, sabr-toqat va xavfsizlikni targ’ib qiladi. 1998 yilda to’rt kishi bo’lib ish boshlab, hozir butun Qirg’iziston bo’ylab besh idorasi bor, jumladan O’sh, Jalol-Obod va Botkenda.
Raya Qodirova Tolerantlik jamg’armasi prezidenti. Fond tinchlik, sabr-toqat va xavfsizlikni targ’ib qiladi. 1998 yilda to’rt kishi bo’lib ish boshlab, hozir butun Qirg’iziston bo’ylab besh idorasi bor, jumladan O’sh, Jalol-Obod va Botkenda.

Tolerantlik jamg’armasi tinchlik, sabr-toqat va xavfsizlikni targ’ib qiladi. 1998 yilda to’rt kishi bo’lib ish boshlab, hozir butun Qirg’iziston bo’ylab besh idorasi bor, jumladan O’sh, Jalol-Obod va Botkenda. Bu fond shahar va tumanlardagi ahvolni kuzatib boradi va hukumatga mashalat-tavsiyalar berib turadi.

“Rasmiylar bilan ishlaymiz. Konfliktlarni qanday hal qilish, aholi bilan qanday muomala qilish borasida seminar-mashqlar o’tkazib turamiz”, - deydi u.

“Bilasiz, Qirg'iziston janubida, Tojikiston va O’zbekiston bilan chegaradosh hududlarda kelishmovchiliklarning ko’pi zaxiralarning yetishmasligi yoki noto’g’ri taqsimlanishi tufayli yuzaga keladi. Sug’orish uchun, kundalik turmush uchun zarur suv tanqisligi, yer talashish va hokazo”.

Bu muammolarni yechish uchun ko’pincha sarmoya zarur.

“Biz xalqaro donorlar orqali mana shu mablag’ni topishga harakat qilamiz” , -deydi u.

Raya Qodirova Vashingtondagi xalqaro anjumanda Markaziy Osiyo, xususan Qirg’izistonda xotin-qizlar roli haqida ma’ruzalar qildi.

“Qirg’izistonni nodavlat tashkilotlar yurti deyishadi. Mamlakatda taxminan 7 ming nodavlat tashkilot bor va ularni asosan xotin-qizlar boshqaradi. Konstitutsiyaviy kengashda ham ular faol. Dolzarb masalalarni ko’tarib chiqayotgan ham ayollar”, - deydi Raya Qodirova.

“Qirg’iziston ayollari qiynoqlar haqida baralla gapirdi. Qalami o’tkir, yozgani uchun tazyiqqa uchragan jurnalistlar orasida ham xotin-qizlar ko’pchilik”.

Qirg’iziston parlamentidagi o’rinlarning 30 foizi aynan ayollar uchun ajratilgan. Lekin Raya Qodirova fikricha gap sonda emas, sifatda.

“To’g’ri, parlamentda ayollar borligi muhim. Ammo davlatda 22 vazir bor bo’lsa, birortasi xotin kishi emas. Albatta, prezident va ko’pgina elchilarimiz ayol kishi ekanini hisobga olmay iloj yo’q”, - deya mulohaza yuritadi u.

Raya Qodirova o’tgan yilning fevralidan kuz oxirigacha janubdan deyarli chiqmadi. “Oyning har 10-15 kuni o’sha yerda edim. Hozir ham shu”, - deydi u.

AQShga ikki haftaga kelishga ham ikkilandi.

“Chunki Qirg'izistonda siyosiy ahvol kunda o’zgarib turadi. Bir qarasang parlament boshqaruvi, ertasi kuni yana qo’zg’olon. Ikki hafta juda katta muhlat”, - deydi Raya Qodirova.

O’tgan yilning yozi. Janubda davlat telekanali efirga chiqmay qo’ygan, odamlar dahshatli mish-mishlar bilan kun ko’rayotgan damda u O’sh va Jalol-Obodga borib, jurnalistlarni ishga, efirga qaytishga ko’ndirdi.

“Rasmiy matbuot yana ma’lumot uzata boshladi. Haqiqat uzatildi, demayman. Harna, xabar. Shu ham muhim qadam edi”, - deydi Raya Qodirova.

Nodavlat tashkilotlar, xotin-qizlar jamiyati jabr tortgan aholi bilan, qochqin ayollar bilan ishladi.

“Psixologlar yordam bergan bo’ldi. Lekin bu harakatlar u yerda, bu yerda, allaqanday tarqoq edi”, - deb hisoblaydi u.

Janubda 2010 yilning yozida yuz bergan qirg’in yuzasidan tekshiruv o’tkazgan milliy komissiya yaqinda o’z hisobotini parlamentga taqdim etgan.

Raya Qodirova nazarida bu hujjat elatlarni birlashtirish o’rniga bir-biridan yanada uzoqlashtirmoqda.

“Komissiya tuzilgan paytda meni ham unga taklif qilishdi. Lekin unga kirgan odamlar ro’yxatini ko’rib, notanish ismlarni o’qib, darrov yo’q dedim. Chunki bu ko’lamdagi ishni hamma ham eplay olmasdi. Bunga qodir kishilarni bilaman va ular ro’yxatda yo’q edi. Ro’yxat nodavlat tashkilotlar, tajribali ekspertlar bilan hisoblashmay tuzilgan edi”, - deydi Raya Qodirova.

Komissiya oshkora faoliyat yuritishi kerak edi, uning xulosalari xolis emas, deydi u.

“Masalan komissiya yozgi voqealarda qisman jurnalistlar aybdor deya xulosa qilgan. Chunki qirg’in paytida xorijiy va mahalliy jurnalistlar o’sha atrofda bo’lgan. Bu mutlaqo asossiz ayblov”, - deydi u.

Qirg’izistonlik mutaxassis birgina bandni tan oladi. Milliy komissiya hukumatning ayblarini e’tirof etdi. Muvaqqat rahbarlar janubda vaziyat qanchalik tahlikali va etnik nizolar xavfi kun sayin oshib borayotganiga e’tibor qaratmagan va zarur choralar ko’rmagan.

Lekin bunday xulosa chiqarish uchun komissiya tuzib o’tirishning keragi yo’q edi, deb hisoblaydi Raya Qodirova.


Milliy komissiya mahbuslar asosan o’zbeklar ekanini tan olgan.

“Qirg’iziston huquq-tartibot xodimlariga ishonch yo’q hisob. Odamlar aynan o’zbek bo’lgani uchun qamoqqa olingani haqida aniq ma’lumotlar bor. Qiynoqlar haqida dalillar keltirilmoqda. Bu esa sud hukmiga ishonchni umuman puchga chiqaradi. Ming afsus, Yevropa politsiyachilari biz xohlagandek maqom, vakolat ololmadi, Jalol-Obod va O’sh rahbarlarining qarshiligi bois. Ular sud, tergov jarayonini kuzatadi, degan umidlarimiz bor edi”.

Raya Qodirova fikricha, agar nodavlat tashkilotlar da’vati bilan bu ishlarning bari nihoyat qayta ko’rib chiqilsa, jarayonda xalqaro mutaxassislar ishtirok etsa, aksariyat mahbuslar ozod qilinishi aniq.

Uning Tolerantlik jamg’armasi yaqinda janubda aholi kayfiyati, elatlar yarashishga qanchalik tayyor ekanini aniqlash uchun so’rov-monitoring o’tkazdi.

“Xulosani Qirg’iziston hukumatiga ham, xalqaro tashkilotlarga ham bayon qildik – aholi yarashishga tayyor emas. Odamlar ruhiy-psixologik larzadan hali ham o’ziga kelmagan, xoh ayollar, xoh bolalar, xoh erkaklar bo’lsin. Bu insonlar psixolog yordamida muhtoj. Depressiya-ruhiy tushkunlik holati hukm surmoqda. Odamlarda kelajakka intilib, rivojlanib yashash hissi yo’qolgan. Mana shuning o’zi elatlarda yarashishga xohishni o’ldirgan. O’sh va Jalol-Obodga vrachlarni jo’natish kerak, holbuki, tibbiy mutaxassislar juda yetishmayapti. Shuni bildikki, Qirg’iziston psixolog, ruhshunoslari bunday fojea bilan yuzlashishga umuman tayyor emas”.

Raya Qodirovaning aytishicha, fuqarolar hamon qo’rquvda yashaydi. Qirg’izistonda hech kim, xoh shimol, xoh janub ahli bo’lsin, bexatar, osuda hayot kechirayotgani yo’q, deydi u.

“Odamlarning qo’lida hali ham bir dunyo qurol-aslaha bor. Uni qaytarish o’rniga erkaklar, otalar ko’proq xarid qilish harakatida. Qo’limda to’pponcham bo’lsa, o’zim ham, oilam ham bexavotirroq bo’ladi, deb o’ylaydi ular”.

Tolerantlik jamg’armasi raisasi yarashishga to’sqinlik qilayotgan yana bir omil – militsiya, hukumatdan hayiqish, ishonchsizlik hissidir, deydi.

“Mayda elatlar hukumatning biz bilan ishi yo’q, bizni himoya qiladigan vakillarimiz yo’q, deb hafsalasi pir bo’lgan. Iyun voqealaridan keyin nima uchundir yarashish marosimlariga militsiya bosh-qosh bo’ldi. Qurolini ko’tarib kelib, oqsoqollarni yig’di-da, kelishib yashaylik, deb da’vatlar qildi. O’zbeklar ham, qirg’izlar ham bu tomoshaga qarab turib, yurt tinch, hammasi joyida bo’lsa, nega militsiya to’pponcha ko’tarib keladi, deya so’radi. Ular nimalar qo’rqadi, deb savolga tutdi”.

Qirg’iziston hukumati bu sharoitda har bir fuqaro, millatidan qat’iy nazar qadrli ekanini namoyish etishi, televideniye, radio, matbuotdan turib, baralla aytishi kerak edi, deydi Raya Qodirova.

“Lekin Qirg’iziston rahbarlaridan bunday da’vatni eshitmadik. Har bir fuqaro bizga kerak, yurtni tashlab chiqayotgan qirg’iz ham, o’zbek ham, tojik ham biz uchun yo’qotish, deb hayqirmadi. Bugun mamlakatni eng malakali kadrlar tark etmoqda. Chunki kelajak, maqsad yo’q. Nodavlat tashkilotlar hukumatga tavsiyalar berdi, lekin bu undovlar javobsiz qoldi” , - deydi u.

XS
SM
MD
LG