Xalqaro Qizil Xoch Qirg’izistonga 10 million dollar yordam ajratish zarur demoqda

  • Amerika Ovozi

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi nazarida Qirg’iziston hali beri tinchimaydi.

Tashkilot hisobicha ziyon ko’rgan aholiga 10 million dollarga teng yordam zarur.

Qo’mita O’sh shahridagi kasalxonalarni ko’zdan kechirib, dori-darmon, oziq-ovqat bilan ta’minlamoqda.

Markaziy Osiyo va Rossiya bo’yicha mas’ul vakil Paskal Meyj Vagnerning aytishicha, Jalolobodda ahvol yanada og’ir, binolar hamon alanga ichida.

Tashkilot xodimlari otishma tufayli shaharga kira olmagan.

“Bu krizis qachon tugashi noma’lum. Yana qayerda g’alayon boshlanar ekan deb turibmiz. Odamlar ko’chaga chiqishga qo’rqib qolgan. Yaradorlar kasalxonaga borishga hayiqmoqda. Shifokorlar hayoti ham xavf ostida. Tez yordam mashinalariga hujum qilishgan, tibbiyot xodimlari garovga olinib, do’pposlangan”, - deydi u.

Vagnerning qayd etishicha, o’lganlar haqidagi rasmiy ma’lumotlar haqiqatdan yiroq. “O’sh shahridagi qabristonga qariyb 100 kishi ko’mildi. O’z ko’zimiz bilan ko’rdik. Ular rasmiy manbalarda qayd etilmagan. Ko’chalarda, uylarda qolayotgan jasadlarni kim sanamoqda”?

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi 15 iyundan boshlab yordam tashiladigan havo qatnovlarini yo’lga qo’yadi.

“Amerika Ovozi”ning Qirg’izistonda 2007 yilda o’ldirib ketilgan muxbiri Alisher Soipovning otasi Avaz Soipovning tasvirlashicha, O’shda hatto jasadlarni ko’mishga imkon yo’q.

“Hammasi yoqib yuborilmoqda. Qilgan jinoyatining izi qolmasligi uchun”, - deydi u.

O’tgan yakshanba O’shda qirg’iz va o’zbek jamoasi keksalari yig’ilib, adovatni unutishga chaqirgan. Tomonlar do’stlik ramzi sifatida bir-biriga non ulashgan. Biroq bu da’vatdan samara yo’qday.

Qo’shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va Rossiya Qirg’izistondagi ahvoldan tashvishda.

AQSh 800 ming dollar teng gumanitar yordam ajratishga qaror qilgan.
Bundan tashqari 200 ming dollarlik tibbiy va favqulodda anjom jo’natilishi kutilmoqda. Jarrohlik asboblari, tezkor tibbiy yordam uchun zarur jihozlar va kiyim-kechak shular jumlasidan.

O’zbekiston Bosh vaziri muovini Abdulla Oripov xalqaro hamjamiyatdan yordam so’rar ekan, shu paytgacha 45 ming qochqin ro’yxatga olindi, deydi.

Bu faqat katta yoshdagilar – ayollar, qariyalarni hisobga olganda. Qochqinlar oqimi oshib, ularni joylash uchun sharoit qolmagani bois dushanba kuni O’zbekiston hukumati chegarani yopgan. O'zbekistonga o'taman deb kelganlar soni 100 mingdan oshgani aytilmoqda.

“Gumanitar yordam olganimiz zahoti chegarani ochamiz”, - deydi Oripov.

BMT qochqinlar agentligi va Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti O’zbekistonga favqulodda delegatsiya va yordam yubormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG