Din

Qirg'izistonda din va davlat: Xalq artisti Oytoji Shabdonova bilan suhbat


Bugun dunyo bo'ylab musulmonlar muqaddas Qurbon hayitini nishonlamoqda. Ayrimlar uni haj ibodati bilan Saudiya Arabistonida o'tkazayotgan bo'lsa, ko'pchilik o'z uyida, oila a'zolari davrasida nishonlamoqda.

"Amerika Ovozi" Qirg‘iziston xalq artisti Oytoji Shabdonova xonadonida bo'ldi. Taqvodor oilada o’sib-ulg’aygan san’at arbobi keyingi yillarda din mavzusi bilan bog’liq salmoqli obrazlar yaratgan.

Suhbatdosh taqvo, din va davlat munosabatlari, erkinliklarni o’zgacha talqin qilish hollari borasida o’y-fikrlarini o’rtaga tashladi.

Suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

Amerika Ovozi: Markaziy Osiyo o’lkalarida taqvodorlar u yoki bu ko’rinishda bosimga uchrab kelmoqda, deydi kuzatuvchilar. Siz nima deb o’ylaysiz?

Oytoji Shabdonova: Musulmon farzandi, qolaversa, bir hoji ona qatori taqvodorlarni hurmat qilaman. Taqvo bu - inson madaniyatining bir qirrasi. Albatta, har bir musulmonning o’z taqvosi bo’lishi kerak. Lekin taqvo ahli davlat ishlaridan, siyosatdan olis bo’lishi, siyosatga aralashmasligi lozim,deb hisoblayman. Ayni paytda insoniy, hayotiy munosabatlarda rahna emas, namuna ko’rsatishlari joiz.

O’sh shahrida, Bobur nomidagi o’zbek akademik drama teatrida Oytoji Shabdonova (chapda, oldinda) ijro etgan rollardan biri

O’sh shahrida, Bobur nomidagi o’zbek akademik drama teatrida Oytoji Shabdonova (chapda, oldinda) ijro etgan rollardan biri

​Bolaligimni eslayman. U paytlardagi taqvodorlar boshqacha edi. Mening otam Qozon shahrida madrasani bitirgan bilimdon mulla edilar. Ammo balog’atga yetgunimizga qadar “ro’mol o’ra”, “yuzingni yop", demaganlar. Dindor xonadonlarda ham to’y-to’kinlar ashula-raqs, xush kayfiyat bilan o’tkazilar edi. Hozirchi? To’y-tomoshalar xuddi aza singari jimlikda o’tayapti. Musiqa harom, san’at harom, san’atkorga quloq tutish gunoh emish. “Kuy-musiqa bo’lmasin, san’atkorlar kelmasin, yo’qsa, biz bu xonadonga qadam bosmaymiz”, deb shart qo’yishni odat qilib olishgan hozirgi mulla akalar va otincha ayalar. Afsuski, bunday shartlarga, aytaylik, Janubuy Qirg’izistonda, ko’pchilik “miq” etmay ko’nayapti.

Endi ayting, kim kimga bosim o’tkazayapti o’zi?

Aslida islom - insonparvar, xalqparvar din, aql-farosat, odob ko’zgusi. U odamlarning manfaatlarini ko’zlaydi. O’zlarini taqvodor sanayotgan hamyurtlarimiz ovoza qilayotgan talab-xulosalari bilan shirk keltirayotganini bilmaydimi?

Qisqa qilib aytganda, qani endi taqvodorlarimizning diniy savodxonligi ham, dunyoviy bilimlarda savodxonligi ham yuksak bo’lsa.

Amerika Ovozi: Hoji ona, davlatning din sohasidagi siyosati haqida nima deya olasiz?

Oytoji Shabdonova: Mustaqillik yillari davlat dinga katta yo’l berdi. Diniy ta’lim sohasini olaylik. Qancha o’quv yurtlar, madrasalar ochildi. Masjidlarning sanog’i yo’q. Ibodatga hamma sharoit tuzilgan.

Lekin erkinliklardan to’g’ri foydalana olmayapmiz, menimcha. Guruh-guruhga bo’linib, boshqa tomonga og’ib ketilyapti. Davlat nazoratni kuchaytirishi lozim, yo’qsa, muammolar paydo bo’ladiganga o’xshaydi.

Amerika Ovozi: Ayrim tahlilchilar, ayniqsa, chet ellik kuzatuvchilar deydiki, Markaziy Osiyo o’lkalari, jumladan, Qirg’izistonning din sohasida siyosati qat’iylashayotgani bois dindorlarning ayrim qatlamlari, xususan, xotin-qizlar davlat hayotidan uzoqlashib, radikal kayfiyatlarga chalinmoqda. Ushbu iddaolarga qanday javob berasiz?

Oytoji Shabdonova: Bu noto’g’ri. O’sha “bugungi hayotdan qoniqmagan” odamlar asl taqvodor bo’lsa, sabr degan narsadan xabarlari bordir. Ota-bobolarimiz borga ham, yo’qqa ham qanoat qilib yashashgan. Bugungi farovon hayot, erkinliklarni qarang...

Nojoiz o’ylarga berilayotganlarga kelsak - bu ularning ojizligidan, diniy masalalarda ham, dunyoviy masalalarda ham savodsizligidan, deb o’ylayman.
O’qiylik, o’rganaylik, diniy va dunyoviy bilimlarni uyg’un ravishda o’zlashtiraylik, yuksak madaniyat sari intilaylik.

Qurbon hayit muborak bo’lsin, azizlar!

XS
SM
MD
LG