Breaking News

Qirg’izistonda diniy ta’lim konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda


Bishkek
Bishkek

Qirg’iziston hukumati diniy ta’lim konsepsiyasi ishlab, bu yo'nalishdagi o’quv yurtlari faoliyatini tubdan isloh etish, sof qadriyatlarga xizmat qiluvchi malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini barpo etmoqchi.

Qirg’izistonda 75 ta o’rta va oliy diniy ilm maskani mavjud bo’lib, ularning aksarida ta’lim-tarbiya jarayoni yaxshi izga solinmagan, deydi rasmiylar. Shart-sharoit, keng qamrovli dastur va tajribali ustozlar taqchil.

Diniy ishlar bo’yicha Davlat agentligi rahbari O’rozbek Moldaliyev deydiki, ekspert guruhi tayyorlayotgan diniy ta’lim konsepsiyasi bu sohani tartibga solish va aholi savodxonligini ko’tarishni ko’zda tutadi.

Qirg’izistonda diniy o’quv muassasalari asosan xorijiy hamda mahalliy sarmoyadorlar mablag’iga tashkil etilgan, aksari xususiy mulk hisoblanadi.

Madrasalarda o’quv-tarbiya ishlari odatda mazkur muassasalarning o’z imkoniyatidan kelib chiqqan holda, baholi qurat, ko’p joylarda o’z bilganicha olib boriladi.

Mulozimga ko’ra, davlat diniy ta’lim tizimida o’rin olgan kamchiliklarni bartaraf etish va sohani shakllantirishda ko’mak ko’rsatishga kirishdi.

“Yangi konsepsiyaning talablariga javob bermaydigan madrasalar yopiladi. Dunyoviy oliy o’quv yurtlar tarkibidagi teologiya kulliyotlarining mavqei va faoliyati qayta ko’rib chiqiladi. Ayni paytda, zamonaviy asoslarga tayangan o’quv yurtlari ochilmoqda. Masalan, poytaxt Bishkekda Arabayev nomli universitet qoshida diniy hamda dunyoviy bilimlar beruvchi kolledj ish boshladi. Hozir Diniy boshqarma uchun rahbar xodimlar tayyorlovchi institut tashkil etilmoqda”, - deydi Moldaliyev.

O’sh viloyat gubernatorining diniy ishlar bo’yicha maslahatchisi To’xtasin Japarov fikricha, bu sohani takomillashtirishda muftiyatning faolligi lozim. Madrasalar malakali ustozlarga muhtoj, diniy o’quv yurtlarining moddiy-texnik ta’minotini yo’lda qo’ymoq joiz.

Dinshunos olim, Bishkekdagi “Din, qonun va huquq” atalmish tahliliy markaz rahbari Qodir Malikov deydiki, diniy ta’lim tizimni tashkiliy jihatdan tub isloh qilish payti keldi.

“Toki din xizmatchilari nafaqat zamon olg’a surayotgan dolzarb savollarga javob bera olsin, balki jamiyatni muhim vazifalarga safarbar qila bilsin. Ertangi kunning talablariga ham tayyor bo’lsin”, - deydi Qodir Malikov.

Quyi, o’rta va oliy o’quv yurtlarini o’z ichiga olgan, umumiy dasturlar hamda umumiy boshqaruvga ega yagona tizimni yo'ga qo'yish kerak, deydi u.

Suhbatdosh ta’biricha, madrasalar soni emas, balki sifati muhim. Mazkur muassasalar nafaqat diniy ta’lim, balki dunyoviy bilimlar, madaniyat va ma’naviyat markazlari bo’la olishi kerak.

XS
SM
MD
LG