Xalqaro taftish tavsiyalarini bajarish qirg’iz hukumati zimmasida


Xalqaro taftish tavsiyalarini bajarish qirg’iz hukumati zimmasida

Xalqaro taftish tavsiyalarini bajarish qirg’iz hukumati zimmasida

BMT Inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Navi Pillay O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inni tekshirgan xalqaro komissiya hisobotini olqishlab, Qirg’iziston hukumatini uning tavsiya-maslahatini jiddiy qabul qilishga va zarur qadamlar tashlashga undamoqda.

“Tekshiruv 2010 yilning yozida ro’y bergan fojia uchun javobgar shaxslarni aniqlab, javobgarlikka tortish uchun zamin yaratdi”, - deydi Navi Pillay.

“Elatlar bir-birini kechirib, yarashsin desak, adolat qaror topishi shart. Xalqaro ekspertiza ana shu maqsadga erishish yo’lida muhim hissa qo’shdi”, - deydi BMT rasmiysi.

Xorijiy mutaxassislar ishtirokida mustaqil tekshuruv o’tkazish tashabbusi Roza Otunbayeva ma’muriyatining o’zidan chiqqan. Endi uning xulosalariga asoslanib tegishli chora-tadbirlar ko’rish ham hukumat zimmasida.

“Qirg’iziston markaziy va mahalliy boshqaruv organlari bu ishni tezkor ruhda yakuniga yetkazadi degan umiddamiz. Jinoyat ortidagi shaxslarni fosh etish dadillik va jasorat talab qiladi”, - deydi Navi Pillay.

Qo’shma Shtatlar ham Qirg’iziston hukumati xalqaro komissiya ishiga yo’l berib, hamkorlik qilganini tahsin etmoqda.

“Mojaroga doir faktlarni to’laligicha va obyektiv ravishda tushunish tomonlarni yarashtirishda hamda kelajakda bunday voqealarning oldini olishda katta rol o’ynaydi”, - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Obama ma’muriyati rasmiy Bishkekni komissiya hisobotda bitilgan tavsiyalarni bajarishga chaqirmoqda.

Asosiy xulosalardan biri shuki, 2010 yilning iyunida O’sh va Jalol-Obodda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan va jabr ko’rganlar asosan o’zbeklar.

Qirg’iziston rahbariyati ushbu xulosaga qo’shilmasligini bayon etgan.

150 dan ziyod mamlakatda huquq ahvolini kuzatuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili Nikolya Dakvort nazarida hisobot chuqur tahlil qilinib, konstruktiv ruhda yozilgan.

“Hukumat unda kelitirilgan faktlarga ko’z yuma olmaydi”, - deydi mutaxassis. “Bu jinoyatning tagiga yetishdan muhimroq vazifa yo’q. Xalqaro va mahalliy qonunlar shuni talab qiladi”.

XS
SM
MD
LG