AQSh diplomati: Qochqinlar vatanga qaytishi uchun sharoit yaratish kerak

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk (Blake) bugun Qirg’izistonda muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva bilan uchrashgan.

Bleyk minglab qochqinlar vatanga qaytishi uchun sharoit yaratilishi, qirg’inga turtki bergan sabablar aniqlanishi lozim, deydi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha, qonli voqealarda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning ham aybi bo’lishi mumkin. “Adovat atayin avj oldirilgani haqida da’volar bor. Bu fikrlar sinchiklab o’rganilishi lozim”, - deydi Klinton.

"Biroq hozir xalqaro hamjamiyat oldida turgan asosiy vazifa – muvaqqat hukumatni qo’llab-quvvatlash, toki insonparvarlik ko’magi tezda manzilga yetib borsin", - deydi vazira.

O’zbekiston rahbari Islom Karimovning aytishicha, bu fojeada na o’zbek, va na qirg’iz xalqining aybi bor. “G’alayonni tashqi kuchlar rejalagan”, - deydi u.

O’sh yaqinida, VLKSM qishlog’ida minglab o’zbeklar barrikadalar qurib, jon saqlamoqda. “Biz tug’ilib o’sgan yer shu, lekin ortiq yashay olmaymiz bu yurtda”, deydi ba’zilar. Chegarada odam tumonat ekan, sanitariya ahvoli og’ir, ich ketish kabi kasalliklar tarqala boshlagan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qirg’izistonga gumanitar yordam uchun 71 million dollar zarur demoqda. Mablag’ elatlararo ixtilofdan jabr ko’rgan qariyb million odamga atalgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun so’zlariga ko’ra, Qirg’izistonda 300 ming odam xonadonini tashlab chiqqan. 100 ming kishi qo’shni O’zbekistonga bosh olib ketgan. Mojaro yana yuz minglab odamning hayotini ostin-ustun qilib yuborgan.

“Shaharlarda ovqat, suv yetishmaydi, elektr ta’minoti ishdan chiqqan”, - deydi BMT rahbari. “O’g’rilik, zolimlik, bezorilik tufayli odamlarga yegulikni yetkazib bo’lmayapti. Kasalxonalarda dori-darmon tugab bormoqda”, - deydi Pan Gi Mun.

BMT rasmiysi muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva va O’zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan muntazam aloqada. Tinchlikni tiklash, gumanitar yordam oqimini yo’lga qo’yish yo’llarini izlayapmiz, deydi Pan Gi Mun.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti insonparvarlik yordami tariqasida kelasi yarim yilda 71 million dollar jamg’arishni rejalagan. O’zbekiston uchun alohida mablag’ yig’iladi, deydi tashkilot rasmiylari.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi vakili Kristian Kardonning aytishicha, masjid, hukumat idoralarida yashiringan odamlar yegulik, ichimlik suviga muhtoj. Qo’mita O’sh shahriga 12 ming litr suv, moy, bug’doy, guruch yetkazgan.

“BMT bugun va erta Qirg’iziston janubiga, O’sh shahriga 80 tonna gumanitar yordam eltadi”, - deydi qochqinlar masalalari bo’yicha mas’ul Andrey Maxechich.

Jahon oziq-ovqat dasturi doirasida ikki haftaga yetgulik yordam tarqatila boshlagan. BMT Bolalar jamg’armasi Bishkekka 35 tonna mahsulot jo’natgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG