Qirg'iziston-Rossiya aloqalarida "yangi uyg'onish davri"?


Kuzatuvchilarning aytishicha, siyosiy va iqtisodiy jihatdan qaddini rostlab olgan Rossiya hozir Markaziy Osiyo bilan aloqalarini rivojlantirmoqda.


Ayrim mutaxassislar ta'rificha, hozir Bishkek-Moskva munosabatlari o’ziga xos yangi “Uyg’onish davri”ni boshdan kechirayotir.

“So’z yirik va mayda gidrostansiyalar hamda boshqa korxonalar qurish, gaz-yonilg’i ta’minoti, transport, bank sohalarini rivojlantirish haqida ketayapti”, - deydi o’shlik iqtisodchi olim Alisher Yusupov.

Yaqinda Rossiya yordamida Qirg’iziston qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishga kirishilgan. Bu maqsadda Moskva 1,2 milliard dollarga teng mablag’ ajratgani aytiladi. Mahalliy tahlilchilar nazarida Rossiyaning bunday faol diqqat-e’tibori Bishkek strategik hamkorlardan biri sifatida ko’rilayotgani bilan izohlanadi.

“Moskva Qirg’izistonni mustaqil hamda do’stona o’lka sifatida ko’raverishni istaydi va bu yo’lda tegishli harakatlar qilmoqda”, - deydi bishkeklik harbiy tahlilchi polkovnik Leonid Bondarets.

Suhbatdoshning aytishicha, mustaqillik yillarida har tomondan mablag’ so’rab, bir vaqtning o’zida ikki kursida o’tirishga o’rganib qolgan qirgi’z siyosiy elitasi oxir-oqibat bir qarorga kelish, kim bilan va qanday qadam tashlash lozimligini anglab yetgan ko’rinadi.

Mutaxassislar so'zlariga ko'ra, avvallari Moskva Qirg’izistonga yirik moliyaviy ko’mak ajratish bilan cheklanib kelgan. Bu pullar odatda nazoratsiz sarflanib, oqibatda sovurilib ketgan. Endi esa Rossiya aniq, adresli yirik iqtisodiy, madaniy va harbiy loyihalarni sarmoyalamoqda.

Bu tomonlarga nima beradi?

“Birinchidan, Rossiya ekstremizm, avvalo diniy ekstremizmni o’z sarhadlaridan uzoqlashtiradi. Ikkinchidan, Moskva do’stona o’lka bilan bo’ladi. Uchinchidan, iqtisodiy aloqalar kuchayadi, axir, hozirgi dunyoda yirik iqtisodiy birlashmalargina yashab ketishga qodir”, - deydi Bondarets.

AQSh harbiylari "Manas” aeroportidan chiqib ketishi ortidan Rossiya sarmoyadorlari ishtirokida ushbu joyda katta logistika markazi barpo etish imkoni aytilmoqda. Bu o’rinda, qaysi bir ma’noda, Amerika harbiylarining Qirg’izistondan chiqa boshlashi Rossiya uchun yaxshi, deyish mumkinmi?

“Ijara haqi, turli soliqlar va boshqa to’lovlarni hisoblaganga “Manas”dan mamlakat xazinasiga yiliga 140 million dollar tushar edi. Bazaning yopilishi haqida gap ketar ekan, Rossiyadan ham bir narsa kutilgan bo’lsa kerak”, - deydi o’shlik iqtisodchi olim Alisher Yusupov.

Suhbatdoshlarning aytishicha, Qirg’izistonga yirik sarmoyalar kiritar ekan, Moskva tabiiyki dastavval o’z geostrategik manfaatlarini ko’zlaydi.

“Ayni paytda Rossiya va Qirg’iziston aloqalarining kuchayishi, Qirg’iziston salohiyatining osha borishi ayrim qo’shni mamlakatlarda xavotir uyg'otishi ehtimoldan holi emas”, - deydi suhbatdoshlardan biri.
XS
SM
MD
LG