Boshpanasiz o’shliklarning maktab haqida o’ylashga holi yo’q

  • Amerika Ovozi

Qirg’in va iqtisodiy taqchillik olib kelgan yoz fasli oxirlab, yangi o’quv yili yaqinlashar ekan, Qirg’iziston janubida ota-onalar yana bir jiddiy muammo bilan yuzlashmoqda. Kunini bazo’r ko’rayotgan aholi uchun zurriyotini ko’chaga chiqarish ancha xavfli bo’lib qolgan. Ko’pchilikda bolalarni maktabga tayyorlashga imkon, kiyim-kechak, kitob va o’quv qurollari sotib olishga pul yo’q.

Yangi o’quv yili arafasida Qirg’iziston maktablarida darsliklar taqchilligi keskin sezilmoqda. Bu haqda Ta’lim va fan vaziri Qanat Sadiqov aytgan. Uning so’zlariga ko’ra, hozir davlat xazinasi barcha o’quvchilarni bepul dasrliklar bilan ta’minlay olmaydi.

Ayni paytda Qirg’iziston januda iyun oyida ro’y bergan etnik to’qnashuvlar ortidan ushbu hudud maktablarida xavfsizlik masalasi ko’ndalang turibdi. O’shlik ota-onalar dardi biro lam:

“Maktabga tayyorgarlik yo’q bizda. Umuman yo’q. Bolalar maktabga boradimi, bormaydimi, buni men bilolmadim. Endi ba’zi bir kattaroq bolalar Rossiyaga ketib qolayapti. O’sha yoqda o’qiylik deb. Qolgan bolalar endi shu yerda yuribdi. Kim biladi, biz bir narsa bolalarga deyolmayapmiz. Bizga hech kim hech narsa degani yo’q. Bir nevaram Lomonosov maktabida o’qir edi. O’qituvchilar ham ketib qolibdi emish-ku. Bolalar bilmayapti, biz ham bilmayapmiz”, - deydi mana bu ota.

“Har yili avgust oyi maktabga tayyorgarlik oyi hisoblanar edi. Bu yil uni o’ylagani hali vaqtimiz ham bo’lgani yo’q, chunki hammamiz ko’chada o’tiribmiz. Ikkita qizim o’qiydi maktabda – so’rashayapti maktabga nima qilamiz deb. Bilmaymiz. Hech qanaqa tayyorgarligimiz yo’q. Nolevoy stadiyada o’tiribmiz. Xavfsizlik tomoni ham mahallada ko’p gap bo’layapti. Agar maktab direksiyasi tomonidanmi, oblonomi, gorono tomonidanmi shu voproslar yechilmaguncha bir narsa deya olmaymiz. Chunki bolalarni maktabda qo’yib yuborib, keyin qaytib keladimi, yo’qmi uni xudo biladi. Hozirgi obstanovka shuni ko’rsatayapti. Bitta-yarimtasi kelib bolalarni olib ketib qolishiyam problema tug’dirmaydi, bemalol opketib qolishi mumkin. Shuning uchun biz hozir biror narsa deya olmaymiz. Favlat tomonidan biror garantiya bo’lsa, shunga qarab ish tutamiz”.

Uylari vayron bo’lgan minglab odamlar bolalarni maktabga tayyorlash uchun mablag’ yo’qligidan shikoyat qiladi.

“Maktabga kiyim ham olganimiz yo’q. Endi darsliklar maktab boshlanganida bilinadi. Har yili berar edi borini, yog’ini qidirib topar edik. Bu yil hali ularni gaplashganimiz ham yo’q. Formalarni olishga vozmojnost ham yo’q-da moddiy tomondan. Mening holim shunday bo’lgandan keyin boshqalarning holini tushunavering”, - deydi mana bu o’shlik.

“Maktab yaqinlashgani sari ota-onalarda bezovtalik boshlandi. Hozir shunaqa holatga kelindiki, hamma yoq teng yonib ketgan. Odamlar ustidagi kiyimi bilan chiqib ketgan. Endi bu narsa kattalarnigina emas, o’quvchilarning ham boshini qotirdi. Ularning sumkasi ham, poyafzali ham yo’q. Ota-onalar bu narsalarni olib berishga ulgurmayapti”.

Rasmiylar maktablarni yangi o’quv yiliga tayyorlash uchun keng ko’lamli choralar ko’rilayotganini aytadi. Xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda o’quv maskanlarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ishlar olib borilmoqda, deydi Qirg’iziston bosh vaziri o’rinbosari O’ktamxon Abdullayeva. Har bir maktabda xavfsizlik xizmati joriy etilgan. Ularning maoshini Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti to’laydi. O’sh shahar meriyasi maktab o’quvchilarini tashish uchun 35 avtobus ishga tushishini aytgan. Muallimlar hozirgi sharoitda bolalar bilan ishlash yo’llarini o’rganmoqda. Shundany bo’lsa-da, ko’pchilik ota-onalar bolalarni maktabga yuborishga cho’chiydi. Ayni paytda ular o’z farzandlarini ta’lim sohasidan ajratish nimalarga olib kelishini yaxshi tushunadi. O’shlik qalamkash Saltanat Fayzullayeva deydiki:

“Ziyoli odam hech vaqt birovga zarar yetkazmaydi. Zarar yetkazish haqida o’ylamaydi ham. Savob va gunoh o’rtasidagi tafovutni biladi. Hamma narsa, hamma jinoyat shu bilimsizlik, ongsizlik oqibatida yuz beradi. Biz o’quvchilarimiz, bolalarimizni o’qitmay qolar ekanmiz, yana ongsiz, siyosatni to’g’ri tushunmaydigan kishilar safi kengayib qoladi”, -deydi u.

“Endi sploshnoy negramotnost bo’ladi. Madaniyat yo’qoladi. Yomonlikka yetaklaydi bu”, - deydi o’shlik ota.

Mahalliy nohukumat tashkilotlar bolalarni maktabga tortish uchun ota-onalar ham, davlat idoralari ham barcha choralarni ko’rishlari zarurligini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG