Qirg'iziston Oliy sudi Azimjon Asqarovga nisbatan hukmni o'z kuchida qoldirdi

  • Amerika Ovozi

Qirg'iziston Oliy sudi Azimjon Asqarovga nisbatan hukmni o'z kuchida qoldirdi

Qirg'iziston Oliy sudi Azimjon Asqarovga nisbatan hukmni o'z kuchida qoldirdi

Qirg’iziston Oliy sudi taniqli inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovga nisbatan chiqarilgan hukmni o'z kuchida qoldirishga qaror qildi.

Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) buni mamlakatdagi matbuot erkinligiga jiddiy zarba, deya baholadi.

Mustaqil jurnalist va inson huquqlari faoli, Qirg’iziston janubida ish yuritgan “Havo” (Vozduh) tashkiloti rahbari Asqarov 2010-yil iyun oyida mamlakat janubida qirg’iz va o’zbeklar o’rtasida yuz bergan qonli to’qnashuvlardan keyin hibsga olingan edi.

Faol aholini zo’ravonliklarga da’vat etish, millati qirg’iz militsionerini o’ldirishda ishtirok etish kabi og’ir jinoyatlarda ayblangan. Xalqaro inson huquqlari guruhlari va matbuot erkinligi bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar ayblovlarni asossiz, dalillarni esa soxtalashtirilgan, deb keladi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Asqarov jurnalist sifatida militsiya xodimlarining g'ayriqonuniy faoliyati haqida ma’lumot to’plagani sababli ta’qibga uchragani va ozodlikdan mahrum etilganini ta'kidlaydi.

Mahalliy va xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Qirg’iziston rasmiylaridan Asqarovni ozod etishni so’ragan.

Shunga qaramay, 2010-yil sentabr oyida faol sud qilinib, dalillarning deyarli yo’qligiga qaramay, umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Asqarov advokati Nurbek Toktakunovga ko'ra, qamoqxonada jurnalist qiynoqqa solingan. U Oliy sudga shikoyat qilgan edi. Endi esa ish ko’rilib, hukm o'zgarishsiz qoldirildi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Qirg’iziston hukumatidan Asqarovni darhol ozod etishni so’ramoqda.

20-dekabr kuni tarqatilgan bayonotda tashkilot rahbari muovini Robert Maxoni shunday deydi:

“Asqarov ustidan chiqarilgan hukm bir narsadan dalolat beradi: Qirg’iziston hukumati rasmiylar tomonidan inson huquqlarining poymol etilishi hollari haqidagi ma’lumotlarni bosti-bosti qilmoqchi va so’z erkinligini bo’g'ayapti”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG