Suzoqda hukm o'qilgan o'zbeklarning oilalari adolat talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Jalol-Obod

Jalol-Obod

O'tgan kuni Qirg'izistonning Jalol-Obod viloyati, Suzoq tumanida 19 fuqaro ustidan sud ishi yakunlandi.

Ular shu yilning iyun oyida yuz bergan tartibsizliklarda ishtirok etganlik, milliy nizo qo'zg'atish va qotilliklarda aybdor deb topilgan.

Aksar ayblanuvchilar Qirg'izistondagi eng oliy jazo - umrbod qamoqqa hukm qilingan.

Sudlanganlar, deydi ularning qarindoshlari, o’z xonadonlarini himoya qilgan va “Sanpa” paxta tozalash zavodi yaqinidagi to’qnashuvlarda 16 emas, faqat 2 fuqaro o'lgan.

Bu o'zbeklarning arzi shuki, ayblovlar kuch bilan qo’yilgan. Ular mamlakat rahbariyatiga shikoyat bilan chiqmoqda.

Jalol-Oboddagi “Spravedlivost” inson huquqlari tashkiloti bu sud jarayoni uchun advokatlar yollagan va ishni yaqindan kuzatgan.

Bu tashkilot xodimi Abdumalik Sharipovning aytishicha, sudlanganlarning hammasi o'zbek.

"Usmonali Ablazov va Farhod Abdujabborov ismli shaxslarga 25 yildan, qolgan 17 kishiga esa umrbod qamoq jazosi berildi", - deydi u.

Huquq himoyachisi nazarida bu adolatsiz hukm.

"Oldin ham aytganmiz, bugun ham aytamiz: Bu yerda sudlanuvchilarning huquqlari poymol qilindi. Ularning qarindosh-urug'lari va guvohlar sud zaliga kira olmadi. Bunga imkon bo'lmadi".

Abdumalik Sharipov deydiki, har bir sudlanuvchining ishi alohida, izchil ko'rib chiqilishi kerak edi. Ular jinoyat sodir etilgani aytilayotgan kunlarda qayerda bo'lgan? Kim bilan bo'lgan?

Advokatlarning ta'kidlashicha, aybnomalar hammaga bir xil yozilgan. Faqat familiyalari o'zgartirilgan, xolos.

"Qanday qilib bu sudni adolatli deb aytish mumkin"? - deya so'raydi Abdumalik Sharipov.

Tergov ma'lumotiga ko'ra, 11-12 iyun kunlari Suzoq tumanidagi "Sampa" paxta tozalash zavodi yaqinida bir guruh o'zbeklar O'sh-Bishkek avtoyo'liga sirg'antiruvchi modda sepgan va mashinalarni to'xtatib, yo'lovchilarga hujum qilgan. Buning oqibatida 16 kishi halok bo'lgani, 9 mashina yoqib yuborilgani da'vo qilinadi.

Sud bu ayblovlar tasdiqlangan deb hisoblaydi. Mahkama jarayoni xavfsizlikni ta'minlash maqsadida viloyatning turli burchaklarida o'tkazilgan.

Ammo bu chora sudlanuvchilar, ularning yaqinlari va advokatlarini jabrlanuvchi tomonlarning tajovuzidan qutqara olmagan.

"Jabr tortganlarning qarindosh-urug'lari ularni kaltaklab, advokatlarini ham urish hollarigacha yetib bordi",- deydi huquq himoyachisi Abdumalik Sharipov.

Iyun oyidagi to'polonlar yuzasidan Qirg'iziston janubiy viloyatlarining turli tumanlarida sud jarayonlari davom etmoqda.

Kuzatuvchilar aksar ayblanuvchilar o'zbek ekaniga e'tibor qaratadi. Lekin sudlanuvchilar orasida qirg'izlar ham bor.

Mahalliy advokatlar guruhi davlat tizimlariga murojaat qilib, jarayonlarda tartibni ta'minlashni talab qilgan.

Ammo bu samara bermadi, deydi himoyachilardan biri. Rasmiylar advokatlar bilan xo'jako'rsinga uchrashgan xolos, deydi u. Bunda sud, prokuratura va Azimbek Beknazarov bilan o'tgan uchrashuv nazarda tutilmoqda.

"Lekin advokatlarning aytishicha, vaziyat qanday bo'lsa shunday qoldi. O'sha po'pisa, do'q qilish, qo'rqitish holatlari bu uchrashuvlardan keyin ham davom etdi", - deydi himoyachi.

Suzoqda sudlanganlarning advokatlari hukmga e'tiroz bildirmoqda. Oqlovchilarning qayd etishicha, tergov va sud jarayonida jiddiy qonunbuzarliklarga yo'l qo'yilgan. Olg'a surilgan ayblar to'la isbotlanmagan. Qoralovchi tomon bu da'volarni rad etmoqda.

Jalol-Obod, 12 iyun 2010

Jalol-Obod, 12 iyun 2010

Jalol-Obod, 13 iyun 2010

Jalol-Obod, 13 iyun 2010

Jalol-Obod, 13 iyun 2010

Jalol-Obod, 13 iyun 2010

Jalol-Obod, 15 iyun 2010

Jalol-Obod, 15 iyun 2010

Jalol-Obod, 20 iyun 2010

Jalol-Obod, 20 iyun 2010

Jalol-Obod, 19 iyun 2010

Jalol-Obod, 19 iyun 2010

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG