Qirg'iziston jamoatchiligi Suriyaga otlanayotgan yoshlardan xavotirda


Hims shahri, 8-may, 2014

Hims shahri, 8-may, 2014

Qirg’izistonning O’sh viloyatida Suriyadagi jangovar harakatlarda qatnashgani gumon qilingan fuqaro qo’lga olingan.

Militsiyaning aytishicha, u yetti oy mobaynida terroristik guruh safida urushgan va yaqinda Qirg’izistonga qaytgan.

Avvalroq mahalliy matbuot Qirgiziston janubidan kamida 50 odam Suriya muxolifati safida ekanini taxmin qilgan edi. Savol tug’iladi - ular Suriyaga nima uchun ketmoqda? Janubiy qirg’izistonlik ayrim dindor yoshlar Suriyadagi urushda qatnashish maqsadida mamlakatni tark etayotgani haqidagi xabarlar mahalliy matbuot hamda militsiya ishtirokidagi majlislarda bot-bot yangrab turibdi.

Din ishlari bo’yicha Davlat komissiyasining janubiy bo’limi boshlig’i Qurbonali Uzoqov bu holatni yoshlar orasida diniy sabodxonlikning pastligi bilan izohlaydi.

“Asosiy sabab yoshlarimizda din borasida to’liq tushuncha yo’qligi. Ikkinchidan, ishsiz yoshlar ko’p pul topasizlar, degan gaplarga uchayotgan bo’lishi mumkin. Har holda, shunday taxminlar yo’q emas. Lekin ko’proq jihod qilsanglar, to’gri jannatda tushasizlar, deb avrab yollash hollari uchraydi”, - deydi Din ishlari bo’yicha Davlat komissiyasining janubiy do’limi boshlig’i Qurbonali Uzoqov.

Yana uning aytishicha, o’sha guruhlarga kirib qolgan yoshlarning vatanga qaytib, yot g’oyalarni yoyishga urinishi o’lkada barqarorlikka, xavfsizlikka tahdid solishi mumkin.

“Yosh yigitlar yollovchilar chaqiriqlariga uchmasligi uchun joylargda tushuntirish ishlarini kengaytirish alohida ahamiyat kasb etadi”, - deydi Uzoqov.

O’sh viloyati Aravon tumani hokimi Shamil Ortiqovning aytishicha, uning tumanidan ayrim yigitlar Suriyaga ketgani haqidagi gap-so’zlar ayrim xalqaro hisobotlarga hamda matbuotda tilga olinmoqda. Ammo bu gaplar rasman o’z tasdiqini topgani yo’q, deydi u.

Shunday bo’lsa-da, viloyat va tumanlarda aholi orasida tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Xalqaro islom hamkorligi markazi jamoatchilik tashkiloti rahbari, taniqli ulamo Sodiqjon Kamolov yoshlarni ogohlikka, adashmaslikka chaqiradi.

“Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarni suiiste’mol qilib, bizning mamlakat yoshlarini ham o’zlari tomon chorlash hollari ko’payayapti. Afsuski, demokratiya niqobi ostidagi boshboshdoqlik, anarxiyadan foydalanib, ayrimlar shunday nojoiz ishlarga borishayapti. Suriyaga jihod, deb ketayotgan odamlarning yo’li, ishi noto’g’ri, chunki u yerda bo’layotgan urush fuqarolar urushi, hokimiyat talashish, siyosiy nayranglardan iborat. Buning orqasida katta-katta davlatlar turibdi. Musulmonlar yurti xonavayron bo’layapti”, - deydi u.

13-may kuni mahalliy “ElTR” telekanalida o’tkazilgan suhbat “Qizlarimiz nega Suriyaga ketayapti?” degan mavzuga bag’ishlandi. Unda Qirg’izistondan hatto ayol-qizlar ham jihod yo’lida Suriyaga otlanayotgani haqida fikr yuritilgan.

Sodiqjon Kamolov fikricha, Qirg’iztondan ketayotgan ayollarning asosiy qismini o’zlarini mujohid deb atayotgan odamlarga turmushga chiqish uchun targ’ib qilinayotgan yoki mablag’ to’plashni maqsad qilgan qiz-juvonlar tashkil etadi.

“Ularning orasida fohishalar ham oz emas va ular ham jihod shiori ostida yo’lga chiqishayapti”, - deydi suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG