Qirg'iziston: Tojikistondagi notinchlik ichki masalami?


Mintaqada hosil yig'ilayapti, odamlarga ortiqcha tashvish kerak emas, deydi jamoatchilik vakillari

Mintaqada hosil yig'ilayapti, odamlarga ortiqcha tashvish kerak emas, deydi jamoatchilik vakillari

Tojikistondagi beqarorlik qo’shni mamlakatlarda diqqat bilan kuzatilmoqda. Qirg’iziston rasmiylari vaziyatni Tojikistonning ichki ishi deya baholasa, omma xolis ma’lumot taqchilligidan noliydi. Ayrim mutaxassislar nazarida ahvol qaltis, ogoh turish kerak.

Tojikiston bilan chegaradosh Botken viloyatidagi nodavlat tashkilotlar vakillari hududda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, odamlar xavotirda, deydi.

Bu joylarda -chegara hududlarida - odamlar azaldan o’zaro savdo-sotiq, mol almashuv bilan kun kechiradi. Keyingi yillarda har ikki tomon yirik korxonalari ham hamkorlikni yo’lga qo’ygan.

Botken viloyati Uchqo’rg’on qishloq okrugi raisi Ahnadjon Abdurahmonov::

“U yoqda bo’layotgan ishlar Tojikistonning ichki ishi… Ho’janh shahri va So’g’d viloyati bilan eskidan bordi-keldimiz tig’iz. Qishloqliklar kecha o’sha joydagi “Bahoriston” sihatgohida dam olib qaytishdi. Tinchlik, faqat shubhali odamlar tekshirilyapti, deb aytishdi. Bizda esa odamlar o’z ishlari bilan band - hosil yig’ilyapti, parlament saylovlariga tayyorgarlik ketyapti”.

1999-2000 yillarda jangarilar guruhi Botken hududiga aynan Tojikiston tarafdan kirgan edi.

“Unday narsani odamlar hozir hayoliga ham keltirmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Mahalliy tahlilchi, Botken viloyati teleradiokompaniyasi boshlig’i Mamajon Berdishev aytishicha, hozircha savdo-sotiqda uzilish sezilmaydi.

K’opchilik Tojikistondagi voqealardan mish-mish darajasidagina xabardor. Ayni paytda aholi qo’shni o’lkada vaziiyat tezroq izga tushishini, aloqalarga putur yetmasligini istaydi.

“Chegarani qo’riqlash kuchaytirilgani to’g’ri tadbir- odamlar bexavotirroq bo’ladi”, - deydi Mamajon Berdishev.

Ma’lumki, keyingi oylarda qirg’iz-tojik davlat chegarasida yer-suv, yol va boshqa masalalar sabab bir necha tortishuv, jumladan qon to’kish hollari kuzatilgan.

Mamajon Berdishev deydiki, davlarlararo, hududlararo masalalar o’z yo’li bilan yechilayotir va Tojikistondagi jarayonlarning ularga daxli yo’q.

Bishkekdan siyosatshunos, “Markaziy Osiyoda tinchlik uchun”, deb nomlangan jamoatchilik jamg’armasi rahbari Japar Birimqulov fikricha, hozirda Tojikistonda ro’y berayotgan voqealar ancha chigal va chalkash, chuqur tahlil uchun xolis ma’lumot yetishmaydi.

“Tojikistonda Islom uyg’onish partiyasi man etilishi bu o’lkada noxush voqealarga turtki berishi mumkin. Ne bo’lsa-da, vaziyat mintaqa mamlakatlari, ayniqsa, siyosatchilar va mutasaddilar e’tiboriga loyiq. Xulosa chiqarishga asos bor ko’rinadi”, - deydi siyosatshunos.

O’sh davlat universitetining professori, faylasuf va siyosatshunos Arap Anarbayev:

“Bo’layotgan voqealarga “Tojikistonning ichki ishi”, deya qo’l siltab bo’lmaydi. Vaziyatga kengroq nazar tashlash kerak. Ogohlik darkor”.

Suhbatdosh fikricha, mintaqa davlatlarida xavf-xatarni faqat o’zini Islom davlati , deya atayotgan guruhlar va diniy radikalizm bilan bog’lamasdan, boshqa dolzarb masala va muammolar, aytaylik, iqtisod masalalarini ham nazardan qochirmaslik lozim.

XS
SM
MD
LG