Breaking News

Qirg'izistonliklar: Terrorchilik millat tanlamaydi


Qirg’iziston Davlat milliy xavfsizlik qo’mitasi o’tgan oy oxirida Bishkekdagi Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasining bo’sag’asida yuz bergan portlash yuzasidan tergovni davom ettirmoqda. Terakt Sharqiy Turkiston islomiy harakati tomonidan Suriyada faoliyat ko’rsatayotgan terrorchi guruhlar ko’magida amalga oshirilgani aytilmoqda.

30-avgust kuni elchixona binosiga yo’naltirilgan yengil avtomashina portlashi natijasida ushbu idorada bog’bon bo’lib ishlagan ikki mahalliy aholi vakili yehgil jarohat olgan, mashinani boshqargan shaxs halok bo’lgan edi.

“Amerika Ovozi” Xitoy elchixonasiga hamla uyushtirishda gumon qilinayotgan shaxslardan birining ona qishlog’ida bo’lib, mahalliy aholi vakillarini suhbatga tortdi.

“Abu Saloh” taxallusi ostida Suriyadagi terrorchi guruhlardan biriga yetakchilik qilayotgani aytilgan 26 yoshli Sirojiddin Muxtorov asli Qirg’izistonning O’sh viloyati Qashqarqishlog’idan ekani mahalliy aholi uchun sir emas. Ayni paytda ushbu qishloqda qadimdan istiqomat qilayotgan uyg’ur ahli siyosatdan, davlat nomaqbul sanaydigan har-xil kuchlardan olisligini alohida ta’kidlab keladi.

“Odamlarimiz tinch mehnat bilan mashg’ul, yomon ishlarga aralashmaydi. Aytib qo’yish kerak - Sirojiddin Muxtorov bizning qishloqda ulg’aygan, ammo uyg’ur emas”, - deydi Qahqarqishloq qishloq hukumati xodimi, O’sh viloyat uyg’ur milliy-madaniy markazi raisi Hamidillo Masodiqov.

Suhbatdoshga ko’ra, qishloqda aqidaparast kishilar ham topiladi, ammo ular sezilarli ta’sirga ega emas.

Mahalliy bozorda savdo qilayotgan ayol o’zini Qahqarqishloq xotin-qizlar kengashining a’zosi, deb tanishtirdi. Unga ko'ra, qishloq yoshlari har-xil nojo’ya guruhlardan xoli. Qolaversa, zikr qilingan kengash tegishli ma’rifiy-tarbiyaviy ishlarni faol olib bormoqda.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha taniqli ekspert, iste’fodagi polkovnik Begijon Ahmedov biror xulosa chiqarishdan oldin tergov natijalarini kutishni maslahat beradi.

“Albatta, qo’shni Xitoyda separatizm masalasi dolzarbligini hisobga olganda tergov organlari olg’a surayotgan taxmin asosiy o’rin egallaydi. Ammo Sharqiy Turkiston Islomiy harakatidan tashqari yana Xitoyda beqarorlik chiqarishni ko’zlagan o’nga yaqin tashkilot mavjudligini nazarda tutish lozim”, - deydi ekspert.

Xavfsizlik xizmati teraktga daxldorlikda gumon ostiga olgan shaxslar orasida o’zbek, qirg’iz, uyg’ur millatlariga mansub yoshlar sanab o’tilgan. Mazkur nuqtai-nazardan olganda, Sharqiy Turkiston Islomiy harakati Markaziy Osiyo mamlakatlarida naqadar sezilarli ta’sirga ega?

“Xalqaro terror tashkilotlari rahnamoligida faoliyat ko’rsatayotgan va qay bir millat nomi bilan bog’liq bo’lgan guruhlar, aytaylik, o’zbek, tojik, uyg’ur yoki qirg’iz guruhlari, faqat o’sha millatlar nomi bilan atalgan o’lkalarda kurash olib boradi, degan tushunchadan nari bo’lishimiz kerak. Ularning hammasini birlashtiruvchi g’oya bor. Terroristik guruhga a’zomi - hammasidan bir xilda xavf kutish kerak, bu o’rinda ularning millati aytarli rol o’ynamaydi”, - deydi ekspert Begijon Ahmedov.

XS
SM
MD
LG