Qirg'iziston janubida turizm sohasi deyarli barbod bo'lgan


Qirg’iziston janubi, tog’li so’lim mintaqa qadimdan sayyoh va ziyoratchilarning sevimli maskani bo’lib kelgan.

Chet eldan keladigan turistlardan tashqari bahordan kuzgacha O’zbekiston, Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa qismlaridan hamda Rossiyadan bu yerga dam olish uchun tashrif buyuradiganlar mahalliy iqtisodiyotga katta hissa qo’shib, aholi uchun tirikchilik manbai edi.

Iyun oyidagi qirg’in ketidan turizm sohasi kasodga uchragan. Arslonbob, Obshir-ota, Qora-olma, Sahoba kabi mashhur oromgohlarda dam olayotganlar soni keskin kamaygan.

Arslonbob yong’oqzorlari Jalol-Obod shahridan taxminan 100 kilometr shimolda boshlanib, 11 ming gektar maydonni egallaydi. Bu hudud dunyodagi eng katta tabiiy yong’oqzorlardan hisoblanadi.

U yerda o’nlab oromgoh mavjud. Kasbi alpinist bo’lgan Hayotjon Tariqov ko’p yillardan beri turizm sohasida faoliyat olib boradi.

“Iyun-iyul oyida hozir 300 ta zakaz yo’qotdik. Sabab shu O’shdagi, Jalol-Oboddagi, Bozorqo’rg’ondagi to’polonlar. Internet orqali ketgan xabarlar ortidan 2009 yilda buyurtma bergan hamma turistlar, tur operatorlar otkaz qilishdi. Hozir bizda ish yo'q. Nima qilishni bilmay yuribmiz. Hatto o’zimizning mahalliy turistlarimiz ham O'sh, Jalol-Obod, Bishkekdan keladigan mehmonlar ham kamayib ketgan. Kuniga 10-15 odam bor xolos. Bu esa juda ham oz. Ayniqsa qishlog’imiz iqtisodiyotiga. Odamlarni turmush tarziga salbiy ta’sir ko'rsatyapti bu voqealar”, - deydi u.

Qonli voqealardan oldin qo’shni O’zbekiston fuqarolari ham bu joylarga kelib dam olib ketishar edi. Ularning oqimi ham to’xtagan, deydi Hayotjon Tariqov.

“Chegaralar yopiq. O’zbekistondan bitta ham turist yo'q desak ham bo’ladi. Bu narsa nimaga olib keladi? Iqtisod izdan chiqadi. Bekorchilik, o’g’rilik avj oladi. Har xil guruhlar chiqib ketadi. Mehmonlarni tunaydigan, pulini oladigan. Turizm rivojlansa yaxshi-da. Hammada pul bo’ladi. Har yili mavsumda 120 ga yaqin yoshlarni ish bilan ta’minlaymiz. Ishsizlikdan ular Rossiyaga ketib qolsa, biz ham kadrsiz qolamiz. Axir har biriga pul sarflab o’qitganmiz”.

Mutaxasislarga ko’ra Janubiy Qirg’izistonning turistik potentsiali yuksak. Hududda ko’plab dam olish maskanlari, shifobaxh buloq suvlari, to’g oromgohlari, tarixiy joylar bor. Har yili bu yerlarni minglab odamlar ziyorat qiladi.

“Bu yil Qorasho’raga borib dam olib keldik. Qo'shnilar bilan maza qildik. Suvning bo’yida 10 kun turdik. Oshqozonga, buyrakka foydali suvlari",- deydi bir ayol.

“Tabiat, suvlarni tiniqligi, yong’oqzorlar, bu yerda o’sayotgan o’simliklar juda ham foydali va shifobaxsh”,- deydi yana bir ziyoratchi.

Keyingi paytdagi notinchliklar mamlakat dam olish sanoatiga ulkan ziyon yetkazgan. Oshdagi "Mundiz-Turist" shirkati rahbari Umarjon Yosiddinov gapiradi.

“Turizm bugungi kunda juda oqsab qoldi. O'sh va Jalol-Obodda bo’lib o’tgan voqealar turizmni rivojiga katta ta'sirini ko’rsatdi. Engi birinchi navbatda tinchlik bo’lmasa, chet eldan kelayotgan sayohatchi, alpinistlar kelishiga qo’rqinch paydo bo’ladi. Ulardan ko’plab xatlar oldik. Bizning xavfsizligimizni ta’minlab bera olasizlarmi kabi mazmunda. May oyining oxiri, iyunning birinchi haftalarida ancha muncha chet ellik mehmonlar keldi. Iyun voqealaridan keyin odamlar oqimi to’xtadi. 82 mijozdan xat kelgan. Biz bora olmaymiz degan mazmunda ”.

Avvallari cho’qqilarga yuzlab alpinistlar kelib turgan. Bu yili ulardan ham darak yo’q.

“Shu kungacha Qozog’iston va O’zbekiston alpinistlariga o’zimizning cho'qqilarga olib chiqib xizmat ko’rsatar edik. Bu yili bitta ham alpinist kelmadi”, - deydi Umarjon Yosiddinov.

Barqarorlik, tinchlik bo’lsagina, hordiq ham tatiydi deydi mahalliy aholi vakillari.

XS
SM
MD
LG