Qirg’iziston-Turkiya: Munosabatlar a’lo darajada, viza tartibi bekor qilindi


Qirg’iziston-Turkiya: Munosabatlar a’lo darajada, viza tartibi bekor qilindi

Qirg’iziston-Turkiya: Munosabatlar a’lo darajada, viza tartibi bekor qilindi

Qirg’iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayevning Turkiyaga rasmiy tashrif chog’ida ikki davlat o’rtasida vizalar bekor qilingan.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’an Anqaradagi uchrashuv yakunida bergan izohida shunday dedi:

“Qirg’iziston va Turkiya fuqarolari istagan payt pasporti bilan vizasiz sayohat qila oladi. Aslida biz turkiy mamlakatlar o’rtasida Yevropaning Shengen vizasi kabi shartnoma tuzish kerak”.

Qirg’iziston bosh vazirining Turkiyaga rasmiy safari natijalari qirg’iz mulozimlari tomonidan juda samarali, deb baholanadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Anqara Qirg’izistonning 51 million dollarlik qarzidan kechgan va yordam tariqasida yana yirik mablag’ ajratishni ko’zlamoqda.

Turkiya bosh vaziri yaqin besh yil ichida o’zaro savdo ko’lami bir milliard dollarga yetkazish maqsadini aytgan. Rasmiy Anqara va Bishkek strategik hamkorlik bo’yicha oliy kengash tuzgan.

O’shdagi sotsial universitet xodimi, iqtisodchi olim Alisher Yusupovning aytishicha, darhaqiqat, so’nggi vaqt qirg’iz-turk aloqalari yaxshi darajaga ko’tarilmoqda.

“Ikki tomonlama munosabatlar rivojida nafaqat bizning davlatimiz, balki Turkiya tomoni sa’y-harakatlarini ta’kidlab o’tish kerak. Qirg’izistonda turk universiteti, o’nlab maktablari ochilib, rivojlanmoqda. Kelajakda bu narsa mamlakatimiz uchun yaxshi samara beradi. Iqtisodiy munosabatlarimiz ham o’z ijobiy natijasini olib keladi”, - deydi u.

Aytish joizki, Qirg’iziston mustaqilligini birinchilardan bo’lib tan olgan Turk Respublikasi o’tgan yillar davomida turli sohalarda faol ko’mak ko’rsatayotir.

Iqtisodiy, siyosiy, madaniy jabhalarda tomonlar hamkorligi yildan yilga rivojlanayotgani qayd etiladi.

Turk ishbilarmonlari Qirg’izistonda qator korxonalar ochgan. O’lkada qirg’iz-turk universiteti, qirg’iz-turk o’rta o’quv yurtlari faoliyat yuritadi.

“Sema” qirg’iz-turk maktabi mudiri Siddiq Qaya fikricha, hozirda ikki tomonlama munosabatlar do’stlikdan ko’ra, qardoshlik, qarindoshlik munosabatlariga yaqinroq.

“Oxirgi yillarda aloqalarimiz yanada rivoj topayotir. Bunda ta’lim sohasining roli katta. Masalan, 1992 yilda uch qirg’iz-turk maktablari Qirg’izistonning eng yirik shaharlarida ochilgan bo’lsa, hozir ularning soni 20-22 ga yetdi. Ushbu ta’lim muassasalarida ja’mi 8444 yoshlar bilim olmoqda”, - deydi turkiyalik muallim.

Ikki davlat ko’p yillardan buyon talaba almashib keladi. Yirik turk oliy o’quv yurtlarida minglab qirg’izistonliklar ta’lim olgan va olayotir. Ayni paytda Qirg’iziston oliy o’quv yurtlarida ko’plab turk yoshlarini uchratish mumkin.

Qirg’izistonning amaldagi Bosh vaziri Almazbek Atambayev Anqara bilan munosabatlarga alohida ahamiyat berib keladi.

Turkiyada ma’lum muddat istiqomat qilgan va turk ishbilarmonlari bilan hamkorlik qilgan ushbu arbob o’lkada turk sarmoyasi salmog’ini oshirishga intilmoqda.

“Qirg’iziston mustaqillik qozongan yildan e’tiboran bu yerda yuzlab turk ishbilarmonlari faoliyat ko’rsatadi. To’qimachilik, qurilish kabi sohalarda turk investitsiyalari mavjud. Hattoki turkiy jumhuriyatlar bilan tig’iz aloqalarni o’rnatish maqsadida bir necha tashkilot tuzilgan. Ayni paytda, yirik sarmoyalar yo’lida bir qancha to’siqlar bor. Jumladan, bozor hajmi ozligi, mahalliy mutaxassislarning ayrim sohalarda kasbiy mahorati yetishmasligi va eng muhimi - siyosiy-ijtimoiy muhit beqarorligi”, - deydi Siddiq Qaya.

Suhbatdoshning aytishicha, qirg’iz-turk maktabi o’quvchilari o’tgan yilgi iyun voqealaridan so’ng O’sh mahallarida yarashish, totuvlik o’rnatishda o’z hissasini qo’shgan.

Turkiya davlati ham jabrlanganlarga ko’mak berish, shikastlangan ijtimoiy inshootlarni qayta tiklashda yordam qo’lini cho’zgan.

Mutaxassislar deydiki, qirg’iz-turk munosabatlari davr sinovidan muvaffaqiyatli o’tmoqda. Ikki qardosh xalq aloqalar yanada rivoj topishiga umid bildiradi.

XS
SM
MD
LG