Turkiy xalqlar o’zbek-qirg’iz ziddiyatini o’kinch bilan tilga olmoqda


Turkiyada yashovchi o’zbek, qirg’iz jamoalari yaqinda bayonot berib, O’sh va Jaloloboddagi voqealar haqida xavotir bildirgan.

Unda aytilishicha, ixtilofning asosiy sababi mintaqada yechimini kutayotgan iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy muammolar hamda ayrim kuchlarning ig’vosidir.

Ushbu bayonotda Turkiya mintaqa xavfsizligini ta’minlashda yaqin, do’st davlat sifatida vositachi bo’lishga da’vat etilgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li shanba kuni rejalangan, Roza Otunbayevaning prezident sifatida qasamyod keltirish marosimida qatnashib, Anqaraning yordam dasturi borasida maslahatlashadi. Bildirilishicha, Turkiya Qirg’iziston janubida insonparvarlik va qurilish ishlari uchun 20 million dollar ajratishini aytgan.

Turkiyada Turkistonliklar jamiyatining foali, huquqshunos Hakan Demir:

“80 yil oldin vatandan chiqishga majbur bo’lgan muhojir o’zbeklar, umuman turkistonliklar va ularning farzandlari yordam berishga harakat qildik. Turkiya hukumat doiralari va Qizil Yarimoyga murojaat qilib, jabrlangan vatandonlarimiz uchun insonparvarlik yordami taklif qildik. Qizil Yarimoyning Turkiyadagi idorasi O’zbekiston va Qirg’izistondagi vatandoshlarga 115 ming tonna insonparvarlik yordami yuborgan”.

“Bugun Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li Qirg’izistonda va azob tortgan xalqqa yordam haqida gaplashmoqda. Menimcha, vazir qisqa muddatga Toshkentda ham to’xtab o’tishi ma’qul bo’lar edi. Biz hozir Turkiya hukumatidan diplomatik choralarni ishga solishni kutayapmiz”, - deydi Demir.

Markazi Istanbulda bo’lgan Qirg’iz madaniyat markazi vakili Abdulmetin Keskin ham qirg’iz-o’zbek xalqini totuvlikka undab qoladi. Qardosh xalqlar til topishishga yordam berish lozim, deydi u. “Shu bois turkistonliklar jamoasi yig’ilib, tashabbus bilan chiqdik”, - deydi Keskin.

Markazi Istanbulda bo’lgan Turkiston jamiyatining navbatdagi rahbari asli kelib chiqishi o’zbek Ekber Yassa deydki:

“Bu huddi aka-uka o’rtasida chiqqan nifoqday. Davlatlararo urush chiqmasidan oldin hukumatlar kelishib, vaziyatni o’nglab olgani bizni ochig’i quvontirdi. Vatanga qaytgan o’zbeklar dardini Qirg’iziston hukumati tinglaydi, himoyasiga oladi degan umiddamiz”.

XS
SM
MD
LG