BMT Xavfsizlik Kengashida Qirg'iziston masalasi ko'riladi, lekin yordam qachon beriladi?


BMT Xavfsizlik Kengashining ayni damdagi raisi, Meksika elchisi Klaud Xellerning bayon qilishicha, tashkilot Qirg'izistondagi qonli voqealardan xavotirda va a'zo davlatlar bu borada majlisga yig'ilgan.

O'sh va Jalolobodda xurujlar va to'qnashuvlar davom etmoqda. Halok bo'lganlar, jarohat olganlar soni haqida aniq ma'lumotlar yo'q.

BMT Inson huquqlari bo’yicha oliy komissariati Qirg’iziston rahbariyati, O’sh va Jalolobod hokimiyatlaridan har bir fuqaroni, uning elatidan qat’iy nazar, himoya qilib, huquq va tartibotni ta’minlashga undamoqda.

Komissariat nazarida Qirg’izistonda minglab o'zbeklarning uy-joyini tashlab, jon saqlash maqsadida O’zbekiston tomon talpingani haqiqiy fojia va bu Bishkekdagi hukumat o’z vazifasini bajara olmayotganidan darak.

Roza Otunbayeva hukumati o’tgan haftayoq, aniqrog’i, 11-12 iyun kunlariyoq janubda nazoratni boy berganini tan olgan va tashqi dunyodan yordam so’ragan edi.

BMT, tinchlik va insonparvarlik uchun xizmat qilishni o'z zimmasiga olgan eng yirik tizim, nega darhol ko’mak ko’rsatmadi? Mana hozir ham sust harakat qilmoqda deb xunob bo’layotganlar ko’p.

"BMT qo’ldan kelgan choralarni ko’rayapti", - deya javob beradi Rupert Kolvill (Rupert Colville), komissariat so’zlovchisi.

“Bishkekda idoramiz bor. Xodimlarimiz uchun janubga borish oson emas, ammo biz ishlayapmiz. O’zbekiston bilan chegarada BMT qochqinlar agentligi O’sh va Jaloloboddan qochib o’tgan minglab o’zbeklarga yordam berayapti”,- deydi u.

“Harbiylarga himoya chorasi sifatida fuqarolarni o’ldirishga ruxsat berilgani – xalqaro qonunlarga zid”, - deydi BMT rasmiysi. “Bu nafaqat qonunga qarshi balki vaziyatni yanada og’irlashtirishi mumkin. Tomonlarni murosaga undab, tartib o’rnatish uchun harakat qilish kerak. Bunga esa o’q bilan erishish qiyin", - deydi u.

“O’zbek bolalari o’ldirilgani, xotin-qizlarga tajovuz qilingani haqida ma’lumotlar bor. Xurujlar puxta reja asosida olib borilayotgan bo’lishi mumkin degan taxminlar ham bor. Agar bu haqiqat bo’lsa, unga aql bovar qilmaydi”, - deydi Rupert Kolvill.

BMT vakili fikricha vaqti kelib, bu jinoyatlar tekshirilishi, kim gunohkor-u, kim begunoh ekani oydinlashishi aniq. Lekin yuzlab insonlar halok bo’lib, o’nlab ming aholi bor-butidan ayrilib, cheksiz aziyat chekayotgani tinchlik va inson hayotini asrash eng muhim talab ekanini anglatadi.

Notinch damlarda odamlarga xolis informatsiya yetkazilishi - nozik masala. BMT vakili fikricha bu davr hukumat va axborot vositalari uchun birdek murakkab sinov.

Hukumat iloji boricha haqiqatni aytishi, jurnalistlar esa uni xalqqa xolisona ravishda yetkazishi shart, deydi Rupert Kolvill.

Qirg’iziston hukumati davlat televideniyesidan boshqa kanallarni cheklab, ayrimlarini efirdan olgan. Erkin ma’lumot olish – insonning uzviy huquqlaridan biri, jurnalistlar o'z ishini qilishi uchun sharoit yaratilishi kerak, deydi u.

Bo’hronlarni o’rganib, bartaraf etish yo’llari bobida maslahat beradigan tashkilot vakili Alen Deletroz (Alain Délétroz) esa xalqaro hamjamiyat zudlikda yordamga bormaganidan xayron.

“Zo’ravonlik avj olar ekan, na BMT, na Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va boshqalar biror chora bilan chiqdi. Hech kim pinagini buzmadi”, - deydi u.

“Axir qirg’iz hukumatining o’zi ochiq aytdi, “biz tinchlikni ta’minlashga qodir emasmiz” deb. Xalqaro hamjamiyatdan madad kutilmoqda. Kim qanday chora ko’radi-yu, xunrezlik qachon bas qilinadi? O’ylash kerak", - deydi u. "Birdamlikda hammaga maq'ul bir yo'lni topish kerak".

Alen Deletroz fikricha, avvalo tartib o’rnatib, keyin esa qirq’iz va o’zbek guruhlariga kim yetakchilik qilayotganini aniqlab, ular bilan gaplashish kerak.

"Etnik nafrat va adovat ortidagi sabablarni o’rganish, tahlil qilish, elatlararo ahillikka erishish, o’zaro ishonch va hurmatni oshirish uchun uzoq vaqt, xohish-istak, mablag’ va iroda kerak", - deydi u. "Hozir eng muhimi tinchlikka erishish va jabrdiydalarga yordam berish".

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG