Qirg'iziston AQShga: Manas havo bazasi bo'yicha Rossiya bilan hamkorlik qilamiz


Qirg’iziston AQSh havo bazasini yonilg’i bilan ta’minlash ishlarini o’z nazorati ostiga olmoqchi. Prezident Roza Otunbayeva Amerika matbuotiga bergan intervyusida bu masala hozir jiddiy muhokama ostida ekanini aytgan.

BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda o’tayotgan yillik anjumanida Roza Otunbayeva AQSh rahbari Barak Obama bilan uchrashishi kutilmoqda.

Juma kuni qisqa muloqot rejalangan. Unda ikki davlat orasidagi barcha masalalar bafurja tilga olinmasligi mumkin.

Ammo Oq Uy Qirg’izistonga iyun oyidagi etnik fojia ketidan qariyb 49 million dollarga teng yordam va’da qilgan.

Amerika rasmiylari “bu mamlakatning iqtisodiy-siyosiy ravnaqi uchun ko’makni ayamaymiz” deb qayd etib kelmoqda. Obama Otunbayeva bilan uchrashuvida ham buni eslatishi tayin.

Manas tranzit markazi, Bishkek yaqinidagi havo bazasi, AQShning Afg’onistondagi harbiy harakatlari uchun tayanch vazifasini o’tayotgan inshoot hozirda Mina Korporatsiyasi va Red Star Enterprises degan kompaniyalar tomonidan yonilg’i bilan ta’minlanadi.

Ular aprel oyida prezidentlikdan ag’darilgan Kurmanbek Bakiyevning yaqinlari va boshqa yulg’ich amaldorlar bilan yashirin biznes olib borganlikda gumon qilinadi. Pentagon va bu kompaniyalar ayblovlarni rad etadi. Kongress bu ish yuzasidan iyun oyida tergov boshlagan.

Svante Kornell, Vashingtonda tanilgan ekspert

Svante Kornell, Vashingtonda tanilgan ekspert

Mina va Red Star vakili Jon Laf (Lough)ning “Vashington Post” gazetasiga bildirishicha, bu kompaniyalarni korrupsiya va pora berganlikda ayblab, qoraotliq qilayotganlar Qirg’izistonning yangi hukumatida o’tirgan, o’z foydasini o’ylayotgan rahbarlardir.

Hozirda Qirg’iziston moliyasi uchun mas’ul Almaz Atambayev Pentagon va umuman AQShning Qirg’izistonga nisbatan siyosatini keskin tanqid qilib kelayotgan arboblardan biri.

Roza Otunbayevaning G’arb axborot vositalariga aytishicha, uning boshqaruvi Rossiyaning Gazpromneft davlat birlashmasi bilan hamkorlikda yangi qo’shma korxona tuzib, Manas tranzit markazini yonilg’i bilan ta’minlashni o’z bo’yniga oladi.

Qirg’iziston bu borada Rossiya bilan gaplashmoqda, ammo “AQSh havo kuchlarini mamlakatdan chiqarib yuborish niyatimiz yo’q”,- deydi u.

Pentagon ijara uchun har yili 60 million dollar to’laydi. Otunbayevaning taklifiga AQSh Mudofaa vazirligi bosiqlik bilan javob bermoqda, ya’ni, deyiladi Pentagon bayonotida, “AQSh uchun eng muhimi shuki, tranzit markazining yonilg’i ta’minoti uzluksiz, xavfsiz va ishonchli bo’lishi kerak”.

AQSh kontraktorlarni yangilash niyatida yangi tender e’lon qilgan. Hozirgi shartnomachilardan biri - Mina kompaniyasi o’rnini boy bermoqchi emas.

Qirg’iziston esa AQSh kontraktor tanlashda “biz bilan maslahatlashib ish tutadi” degan umidda.

Roza Otunbayeva deydiki, AQSh havo bazasi bo’yicha Rossiya bilan hamkorlik qilish Vashington, Moskva va Bishkek manfaatlari uchun birdek xizmat qilib, oradagi ishonchni oshiradi.

“Bizga boshqa hech qanday vositachi kerak emas”, - deya qo’shadi u “Vashington Post” gazetasiga gapirar ekan.

Oradagi oldi-berdini yaqindan kuzatib kelayotgan eksperlar nazarida esa Otunbayevaning taklifi “Rossiyaning ishi”.

Maqsad esa oddiy, deydi ular, Amerikani Qirg’izistondan siqib chiqarish va shu tariqa Vashingtonga, qolaversa butun Markaziy Osiyoda o’lkada kim xo’jayin ekanini eslatib qo’yish.

Qirg’izistonning zaif, nafaqat butun mamlakatni balki davlat idoralarini ham nazorat qila olishga qodir bo’lmagan, xalq ishonchini qozonmagan hukumati yirik davlatlar bilan shunday o’yinlar o’ynab, mablag’ undirishga o’rganib qolgan, deydi Svante Kornell (Cornell), Vashingtonda yaxshi tanilgan tahlilchilardan biri.

Hozir qirg’izlar Kreml nog’orasiga o’ynamoqda, deydi u. Svante Kornell fikricha, AQSh Rossiyaning qilmishlariga ko’z yumib, mahkam pozitsiyaga ega bo’lmay, Kreml bilan til topishishga urinib, katta imkoniyatlarni boy bermoqda. Rossiya baribir o’z bilganidan qolmaydi; hatto ruslar ham nega Vashington jimgina qarab turibdi deb hayron, deydi u.

Amerika rahbariyati bir narsani yoddan chiqarmoqda, deydi Svante Kornell, Qirg’iziston va Rossiya oshkora ishlamaydi. Rossiya uchun qirg’iz rahbarlarini “sotib olish”, pul bilan gapga ko’ndirish oddiy hol. Xitoy uchun ham, deya eslatadi u, uning mintaqadagi rolini aslo unutmaslik kerak.

“Amerika ijara uchun 60 million dollar to’layotgan bo’lsa, bu Rossiya yoki Xitoy uchun ham arzimagan pul. “Bazani chiqar, biz senga bu pulni shundoq ham beramiz” deyishi turgan gap”, - deydi Kornell.

Ekspert Oq Uy, Mudofaa vazirligi va Davlat departamentini ko’zni kattaroq ochishga, mintaqadagi manfaatlarini jon-jahdi bilan himoya qilishga, Bishkek bilan ochiqchasiga gaplashishga undamoqda.

Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini "Amerika Ovozi" ga bergan intervyularida "Bishkek bilan muntazam muloqotdamiz" deb keladi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG