Qirg'iziston BMTga: Demokratik jamiyat qurayapmiz

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasi

BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasi

Qirg'iziston taraqqiy etishda davom etadi, demokratik jamiyat qurilmoqda, murakkab jarayonni boshdan kechirmoqda, deydi Erlan Abdildayev, Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri BMT Bosh Assambleyasida so'zlar ekan. (VIDEO)

Mustaqillikning 25 yilligini nishonlayotgan o'lka atrofdagi davlatlardan farq qiladi: demokratik jihatdan oldinda va qonun ustuvorligini mustahkamlash uchun dadil qadamlar tashlashga harakat qilmoqda, deydi Abdildayev.

Iqtisodiy qiyinchiliklar, ekologik muammolar, suv ta'minoti va xavfsizlikni ta'minlash singari masalalar bilan to'qnashar ekan, Qirg'iziston xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj, deydi vazir.

Diplomat iqlimdagi salbiy o'zgarishlar tog'li o'lka hayotiga ta'sir qilayotganini tasvirlab, tabiat va hayvonot olamini asrash yo'lida birga ishlashga tayyor ekanini aytdi.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev

Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev

Afg'oniston, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Ukrainadagi vaziyat xavotir uyg'otadi va bu borada BMT yetakchilik qilishi shart, deydi Abdildayev.

Yetakchi davlatlar o'z manfaatlarini chetga surib, butun dunyo ahli foydasini ko'zlab bir yoqadan bosh chiqarishi kerak, deydi u.

Mintaqaviy integratsiya bag'oyatda muhim, deydi Abdildayev, lekin chegaralarni (Tojikiston va O'zbekiston bilan) aniqlab olish kerak. Transport va tijoratni rivojlantirish lozim.

Qirg'iziston nazarida suv taqsimotini va energetika bilan bog'liq muammolarni hal etish Markaziy Osiyo uchun asosiy vazifa. Suvga boy mamlakat sifatida u bu resursni qo'shni davlatlar bilan teng manfaatlar asosida bo'lishishga tayyor, deydi vazir, lekin taqsimot haqqoniy va adolatli bo'lishi kerak.

Qirg'iziston qo'shni O'zbekistonni energetik bosimda tanqid qiladi. Bishkek nazarida Toshkent vaqti-vaqti bilan yonilg'i ta'minotini uzib qo'yadi va o'z talablarini o'tkazishga urinadi, deydi qirg'iz rasmiylari. BMT minbaridagi nutqda O'zbekiston nomi tilga olinmadi, lekin Abdildayev chegara va suv masalasini qayta-qayta eslatdi.

Tashqi ishlar vaziri janubdagi 2010-yilgi etnik xunrezliklarda Jalol-Obod shahrida ko'zga ko'ringan o'zbek Qodirjon Botirovni ayblaydi. Botirov hozirda Yevropada, quvg'inda. Bishkek uning vatanga qaytib adolat oldida javob berishini istaydi, deydi Abdildayev.

Inson huquqlari bilan bog'liq masalalarda xalqaro tashkilotlar Qirg'ziston bilan ochiq muloqot olib borsin va hamkorlik qilsin, jinoyatchilarni asossiz oqlamasin, deydi Abdildayev.

Xalqaro tashkilotlar esa, xususan BMT, Bishkekni o'zbek faoli Azimjon Asqarov ishini qayta ko'rib chiqishga undab keladi. 2010-yilning yozida Jalol-Obodda hibsga olinib, militsiyaga qarshi jinoyatda aybdor deb topilib, bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan Asqarov Xalqaro Amnistiya va "Human Rights Watch" singari tashkilotlar, shuningdek, BMT huquq organlari hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nazarida adolatsizlik qurboni.

2010-yildagi fojia ketidan asosan o'zbeklar qamalgan va jazolangan, deydi ekspertlar, vaholanki, bu voqealarda aynan o'zbeklar azob chekkan.

2010-yilda AQSh Asqarovga mukofot bergani uchun g'azablangan Bishkek u bilan hamkorlikni cheklab qo'ygan. Tomonlar hozirda muzokarada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG