Breaking News

Etnik nizolar ortida siyosiy, iqtisodiy sabablar yotibdi, deydi g'arblik tahlilchilar


Roza Otunbayeva juma kuni O’shda bo’lib, shaharni qayta qurishga, odamlarni uyiga qaytarishga va’da bergan edi. O’zbek aholi nazarida esa bu quruq gaplar xolos. Rasmiylar qarori bilan barrikadalar olib tashlanar ekan, zo’ravonlik qayta boshlanishi mumkin degan xavotir hukmron. Qirg’izlar janubdan o’zbeklarni siqib chiqarmaguncha tinchimaydi, deydi qochqinlar. Farg’ona vodiysi azaldan etnik ziddiyatlar o’chog’i. So’nggi nizo alanga olishida siyosiy-ijtimoiy omillar ham muhim rol o’ynagan.

Hozir O’shdagi aksar o’zbek mahallarga kiruvchi yo’llar yopiq. “Hukumat ham, armiya ham bizga qarshi bo’lsa, o’zimizni o’zimiz himoya qilishdan boshqa choramiz yo’q”, deydi aholi.

To’polon o’zi nimadan boshlanganini aytish qiyin. Ayrimlar choyxonada, ayrimlar kazinoda arzimagan tortishuvdan deydi. Yana birov janubdagi jinoiy guruhlar o’rtasidagi nizodan chiqqanini aytadi.

Regionga vakillarini jo’natgan BMT Inson Huquqlari Kengashi xulosasiga ko’ra, hujumlar ayovsiz, puxta reja bilan amalga oshirilgani sabab ko’pchilik bunda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning qo’li bor deb hisoblaydi. Belarusda boshpana olgan Bakiyev bu iddaolarni qayta-qayta rad etgan.

STRATFOR siyosiy tadqiqotlar markazi tahlilchisi Loren Gudrich nazarida muammo ildizi aslida XX asr boshlariga borib taqaladi. “Farg’ona vodiysi, O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston territoriyalari tutashgan, aholisi zich va yerlari unumdor bu hudud, 1924 yilda [Iosif] Stalin tomonidan bo’lib tashlangan. 1936 yilgacha chegaralar qayta-qayta chizilgan”, - deydi olima.

Tomas Vud, mintaqadagi o’zgarishlarni yaqindan kuzatib kelayotgan mutaxassis deydiki, bu yerda minglab yillardan buyon yonma-yon yashab kelgan qardosh xalqlar o’rtasida ziddiyatlar vaqti-vaqti bilan ko’tarilganiga qaramay, hozirgidek qonli nuqtaga yetgan hollar ko’p emas.

“Gap mustaqillikdan so’ng korrupsiya, repressiya, chegaradagi tortishuvlar avj olganida. Siyosiy elita bu davr mobaynida qo’liga ilingan hamma narsani o’g’irlab bo’ldi. Radikalizm va ekstremizm bahonasida xalqni ezishdi. Bular mintaqadagi bugungi holatga katta hissa qo’shgan omillar”, - deydi Tomas Vud.

“Qirg’iziston janubida, asosan, o’zbek aholi nishonga olinayotgani oydinlashgach, mojaro mintaqaviy tus ola boshladi”, - deydi Loren Gudrich. Uning aytishicha, O’zbekiston chegarada xavfsizlik kuchlarini ko’paytirgani Qirg’iziston muvaqqat hukumatini xavotirga solib, Rossiyadan yordam so’rashga majbur qilgan.

Kreml O’zbekiston rahbari bilan maslahatlashib, faqat gumanitar yordam jo’natish bilan cheklandi. Yetti mamlakat a’zo Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti yig’ilishi ham kutilgan natijani bermagan.

“Mintaqa davlatlari, ayniqsa, O’zbekiston”, - deydi tahlilchilar, “turli bahonalar bilan u yoki bu xavfni bo’rttirib ko’rsatib, chegaralarni mahkam yopib qo’yishni odat qilgan”. Qirg’iziston bilan chegarada chuqur o’ralar qazilishi, munosabatlarni keskinlashtirib, odamlar hayotini yanda og’irlashtirgan edi.

Otunbayeva ma’muriyati nima bo’lmasin 27 iyun kungi referendumni, yangi konstitutsiya bo’yicha ovoz berish jarayonini qoldirmaslikka qaror qilgan. Minglab odam boshpanasiz qolayotgan hozirgi beqaror sharoitda o’zbek aholi umuman ovoz bermasligi mumkin. Janubda qariyb 800 ming o’zbek yashaydi, hozir ularning yarmi boshpanasiz va yordamga muhtoj.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG