AQSh Bishkekka muvaqqat elchi yuborayapti

  • Amerika Ovozi

Richard Maylz, iste'fodagi diplomat, Turkmanistonda ham elchilik qilgan

Richard Maylz, iste'fodagi diplomat, Turkmanistonda ham elchilik qilgan

Prezident Barak Obama Qirg'izistonga yangi elchi etib Shila Gvoltni (Sheila Gwaltney), yaqingacha Rossiyada ishlagan tajribali diplomatni tanlagan. Lekin nomzod hali Senat tasdig'idan o'tmadi. Ungacha Vashington Bishkekka muvaqqat elchi yuborayapti.

Bu lavozimga 78 yoshli Richard Maylz (Richard M. Miles), iste'fodagi diplomat, ma'qul topilgan. Bu sohada uzoq yillik malakaga ega Maylz dunyoning turli burchaklarida xizmat qilgan. Kaliforniya va Indiana universitetlarida bilim olgan. Garvard universitetida ham treningdan o'tgan.

Norvergiyadan tortib, Rossiya, sobiq Yugoslaviya, Germaniyada ishlagan, 1990-yillar boshida Ozarbayjon, Gruziya va Bolgariyada diplomatlik qilgan.

Janob Maylz Markaziy Osiyo bilan yaxshi tanish, xususan Turkmanistonda elchilik qilgan va qo'shni davlatlar bilan ishlagan.

Davlat departamentining bu qarori Senat yangi elchini yaqin orada tasdiqlashi kutilmayotganidan darak beradi. Respublikachilar hukmron Kongress demokrat prezident takliflarini paysalga solayotganiga yana bir misol, deya sharhlanmoqda.

Lekin 2014-yilda Oq uy Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga elchi sifatida ko'rsatgan nomzodlar bir necha oy ichida ma'qullanib, hozirda xizmatga kirishgan. Jumladan Jorj Krol Qozog'istonda, Pamela Spratlen O'zbekistonda va Daniel Mastard (Mustard) Turkmanistonda.

Shila Gvoltni nomzodi o'tgan yilning avgust oyida e'lon qilingan. Senat tasdig'i uzoqqa cho'zilayotgani yangilik yoki xavotirga molik masala emas, deydi Vashingtondagi muhit bilan yaxshi tanish siyosatdonlar. Organ a'zolari yangilandi va o'tgan yildan qolgan ishlar boshidan va qaytadan ko'rib chiqiladi.

Gvoltni 2000-yillar oxirida Bishkekda elchi muovini bo'lib ishlagan. 2010-yilda esa Moskvada shu lavozimga tayinlangan. Elchilikka ko'rsatilishiga qadar u aynan Rossiyada edi.

Shu kunlarda Qirg'iziston ham Vashingtondagi elchisini yangilamoqda. Muxtor Jumaliyev deyarli to'rt yillik xizmatdan keyin Bishkekka qaytdi. Uning o'rniga Qodir Toktogulov tayinlangan. Yaqingacha u Qirg'iziston prezidenti matbuot kotibi edi.

Qodir Toktogulov, Qirg'izistonning AQShdagi yangi elchisi

Qodir Toktogulov, Qirg'izistonning AQShdagi yangi elchisi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG