O'shda yana g'alayon, Bishkekda esa demokratik umidlar

  • Amerika Ovozi

O’shda namoyishlar kuzatilmoqda. Shahar meri Melis Mirzakmatov ishdan olindi degan mish-mishlar tarqalgach, uning yuzlab tarafdorlari ko’chaga chiqqan. Ular mer idorasiga bostirib kirishga uringan, ammo politsiya yo’lni to’sgan.

Qirg’iziston markaziy hukumati mer vazifadan ketganmi yo'qmi, biror narsa demayapti.

AQSh sobiq senatori, Demokratik partiyaning nufuzli a’zosi Tom Deshl (Daschle) Qirg’izistonga safar qilar ekan, bu respublikada demokratiya ravnaq topishiga umid bildirgan.

Diktatorlik tuzumlari ostida yashayotgan Markaziy Osiyoda bu yurt erkinlik namunasi bo'lishi mumkin, deydi u.

Deshl, AQSh Demokratik Instituti vitse-prezidenti, nazarida xalqaro hamjamiyat hozir Qirg’izistonda fuqaro jamiyatini mustahkamlash uchun ko’proq hissa qo’shishi kerak.

10 oktabrga mo’ljallangan parlament saylovlari bu jamiyat uchun muhim siyosiy sinov, deydi sobiq senator.

Bu orada esa Qorasuv tuman sudi O'shdagi to'polonlar ortida turganlikda, qurolli guruh guruh tuzib, xunrezliklarda qatnashganlikda ayblangan sobiq deputat Dilshod Mo'minovni aybsiz deb topgan. Lekin Oliy Sud ko'rsatmasi bilan yana 10 kun qamoqda qoladi.

Mo'minov tadbirkor sifatida tanilgan. O'shda ikki kafega egalik qilgan. Qirg'inda bu imoratlar va hatto uning mashinasi ham yoqib yuborilgan.

Bugungi sud muhokamasi aslida o'tgan juma bo'lishi kerak edi. Lekin omma uchun ochiq sud zaliga bostirib kirgan qirg'izlar to'dasi Dilshod Mo'minovni qotillikda ayblab, agar ozod etishsa, uni o'ldirib ketishlari mumkinligini aytib do'q-po'pisa qilgan.

Jarayonni kuzatgan huquq himoyachilarining tasvirlashicha, to'da hatto sudyani ham "uyingga o't qo'yamiz" deya qo'rqitgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG