Breaking News

Madaniyat: Qirg’izistonda o’zbek adabiyotining bugungi ahvoli qanday?


O'sh, Qirg'iziston
O'sh, Qirg'iziston

Yaqinda Qirg’izistonning O’sh shahrida mahalliy o'zbekzabon qalamkashlar asarlarining "Adabiyot gulshani" nomli to’plami chop etildi. Unga 57 shoir va yozuvchilarning ijod namunalari kiritilgan. Hozirda to’plamning ikkinchi kitobi ustida ish ketmoqda. “Amerika Ovozi” ushbu tadbir tashabbuskori, O’sh Davlat universitetining O’zbek filologiyasi kafedrasi mudiri Ravshanbek Tursunov bilan muloqot qilib, Qirg’izistonda o’zbek adabiyotining bugungi kuni, adabiy hayotda kechayotgan jarayonlar bilan qiziqdi.

Qirg'izistonda o'zbek adabiyoti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:44 0:00

“Qirg’izistonda yashab, ijod qilayotgan o’zbek qalamkashlarining asarlari namunalarini jamlab, to’plam sifatida chop etishni kafedramiz a’zolari anchadan buyon niyat qilib kelar edi. “Adabiyot gulshani”, deb nomlangan ushbu kitob - uch yil davomida qilgan mehnatimiz mahsuli”, - deya hikoya qiladi O’sh Davlat universitetining O’zbek filologiyasi kafedrasi mudiri Ravshanbek Tursunov.

O’sh Davlat universitetining O’zbek filologiyasi kafedrasi mudiri Ravshanbek Tursunov
O’sh Davlat universitetining O’zbek filologiyasi kafedrasi mudiri Ravshanbek Tursunov

Tashabbuskorlar mablag’i evaziga nashr etilgan bu kitob adabiyot shinavandalari tomonidan iliq kutib olindi. Talabalar uchun esa u qo’llanma sifatida xizmat qilishi aytilmoqda. O’sh Davlat universiteti rahbariyati to’plamning ikkinchi kitobini chop etishda yordam berish niyatini bildirgan.

Ravshanbek Tursunov keyingi yillarda Qirg’izistonda o’zbek adabiyoti tanazzulga uchramoqda, ijodkorlar safi torayib borayapti, ular e’tibordan chetda qolmoqda, degan fikrlarning hammasiga ham qo’shilavermaydi.

“Ijodkor har qanday vaziyatda ijod qila olishi lozim. Ikkinchidan, birov ularni cheklagani ham yo’q. Unaqa bo’ldi, bunaqa bo’ldi, deb vaj qilgandan ko’ra, imkoniyatlarni izlash va ulardan foydalana bilish kerak”, - deydi suhbatdosh.

Uning fikricha, televideniye, internet kabi zamonaviy vositalar tufayli kitobga, adabiyotga munosabat o’zgargani, talab-e’tibor susaygani - boshqa masala.

Qirg’iziston zamini o’zbek adabiyotining atoqli namoyandalariga yo’llanma bergan. Mirzakalon Ismoiliy, Izzat Sulton, Sog’uniy, Mug’anniy, Shavkat Rahmon - bu nomlar mintaqa madaniyati va ma’naviyatida o’chmas iz qoldirgan.

"Adabiyot gulshani" to'plami
"Adabiyot gulshani" to'plami

“To’plam ustida ishlar ekanmiz, zikr qilingan zotlarning munosib izdoshlari borligiga yana bir bor amin bo’ldik”, - deydi Ravshanbek Tursunov.

Ayni paytda mutaxassislar Qirg’izistonda o’zbek adabiyotining qator muammolarini urg’ulaydi.

“Birinchi navbatda bu jiddiy tanqid va taqrizning yo’qligi, tanqid va tavsiyaga chidamsizlik. Qalam ahlining o’z ustida kam ishlashi, bilim, ma’lumot yetishmasligi ham ko’zga tashlanadi. Mualliflar oz mutolaa qilishi ajablanarli va afsusli hol”, - deydi adabiyotshunos olim Tursunov.

U hozirgi Qirg’iziston o’zbek adabiyotini ko’cha adabiyotiga qiyoslaydi.

“Vaqt saragini sarakka, puchini puchga ajratadi. Aytilmagan gaplar, bebaho asarlar aytilishi, yozilishiga umid bor, o’rnak-namuna bor”, - deya xulosa qiladi mahalliy adabiyotshunoslar.

XS
SM
MD
LG