Qirg’iziston janubida o’zbek tilida yangi gazeta


Daydjest - Digest

Daydjest - Digest

Qirg’iziston janubida o’zbek aholi uchun “Daydjest” deb nomlangan ro’znoma qayta chiqa boshladi. Dastlabki sonlari ikki yil muqaddam chop etilgan bo’lib, keyinchalik to'xtab qolgan edi.

Gazeta asoschilariga ko’ra, ushbu nashr janubda o’zbek tilida informatsiya bobida yuzaga kelgan bo’shliqni to’ldirishga harakat qiladi.

2010-yilda etnik zo’ravonliklardan so’ng Qirg’izistonda ko'plab o’zbekzabon axborot vositalari yopildi.

Ayni paytda xalqaro tashkilotlar ko’magida yangi ro’znoma va teleradio ochish harakati ketmoqda.



O’shda yosh journalist Shohruh Soipov yangi gazeta ochishga ikki yil oldin kirishgan.

“2010-yilda gazetamizning 13 sonini chiqarganmiz. Bu yil iyun oyi oxiridan boshlab ro’znoma qayta chop etila boshladi. Hozirgacha uch sonini chiqarib muxlislarimizga tarqatdik. Gazetamiz haftada bir marta chiqadi. Tirajimiz hozircha 1000 nusxani tashkil qiladi. Keyinchalik tiraj sonimiz ko’payishiga umid qilamiz”, - deydi bosh muharrir.

Uning aytishicha, yangi ro’znomada turli axborot manbalaridan to’plangan yangiliklar o’zbek tiliga tarjima qilinib bosiladi.

“Gazetada bizning hech qanday sharhimiz yoki tahririyat tomonidan berilgan qo’shimchalar yo’q. "Daydjest" ro’znomasi hozirgi kunda o’zimning shaxsiy moliyamga chiqarilmoqda. Biron bir homiyning, siyosiy partiyaning yoki shaxsning manfaati yoki ko’magi yo’q”, - deya davom etadi u.

Avvallari Janubiy Qirg’izistonda o’ndan ziyod o’zbekzabon axborot vositalari mavjud edi. 2010-yilgi voqealar ortidan ularning aksari yopilgan yoki egalari va dasturlarini tubdan o’zgartirgan.

Oqibatda axborot maydonida bo’shlik yuzaga keldi. Aholining ma’lum qismi o'z tilida ma'lumot olish imkonidan mahrum bo’ldi.

Mahalliy “O’sh sadosi” ro’znomasi bosh muharriri, shoir Muhammadsoli Ismoilov o’zbekcha gazeta paydo bo’lganidan mamnun.

“Nimaga deganda, hozir Qirg’izistonda o’zbek millatiga mansub aholi axborotga chanqoq... Faqat mana bizning “O’sh sadosi”, “Jalol-Obod to’ngi”, Aravon tumanida “Do’stlik” ro’znomalari chiqib turibdi”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

Joriy yil ayrim xalqaro tashkilotlar ko’magida yangi ro’znoma va teleradio dasturlari ochish harakati boshlandi. Amerikaning "Internews" tashkiloti qirg’iz hukumati bilan hamkorlikda mamlakat janubida yangi teleradiokompaniya ochmoqda. Jumladan, o’zbek tilidagi radioeshittirishlar ham ko’zda tutilgan. Bir necha oy avval Bishkekdagi “Aalam” ro’znomasi o’zbek tilida ham chiqa boshlagan.

Muhammadsoli Ismoilov deydiki, bu masalada xalqaro tashkilotlarning jon kuydirishi bir tomondan ijobiy narsa. Ikkinchi tomondan esa bu ko’makdan to’g’ri foydalanish darkor.

“Qaniydi, o’sha matbuot organlari olti oy yoki biror yil chiqib turib, keyin yo’q bo’lib ketmasdan, doimiy ommaviy axborot vositalariga aylansa”, - deydi suhbatdosh.

O’zbek tilidagi axborot maydoni torligicha qolaversa, deydi jurnalist, aholi boshqa joydan informatsiya izlashga majbur bo’ladi.

"Qo’shni o’lkalar matbuot tizimlaridan ma’lumot olishga harakat qilishadi. Sun’iy yo’doshlardan Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, O’zbekiston telekanallarini tomosha qilayotgan yurtdoshlarimizi bilamiz. Demak, shu axborot maydonidagi bir kenglikka erishish uchun nafaqat o’zbek tilidagi, balki boshqa o’z sonli xalqlarning tillaridagi nashrlarga ham kengroq yo’l ochib berishimiz kerak. Bu davlat darajasidagi siyosat bo’lishi kerak. Ozgina g’amho’rlik qilish darkor, mablag’ ajratilishi kerak, tashabbuskorlarni qo’llab-quvvatlash zarur, boshqa imtiyozlar lozim”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

XS
SM
MD
LG