Qirg'iziston janubida o'zbek tilidagi darsliklar yetishmayapti

  • Amerika Ovozi

Etnik mojarolar, siyosiy o’zgarishlar va iqtisodiy tushkunlik sabab maktablar yanada qashshoqlashgan, ta'lim sohasi katta zarar ko'rgan.

Etnik mojarolar, siyosiy o’zgarishlar va iqtisodiy tushkunlik sabab maktablar yanada qashshoqlashgan, ta'lim sohasi katta zarar ko'rgan.

Qirg’izistonda ro’y bergan etnik to’qnashuvlar, siyosiy o’zgarishlar va iqtisodiy tushkunlik mamlakat taraqqiyotiga, ayniqsa yoshlar tarbiyasiga katta zarar yetkazmoqda.

Jamoatchilik nazarida o’rta va oliy o’quv yurtlar saviyasi tushib, savodsizlik, jamiyatda tubanlashish kuchaymoqda.

So’ngi yillarda Qirg’iziston maktablarida darsliklar taqchilligi dolzarb masalaga aylangan, ayniqsa o’zbekzabon o’quv yurtlarida muammo keskin tus olgan.

“Hozirda biz maktablar 65-70 foiz darsliklar bilan ta’minlangan deymiz. Lekin bu darsliklar o’quvchilarning ota-onalari tomonidan olingan",- deydi muallimlardan biri.

"Maktab kutubxonalarining fondlari esa faqat 40-50 foiz darsliklarga ega. Ayrim maktablarda undan ham oz. Yuqori sinflar darsliklari juda katta muammo bo’lib turibdi. Bugungi kunda kitoblar qimmat. Har bir oilaning 3-4 farzandi maktabda o’qiydi. Har biriga darslik olib, to’liq ta’minlash qiyin”. .

Kitob-daftar qimmat. Bir oilada 3-4 bola o'qishga borishi kerak.

Kitob-daftar qimmat. Bir oilada 3-4 bola o'qishga borishi kerak.

“Hozirgi kunga kelib sifatliroq kitoblar chiqmoqda. Ammo ichidagi mazmunida kamchiliklar ham bor. Biz bilim berishda osondan murakkabga intilishimiz kerak. Ba’zi bir yangi darsliklar murakkabdan boshlanib ketayapti. 3-4-chi sinf matematika kitoblarida hattoki o’qituvchini qiynab qo’yadigan chalkashliklar bor”, - deydi yana bir muallim.

O’sh shahar ta’lim boshqarmasining bildirishicha, qirg’iz maktablari darsliklar bilan 63 foiz ta’minlangan bo’lsa, rus va o’zbek maktablarida bu ko’rsatkich undan ikki barobar oz.

Qirg'in paytida odamlar maktablarga yashirinib jon saqlagan

Qirg'in paytida odamlar maktablarga yashirinib jon saqlagan

O’zbekzabon o’rta ta’lim muassasalari darsliklar taqchilligini bir qadar yumushtish maqsadida qo’shni O’zbekistondan olib kelingan eski kitoblardan foydalanib turgan edi. O’tgan yil ushbu darsliklar Qirg’iziston ta’lim tamoyillariga to’g’ri kelmasligi aytilib maktablarda man etilgan.

O’quv kitoblari taqchilligini bartaraf etish maqsadida 13 yil muqaddam O’shdagi sobiq qirg’iz-o’zbek universiteti (hozirda sotsial universitet) qoshida o’zbek maktablari uchun darsliklar yaratish markazi tashkil qilingandi.

O’tgan muddat davomida ushbu markaz boshlangich sinflar uchun darsliklar yaratib, chop etgan. Ammo yuqori sinflar ehtiyoji qondirilmagan.

Tursunboy Komilov ushbu markazda uzoq yillar faoliyat ko’rsatgan.

O'tgan yilgi qirg'inda bir necha maktablar yonib ketgan

O'tgan yilgi qirg'inda bir necha maktablar yonib ketgan

“O’zbek tili adabiyoti darsliklarini o’z kuchimiz bilan tayyorlamoqdamiz. Bu ishda bizga o’lkamizdagi, shahrimizdagi mutaxassislar jonkuyarlik qilib, qo’lidan kelganicha yordam ko’rsatmoqda",- deydi u.

"Tayyorlangan darsliklarni biz ta’lim vazirligiga yuboramiz. U yerda kitoblar tasdiqlangach chop etiladi. Boshlangich sinflar uchun 45 darslik, yuqori sinflar uchun esa 25 darslik chiqarilib tarqatildi. Hozir darsliklar bilan to’liq aynan boshlangich sinflar ta’minlandi, desak bo’ladi. Yana bir muammo – ta’lim vazirligida o’zbek tilidagi darsliklarini yaxshilab o’qib, mazmunini tahlil qiladigan mutaxassislar yo’qligi”.

Vaziyatni o’ngnash uchun nima qilish darkor?

“Birinchi navbatda maktablar, maorif xodimlari, ziyolilar ushbu masalani qanday yechish yo’llarini izlashlari kerak. Ko’p yig’inlarda bu haqda so’z olib boramiz. Ammo aniq qadamlar, aniq harakatlar juda oz. Maorif masalasi – birinchi darajali masalalardan bittasi”, - deydi o’shlik tahlilchi Odiljon Obidov.

O'sh maktablarida

O'sh maktablarida

“Hozirda o’ndan oshiq tayyor kitoblarimiz bor. Agar yetarli mablag’ ajratilsa, ikki yil ichida bemalol barcha darsliklarni chiqarsak bo’ladi. Bu yil darsliklar chop etish uchun davlat yirik mablag’ ajratganmish. Shu pullar tegib qolsa, juda ko’p kitoblar nashrdan chiqadi”, - deydi Tursunboy Komilov.

Davlat idoralari Qirg’izistonda darsliklar yetishmasligi barcha o’quv yurtlari uchun jiddiy masala bo’lib qolganini aytadi. Shuningdek, bu muammo hukumat nazoratida ekanini ta’kidlashadi.

Yaqinda Qirg’iziston ta’lim vaziri Qanat Sadiqov mamlakat o’rta maktablarida kitoblardan foydalanish uchun ma’lum to’lov kiritish taklifi bilan chiqdi. Mulozim to’plangan mablag’ yangi darsliklar chiqarish uchun sarflanishini aytdi. Ammo nodavlat tashkilotlar ushbu tashabbus fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga zid ekanligini ta’kidlamoqda.

Maktablarda kitoblardan foydalanish uchun to’lovlar bir vaqtlar Qirg’izistonda ma’lum muddat amalda bo’lgan, ammo keyin bekor qilingan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG