O’zbekiston Qirg’izistonga qanday yordam berishi mumkin?

  • Amerika Ovozi

Qanday yordam kerak, deganda chegarani ochish, madaniy, ma'rifiy aloqani yaxshilash, mehr-oqibat eng ko'p tilga olinadi

Qanday yordam kerak, deganda chegarani ochish, madaniy, ma'rifiy aloqani yaxshilash, mehr-oqibat eng ko'p tilga olinadi

O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi munosabatlar mintaqada murakkabligi bilan ajralib turadi.

Iyun oyida Qirg’izistondagi zo’ravonliklardan qochib chegaradan o’tgan yuz minglab etnik o’zbeklar qo’shni respublikada vaqtincha panoh topib, yordam olgan edi.

Rasmiy Toshkent mash’um voqealarni mustaqil ravishda tergov qilishga, haqiqiy javobgarlarni sudga tortib, jazosini berishga chaqiradi.

O’shda turmushini tiklashga urinayotgan o’zbeklar nazarida O’zbekiston ularga ko’p jihatdan yordam berishi mumkin.

Qirg’izistonning Jalol-Obod viloyati gubernatori Bektur Asanov qo’shni O’zbekistonda bo’lib, Andijon Davlat Universitetining Qirg’iz tili fakultetiga yordam, qirg’iz tilida darsliklar keltirgan.

Ikki qardosh o’lka o’rtasida azaldan tarang munosabatlar oxirgi yillarda ancha yengillagani aytiladi.

Rasmiy Toshkent Qirg’izistonga qaysi masalalarda yordam berishi mumkin? Janubiy Qirg’izistondagi o’zbeklar qo’shni davlatdan nimalar kutadi?

“Birinchidan, chegara ochilsa, qarindosh-urug’ bor u yerda. Bordi-keldi, ma’raka bo’layapti. Yo’l yopiqda! Ochish kerak”, - deydi o’shlik haydovchi Ikromjon.

“Yon qo’shni – jon qo’shni degan gap bor. Avvallari O’zbekistondan gazeta-jurnallar yetib kelar edi. Ma’naviyatimiz ham ancha yuksak edi”, - deydi muallima Mahliyo Husanova.

Ayniqsa, chegarada iqtisodiy, madaniy aloqalarga putur yetgan, deydi tahlilchilar.

“Hozir O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasida iqtisodiy bordi-keldi borday ko’rinadi. Lekin madaniy, ma’rifiy jihatdan aloqalar juda sust. Masalan, sovetlar paytida adabiy dekadalar bo’lib turardi. Ittifoq tarqalib ketgandan keyin hamma o’z aravasini tortayapti endi. Ikov davlatda san’atkor, artistlar, kino ahli o’rtasida bog’liqlik yo’q", - deydi u.

"Bu albatta mening fikrim, misol, madaniyat vazirliklari o’z xonasida qulflanib olganga o’xshaydi. Faqat shu katta, buyuk davlatlar ketidan yugurayotgandaymiz”, - deydi yozuvchi Hamidulla Abdullayev.

Adibning aytishicha, adabiy, madaniy rishtalarni tiklash uchun avvalo hukumatda tegishli vazirlar, mas’ul kishilarga aniq topshiriq berilishi kerak.

“Prezident qattiq turib bersagina ishlar bajarila boshlaydi. Avval teatrlar, shoir va yozuvchilar bir-biridan xabardor bo’lib turar edi”, - deydi adib.

O’shlik haydovchi Ikromjon chegarada oldi-sotdini qayta yo’lga qo’yishsin, deydi.

“Oldinlari chegarada o’zbeklar chiqib, savdo qilib turardi. Bozor baribir odamlarni bir-biriga suyab qo’yadi. Meva-cheva, ko’kat shu O’zbekistondan chiqar edi. Sezoni bo’lgani zahoti bozorda paydo bo’lardi. Hozir hech chiqmay qo’ygan. Narsalar qimmat. Chegarani ochsa, yana mahsulot serob bo’lib turardi”, - deydi Ikromjon.

Iyun oyidagi voqealardan keyin maktablarning o’zbek bitiruvchilari uchun oliy ma’lumot olish masalasi qiyinlashgan.

Qator o’zbek universitetlari yopilgan yoki nomi, mavqeini o’zgartirgan.

O’sh Davlat Universitetining O’zbek tili fakulteti tarqatilib, Qirg’iz tili kulliyotining bir bo’limi bo’lib qolgan.

Qirg’izistonlik o’zbeklar O’zbekiston munosabatiga alohida e’tibor bilan qaraydi.

“O’zbeklarning bir qismi shu yerda yashayapti. Bizga e’tibor bermaydigan bo’lsa, ya’ni qo’shning och tursa, sen to’y-tantana qilib, ko’z yumsang, Allohga ham to’g’ri kelmaydi bu. Lekin o’tgan safar xursand bo’lganimiz - Moskvada bo’lgan katta majlisda Karimov o’zbeklarni himoya qilib gapirgan. Odamning ko’ziga yosh keldi, bizni ham himoya qilib gapiradigan odam bor ekan-ku. Bitta shirin so’zning gadosi bo’lib qolganmiz o’zi”, - deydi o’shlik muallima Mahliyo Husanova.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG