Kuzatuvchilar: Qirg’iziston va O’zbekiston o’zaro ishonchni tiklashi kerak


Qirg’izistondagi mahalliy tahlilchilar nazarida, Bishkek-Toshkent munosabatlarida asosiy muammo bu darz keta boshlagan o’zaro ishonch muhitini qanday tiklashdan iborat. Qo’shni davlatlar o’rtasidagi nizolarni bartaraf qilish mintaqaviy tinchlik va birdamlik uchun zarur, deydi kuzatuvchilar.

Mutaxassislar o’zaro shubha-xavotirlarni chetga surib, tomonlar uchun salmoqli foyda beruvchi real ishlar bilan shug’ullanish maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi.

Taniqli qirg’iz siyosatshunosi, O’sh davlat universitetining professori Arap Anarbayevning aytishicha, hozircha tomonlar munosabatlarida manfaatlar ustuvorligi seziladi.

«Bas, Toshkent Qirg’iziston hamda Tojikistonga suv va yirik gidrostansiyalar qurilishi masalasida e’tiroz bildirayotgan ekan, o’zi ham qandaydir bir kompromisga borishi lozim, - deydi u. - Aytaylik, o’sha gaz masalasida ham biror kelishuvga erishsa bo’ladi-ku. O’zbekiston yirik regional mamlakat sifatida boshqalarni bosh qo’shtirib, mintaqada tinchlik, hamkorlik ishiga salmoqli hissa qo’shishi darkor. Qirg’iziston hamda Tojikiston ham mustaqilmiz, deb gerdayib turmasdan, so’zlashish yo’llarini topishi kerak».

Siyosatshunos fikricha, ikki tomonlama muzokaralar alohida ahamiyat kasb etadi.

Qirg’iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqov ham yuqori darajadagi ikki tomonlama so’zlashuvlar tarafdori.

«O’rtada dallolning keragi yo’q», - deydi u uchinchi bir mamlakat, masalan, Rossiya o’zaro muzokaralarda vositachi bo’la oladimi, degan savolga.

Iqtisodchi olim Alisher Yusupovga ko’ra, gaz masalasini (O’zbekiston shartnoma muddati tugagani bois Janubiy Qirg’izistonga tabiiy yonilg’i yetkazib berishni to’xtatgan) o’ta siyosiylashtirishning keragi yo’q. Ayrim qirg’izistonlik arboblarning javob tariqasida suv yetkazishni cheklashga chaqirayotgani masalaning yechimi emas, - deydi u.

Yusupov bunday masalalar faqat o’zaro muloqot yo’li bilan yechilishini ta’kidlab, prezident Atambayevning O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan uchrashganini bu yo’lda yaxshi qadam, deb hisoblaydi.

Tomonlar munosabatlarida yillar davomida to’planib qolgan qator muammolar mavjudligini eslatar ekan, ayni paytda Yusupov, ikki mamlakat prezidentlarining shaxsiy ishtirokisiz ularni yechish mushkul, deydi.

Shuningdek, unga ko’ra, Qirg’iziston tarafidan ham qo’shni tomonni tashvishga solayotgan masalalar, chunonchi, diniy sohada yuritilayotgan liberal siyosat oqibatlari xususida qoniqarli tushuntirish berilishi kerak.

Alisher Yusupov Bishkek va Toshkent ayrim dolzarb masalalarda umumiy til topa olmayotganida ayrim tashqi hamda ichki kuchlar ta’siri yo’q emas, degan fikrni soqit qilmaydi.

O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev iqtisodiy munosabatlarga urg’u beradi.

«Bizni yaqinlashtiradigan narsa – iqtisod, iqtisodiy masalalar. Hamkorlik bo’lsa, iqtisodimiz rivojlansa, boshqa tomonlarimiz ham o’nglanadi. Biz esa siyosatdan boshladik. Mustaqilmiz, o’zimiz hal qilamiz, deb. Qo’shni bilan yaxshi bo’lmaguncha, boshqalar bilan yaxshi bo’la olmaysan. Rahbarlarimiz, mintaqa mamlakatlari jipslashmaguncha, yaxshi munosabatlar qaror topmaguncha, iqtisodiyotimiz yuksalmaguncha, boshqa tomonlarimiz ham yaxshi bo’lmaydi», - deydi u.

Dolzarb masalalarni hal qilish yo’lida matbuotning o’z o’rni va ta’siri bor, ammo ommaviy axborot vositalarida yangrayotgan keskin bayonotlar, noxolis xulosalar va gij-gijlash ijobiy natija bermaydi, deydi qirg’izistonlik kuzatuvchilar mahalliy matbuotda Qirg’iziston- O’zbekiston munosabatlari xususidagi ayrim chiqishlarni sharhlar ekan.

Mutaxassislar barcha muammolarning yechimi borligiga ishonadi. Buning uchun ikki qardosh o’lka hamda butun mintaqaning tub manfaatlarini inobatga oluvchi mas’uluyatli uroda va siyosat lozim, deydi ular.

XS
SM
MD
LG