O’zbek mahallaga o’zbek imom, qirg’iz mahallaga qirg’iz imom?

  • Amerika Ovozi

"Har bri dindor, soqolli odamni terrorist deyish kulgili"

"Har bri dindor, soqolli odamni terrorist deyish kulgili"

Qirg’iziston ziyolilari fikricha, Bishkekda ro’y bergan inqilob va janubda yozgi etnik nizodan so’ng mintaqada rasmiy va norasmiy diniy tashkilot, guruhlar avvalgiday faol emas.

Hukumatlar masjidlar, islomiy oqim va kayfiyatni diqqat bilan kuzatmoqda.

Din masalalari bo’yicha taniqli tadqiqotchi Imonberdi Jalilov mulohaza yuritadi.

“Kommunistik rejim deymizmi, ateistmi, ularning mafkurasi bugungi kungacha o’z ta’sirini ko’rsatmoqda. Biz har tomondan kirib qolgan terminlarga urg’u berayapmiz. Masalan, “jamoat”, deyishadi. Bunda qandaydir bir tushuncha ko’rishadi. Aslida ushbu arab so’zida hech qanday salbiy ma’no yo’q", - deydi u.

"Boshqa bir misol, Rossiyaning Kavkazida milliy harakatlar bilan kurash maqsadida islomiy ekstremizm, islomiy terrorizm degan iboralarni qo’llashadi. Bizning Qirg’iziston matbuotida ham Rossiya va Yevropa matbuotiga xos bunday terminlar ko’p ishlatilmoqda. Har bir soqolli odamni terrorist deb gumon qilishning o’zi kulgili”, - deydi Jalilov.

O’zbek mahallaga o’zbek imom, qirg’iz mahallaga qirg’iz imom?

O’zbek mahallaga o’zbek imom, qirg’iz mahallaga qirg’iz imom?

Mutaxassislar diniy o’quv yurtlar ko’payib borayotganiga e’tibor beradi. Nafaqat rasmiy, balki qayddan o’tmagan mulla va otinlarda saboq olish hollari keng o’rin olgan.

O’sh viloyatidagi masjidlardan birining imomi deydiki:

“Qirg’izistonning har bir shahri yoki tumanida bir necha madrasalar bor. Mana shu o’quv yurtlari faoliyatini yaxshilash kerak. Islomni haqiqiy, pok holatda yoshlarga yetkazish darkor. Ularning diniy savodini oshirishimiz lozim”, - deydi imom.

Din ishlari bo’yicha davlat komissiyasining sobiq yetakchisi, hozirda tahlilchi Shamshibek Zakirov bolalar avvalo dunyoviy ilmni o'rgansin, deydi.

“Juma namozlariga qatnashayotganlarga nazar solingda. Maktab yoshidagi bolalar ko'p. Ular darslarini tashlab kelgan. Bolalarimizga yaxshi, dunyoviy ta’lim bermasak, ertaga malakali shifokorlar, muhandislar, boshqa mutaxassislarni qayerdan olamiz?”- deya so'raydi Zakirov.

Oxirgi paytlarda, ayniqsa, janubiy Qirg’izistonda masjid imomlari almashtirilmoqda. Diniy tashkilotlar nomlari milliylik ruhida o’zgartirilayotgani haqida xabarlar bor. Ayrim tahlilchilar ushbu o’zgarishlar islomni milliylik bilan uyg’unlashtirish uchun qilinayapti, deydi.

Dinshunos Imonberdi Jalilov esa:

“Imomlarni almashtirish doimo bo’lib kelgan narsa", - deydi.

"Ularning ko’pida diniy savodxonlik yetishmaydi. Iyun voqealaridan so’ng yana bir salbiy ko’rinish paydo bo’ldi. O’zbek mahallalarida o’zbek imom bo’lsin, qirg’iz mahallasida esa qirg’iz imom qabilida”.

Ayni paytda Imonberdi Jalilov diniy muassasalar xodimlari haq-huquqlarini ta’minlash darkorligini aytadi.

"Islomiy uyushmalar “Qirg’iziston musulmonlari diniy boshqarmasi” taqiqiga qaramay, siyosiy jarayonlarga jalb qilib kelingan edi shu paytgacha. Hozirda din arboblari siyosatga aralashmaydi".

Din ahli o'z navbatida davlat idoralari bilan aloqalarni mustahkamlash niyatida.

O’zbek mahallaga o’zbek imom, qirg’iz mahallaga qirg’iz imom?

O’zbek mahallaga o’zbek imom, qirg’iz mahallaga qirg’iz imom?

Huquq tartibot tizimlari so’nggi oylarda noqonuniy diniy tashkilotlar faollashganini xabar qiladi. Ba'zi kuzatuvchilar bu da’volarga qo’shilmaydi.

“Hozirda turli noxush hodisalarga, aytaylik, portlashlarda diniy tashkilotlarni gumon qilishadi. Aslida, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni yo’lga qo’yish kerak. Haqiqiqy aybdorlarni topish lozim”, - deydi ekspert Imonberdi Jalilov.

Shamshibek Zakirov esa Qirg’izistonda norasmiy diniy tashkilotlar yashirincha ishlashga o'tganini aytadi.

Qirg’iziston musulmonlari diniy boshqarmasi”tashabbusi bilan oxirgi yillarda islom qadriyatlarini da’vat etish avj olgan.

Ammo bu ayrim davlat idoralari qarshiligiga uchrab keladi. Kuni-kecha O’sh shahar rahbariyati ham da’vatchilar faoliyatini cheklashni taklif qilgan.

Taklif din xodimlari va mutaxassislar orasida turli munozaralarga sabab bo’lgan.

Ayrimlar diniy ta'rg'ibot, da’vatlar qadriyatlar, ayniqsa, ahillik g’oyalarini yoyishda samara berishini aytadi.

Rasmiylar da’vat qiluvchi odam o’ta bilimdon va har tomonlama tayyorgarlikdan o’tgan bo'lishi kerak, deydi.

Qirg’izistonda har yili ko’zga tashlanayotgan yana bir jihat – islomiy tashkilotlarda janjallar, o’zaro ayblovlar. Jumladan, haj amalini uyushtirish masalasida. Bunga jamiyat ham, dindorlar ham qo’nikib qolganday.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG