“Muvaqqat hukumatga umuman ishonch qolmadi”


Qirg’iziston muvaqqat hukumati mamlakat janubidagi xunrezliklarga ayrim kuchlarning provokatsiya-ig’vosi sabab bo’lgan demoqda. Lekin mahalliy o’zbeklar nazarida hukumat kuchsiz, davlatni boshqarishga ojiz va katta xatolarga yo’l qo’ygan.

“7 apreldan keyin yangi hukumat haqiqatan yangilik olib keladi deb o’ylagan edim. Lekin bu voqealarni ko’rib juda ko’nglim sovib ketdi. Vaqtli hukumat juda sekin ishlamoqda.Bunaqa kutib turishni jinoyat deb hisoblayman. Sud oldida javob berishi kerak rasmiylar. Azimbek Benkazarov degani bor, endi o’zbek mahallalari bo’ylab yurib, kelinglar postlar qilaylik, deyapti ekan, yarim o’zbek-yarim qirg’iz bo’lsin deb. Endi harakatga tushgan. Buni “davno” qilish kerak edi. O’shda, Jalolobodda o’sha ishni qilish kerak edi. Hukumatga hech ishonch qolmadi-da".

"Hukumatning o’zida o’zbeklarga qarshi qandaydir husumat borligiga ishonmayman. Menimcha hammasi rasmiylarning zaifligidan bo’layapti. Kuchli bo’lganida ruslarni yordamga chaqirmagan bo’lardi. Mana O’shni kuydirib, yondirib bo’ldi. O’ladigani o’ldi”.

“Bundan tashqari hukumatda ham ministrlar kuzda bo’ladigan saylov oldidan, referendum oldidan boshi qotib qolgan edi. Boshqa ishlarga e’tibor bermay qo’yishgan. Iloji boricha saylovda yutib olsam, parlamentda joy olib olsam deb. Oddiy xalqdan uzoq bo’lib qolgan bular. Ana, Roza Otunbayeva aytayapti, bu voqealarning bo’lishidan xabarimiz bor edi, 20 iyunda bo’ladi deb o’ylagandik, oldinroq bo’lib ketdi, deb. Uyatda bunaqa gaplarni gapirish. Oldindan qandaydir kontr choralarni ko’rish kerak edi”.

“Oddiy aholi uchun hukumat vakillari bilan ko’rishish u yoqdan tursin, hatto televideniye orqali ko’rish imkoni yo’q. Tag’in chora-tadbirlar ko’rilayotgani haqida gapiradi. Hammasi yolg’on. Mahalliy hukumat deb aytayapmiz, uning o’zi yo’q. “Absolyutno bezdeystvuyet”. Aybdor mana shular. Mudofaa vaziri lavozimini bajarayotgan Ishoq Ismoilov hozir televizorda unday-munday dedi – gapida mazmun yo’q. O’shda vaziyat yengillashdi, deyapti. Lekin odamlarni qirib-otishayapti-ku. Muvaqqat hukumat yo’q. Voqealar atayin uyushtirilgan. Televideniyeda umuman yolg’on. Televideniyeda qirg’in aholini junbushga keltiradigan so’zlar aytib, provokatsiya qilayapti. O’zlari sabab bo’layapti. Biz qo’limizda qurol bo’lganida birovning yordamiga muhtoj bo’lmasdik. Davlat o’zi genotsid qilayapti”.

XS
SM
MD
LG