Qirg’iziston etnik zo’ravonlikni tergov qilishga va’da bermoqda

  • Amerika Ovozi

Qirg’iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva qonli mojaroni puxta tekshirishga va’da bermoqda. Hisoblarga ko’ra, qirg’iz-o’zbek ziddiyati ikki ming odamni hayotdan olib ketgan.

Otunbayeva AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Robert Bleyk (Blake) bilan uchrashib, har bir jinoyatni sinchiklab ko’rib chiqamiz, degan. Bu – xalqaro maydonda o’tkazilajak tergovning tarkibiy qisimi bo’lishi kutilmoqda.

“Muvaqqat hukumat ishonch va xavfsizlikni tiklashi kerak. Shunda qochqinlar, uy-joyini tashlab chiqqan insonlar ortga qayta boshlaydi”, - deydi Rober Bleyk.

Biroq chegarada jon saqlayotgan minglab o’zbeklar Qirg’izistonga qaytishdan bosh tortmoqda.

“Qirg’in takrorlanishidan qo’rqamiz, qirg’iz armiyasi bizni himoya qila olishiga ko’zimiz yetmaydi”, - deydi ular.

Ba’zilar mol-mulkini sotib, Rossiyaga ketmoqchi, boshqalar O’zbekistonga o’tish umidida.

Qirg’iziston harbiylari o’zbeklarni vatanga qaytishga undasa-da, aholi aynan zobitlarni ko’rib dahshatga tushmoqda. Yuzlab o’zbekning yostig’ini quritgan, xonavayron qilgan qirg’inda armiyaning aybi bor degan alamli da’vo kuchli.

Qirg’iziston muvaqqat hukumati rahbari Roza Otunbayeva esa janubda favqulodda holatni 25 iyunga qadar uzaytirmoqda.

O’shda qurolli kuchlar o’zbek mahallalari atrofidan barrikadalarni olib tashlashga kirishgan. Aholi qarshilik ko’rsatmay, aksincha yordam taklif qilmoqda. Lekin normal hayot qaytgunicha hali ancha bor deb umidsizlanayotganlar, yuragini hovuchlab turganlar talaygina.

27 iyun kuni yangi konstitutsiya loyihasi referedumga qo'yiladi. Yuzlab ming fuqaro ovoz berish imkoniyatiga ega bo'lmasada, hukumat jarayonni kechiktirmoqchi emas.

Bugun AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov telefonda qilgan muloqotida bu masala yuzasidan fikr almashgan. Ular nazarida referendum qachon o'tish-o'tmasligini belgilash Qirg'izistonning o'ziga havola. Lekin referendum xalqaro talablar asosida, oshkora va adolatli o'tishi shart va buni ta'minlash muvaqqat ma'muriyat bo'ynida.

Amerika va Rossiyaning pozitsiyasi shuki, qirg'in jabrdiydalariga yordam yetkazish va fojiani tergov qilishda xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib harakati qilish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG