Breaking News

Yog’in kam kelgan Qirg’izistonda dehqonga qiyin


Ekspertlar oqin suvni taqsimlashda davlat ta’sirini ozaytirish, mahalliy jamoalarga ko’proq erkinlik berish tarafdori.

Joriy yil Markaziy Osiyo mamlakatlari havzalarida suv sathi keskin pasaygani kuzatiladi. Mintaqa daryolarining yuqori qismida joylashgan Qirg’izistonda ham yog’ingarchilik bu yil kam bo’lib, tog’larda muzliklar ko’p erimagan. Shu sabab kelasi yil sug’orish uchun suv kamroq bo’lishi ehtimoli aytilmoqda.

Qirg'izistonda yog'ingarchilik kam keldi, dehqonga qiyin/Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:14 0:00
Yuklab oling

O’sh viloyat suv xo’jaligi boshqarmasi boshlig’i Ruslan Abibillayevning aytishicha, mavsumda, ayniqsa, bu yilgiday yoz juda issiq kelgan paytlarda, suvni iste’molchiga to’laqonli ravishda yetkazib berish qiyin bo’lmoqda.

“Daryolarda suv odatdagidan bir yarim hissa kam, suv omborlarida ham o’tgan yilgidan oz. Ma’lumki, suv zaxiralari yildan yilga kamaymoqda. Suvdan samarali foydalanish usullariga o’tishimiz kerak. Bu o’rinda xalqaro moliyaviy tashkilotlar ko’magida katta-katta kanallar yangilanyapti, tajriba qatori Botkenda tomchilab sug’orish ustida ish ketyapti. Qisqasi, kelajak zamonaviy texnologiyalarda”, - deydi O’sh viloyat suv xo’jaligi boshqarmasi boshlig’i Ruslan Abibillayev.

Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan suv xo’jaligi xodimi, faxriy Alisher Sotiboldiyev oqin suvni taqsimlash va undan foydalanishda davlat ta’sirini ozaytirish, mahalliy jamoalarga ko’proq erkinlik berish tarafdori. Uning nazarida o’z navbatida davlat suv inshootlarini zamonaviylashtirishga e’tibor berishi kerak.

“Suvdan foydalanuvchilar uyushmalarini ko’paytirish lozim. Ularga huquq berish joiz. Ular o’zlari xo’jalik masalalarini yechib, o’zlari nazorat qilishi kerak”, - deydi suhbatdosh. “Janubiy Qirg’iziston sug’oruv shoxobchalarining asosiy qismi “yer kanallari” va bu hol oqin suvning ko’p yo’qotilishiga olib kelmoqda”.

Alisher Sotiboldiyev ta’biricha, yer kanallari zamonaviy suv inshootlariga aylantirilsa, tejamkorlik, suvdan foydalanish madaniyati haqida so’z yuritishga hojat yo’q.

Qirg’iziston janubi, O’zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh bo’lib, ushbu hududda oqar suvdan foydalanishda hamkorlik ayniqsa muhim.

Ruslan Abibillayev so’zlariga ko’ra, bu yil qo’shnilar og’ir vaziyatdan chiqib olishi uchun Qirg’iziston tomoni Oqbura daryosidan Andijon viloyatiga ko’proq suv uzatdi, ular o’z navbatida Farg’onaga suvni ko’paytirish imkoniga ega bo’lishi uchun.

“Bir-birimizni tushunsak, vaziyatga qarab ish tutsak, hamkorlik qilsak, ahvoldan chiqsa bo’ladi. Bizning hududda qo’shni respublika bilan munosabatlar tig’izroq bo’lgani maqsadga muvofiq”, - deydi suhbatdosh.

Qirg’iziston rasmiylari Farg’ona vodiysida suv resurslardan birgalashib foydalanishni yo’lga qo’yishda xalqaro tashkilotlar ko’magidan mamnun. Shveysariya taraqqiyot agentligi loyihasi bir necha kanalda suvni tejash, to’g’ri taqsimlash, boshqaruvga zamonaviy texnikani tatbiq etishni ko’zda tutadi.

Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston hududlarini kesib o’tuvchi daryolar resurslaridan birgalikda foydalanish borasida alohida dastur mavjud. Suv talashishning oldini olish maqsadida yaqinda Qirg’iziston-Tojikiston chegara hududlarida gidropostlar tashkil qilingan. Bunday postlar suvni to’g’ri taqsimlashga ma’sul.

Qirg’iziston tarafi ko’pdan beri qo’shni o’lkalar O’zbekiston va Qozog’istonga suv inshootlari, suv omborlarini saqlash, ishlatish va ta’mirlashga hissa qo’shishni taklif qilib keladi.

“Masalan, Qirg’izistonning shimolida “Chuy-Talas” deb nomlangan dastur mavjud. Qozog’iston tomoni Qozog’istonga suv yetkazib beruvchi kanallar va suv omborlari faoliyatini ta’minlashga moddiy hissa qo’shmoqda. O’zbekiston bunday yo’lga bormayapti. Borishi kerak. Bu masalada siljish yo’q. Lekin kelajakda baribir shu usulga o’tish lozim”, - deydi Abibillayev.

Alisher Sotiboldiyev fikricha, suv masalalari va muammolari bilan aynan mutaxassislar shug’ullanishi lozim. Suhbatdosh nazarida ushbu masalalarda siyosatchilar ustun kelishi turli siyosiy o’yinlar hamda ehtiroslarga sabab bo’lishi tayin.

Qirg’izistonlik ekspertlarning ta’kidlashicha, mintaqada oqar suvdan ham, ichimlik suvidan ham tejamkor, oqilona foydalanish vaqti keldi. Ushbu ne’mat borasida davlatlararo masalalarni esa faqat muzokaralar yo’li bilan, tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda, xalqaro tajribaga tayanib yechishdan boshqa yo’l yo’q.
XS
SM
MD
LG